Allo, bu favqulodda vaziyatlar xizmatimi?..
Samarqand shahridagi xonadonlardan birida yolg‘iz istiqomat qiluvchi keksa ayol qozonga ovqat solib, o‘zi do‘konga chiqadi. Ammo qaytib kelganida eshikni ocha olmaydi, kalit uyda qolgan.
Xavfli vaziyat - agar vaqt boy berilsa, yoniq holda qolgan gaz plitasidan yong‘in chiqib, nafaqat o‘z uyi, balki binodagi boshqa xonadonlar ham zarar ko‘rishi mumkin. Qo‘shnilar tavsiyasi bilan favqulodda vaziyatlar xizmatiga qo‘ng‘iroq qilindi.
— Murojaatdan keyin voqea joyiga navbatchilik guruhi yetib bordi, - deydi viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi navbatchi dispetcherlik xizmati xodimi To‘xtamurod Hafizov. – Maxsus texnikalar yordamida eshik ochilgach, xonadon is gazi va yong‘in xavfsizligi bo‘yicha nazoratdan o‘tkazildi. Agar fuqaro vaqtida qo‘ng‘iroq qilmaganida vaziyat ayanchli yakun topishi aniq edi. Faoliyatimizda bu kabi holatlar ko‘p uchraydi.
«1050» qanday raqamligini bilmaydiganlar bor
Yaqinda Samarqand tumani hududidagi Qorasuv massivida joylashgan ko‘p qavatli uylardan biriga lift orqali ko‘tarilayotgan bir guruh fuqarolar uskuna ichida qamalib qoladi. Yarim tun, ularning baqir-chaqirini eshitadigan odam yo‘q. Aksiga olib, liftning favqulodda aloqa tugmasi ham ishlamaydi. Ularni ertasi kuni qo‘shnilardan biri payqagan va darhol favqulodda vaziyatlar xizmatiga xabar bergan.
Qutqaruv guruhi ularni liftdan chiqarib, birinchi tibbiy yordamni ko‘rsatgan. Biroq liftda qolgan 3 kishining barchasida qo‘l telefoni bo‘la turib, birortasi favqulodda vaziyatlar xizmatiga qo‘ng‘iroq qilishni o‘ylab ko‘rmagani achinarli. Agar bilishganida ular shu kunning o‘zidayoq qutqarilardi, asosiysi, hayotlari xavf ostida qolmasdi.
— Dispetcherlik xizmatimiz 101 hamda 1050 qisqa raqamlari bo‘yicha qo‘ng‘iroqlarni qabul qiladi, - deydi To‘xtamurod Hafizov. – Biroq ularga adashib teruvchilar ham ko‘p. 8 yillik faoliyatim davomida bunga o‘rganib ketganman. Ko‘p hollarda fuqarolar ularni aloqa operatorlarining raqami bilan adashtiradi. Elektr energiyasi yoki gaz ta’minotidagi uzilishlardan shikoyat qilib chiquvchilar ham bo‘ladi. Biz hech bir murojaatni e’tibordan chetda qoldirmaslikka va «ega»lariga yetkazishga harakat qilamiz.
Boshqarmadan olingan ma’lumotga ko‘ra, birgina joriy yilning birinchi choragida viloyatimizdan dispetcherlik xizmatlariga 1900 dan ortiq murojaat bo‘lgan. Shundan 271 tasi yong‘in, 239 tasi qutqaruv xizmatlari bo‘yicha. 1403 tasi esa fuqarolarning ma’lumot so‘rab yoki boshqa maqsadlarda qilgan murojaatlari hisoblanadi.
«Siz ishlayapsizmi, biz esa dam olyapmiz»
Favqulodda vaziyatlar xizmatining qisqa raqamiga adashib tushish ayb emasdir, ammo yolg‘on axborot berish yoki soha xodimlarini kalaka qilib, tarmoqni band qilish javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin. Aytaylik, siz dispetcherlarga biror joyda yong‘in bo‘lyapti, deb yolg‘on xabar berdingiz. Tabiiyki, sizning ovozingiz yozib olinadi va ish huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan ko‘rib chiqiladi. Bunda siz ham qonunbuzarlik uchun javob berasiz, ham maxsus texnika va xodimlarni harakatga keltirish uchun ketgan xarajatlarni qoplaysiz.
Suhbat chog‘ida dispetcherlar ayrim yoshlarning tezkor raqamga ularni kalaka qilish uchungina qo‘ng‘iroq qilayotganini yashirib o‘tirishmadi. Ijtimoiy tarmoqlarda trendga chiqqan qiliqlardan biri: 24/7 rejimida ishlovchi tizimlarga qo‘ng‘iroq qilib, «Siz ishlayapsizmi, biz esa dam olyapmiz», deya kulgi uyg‘otish. Nazarimizda, bu kulgili emas, aksincha, faoliyat turi insonlarning hayotini saqlab qolish bo‘lgan soha xodimlariga hurmatsizlikdir.
Ma’lumot uchun, birgina shu dispetcherlik xizmatida har kuni 2 kishi 24 soatlik navbatchilik asosida mehnat qiladi. Bundan tashqari, viloyatda 30 dan ortiq favqulodda vaziyatlar bo‘limi bo‘lib, ularda ham tezkor navbatchi dispetcher faoliyat yuritadi. Ya’ni, siz «1050» qisqa raqamini terganingizda viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga tushasiz. «101»ga qo‘ng‘iroq qilganingizda esa aloqa operatorlari qo‘ng‘irog‘ingizni sizga eng yaqin hududda joylashgan favqulodda vaziyatlar bo‘limiga yo‘naltiradi. Boshqacha aytganda, mingdan ortiq texnika va mutaxassislar kunu tun bizning xavfsizligimizni ta’minlash uchun shay holatda bo‘ladi. Va albatta, siz dam olayotganingizda ular mehnat qilayotgan bo‘ladi.
Nega «1050» AQShning «911» xizmatidek mashhur emas?
Xorij filmlarida maxsus xizmatlar faoliyati alohida mavzu hisoblanadi. Xususan, «911» Amerikada nimani anglatishini ko‘pchilik yaxshi bilsa kerak. U barcha maxsus xizmatlarni o‘zida jamlagan qisqa raqam bo‘lib, tizimda tegishli tayyorgarlikdan o‘tgan psixolog mutaxassislar faoliyat yuritadi. Mas’ullardan shu savolga ham javob olishga harakat qildik.
— Hozircha bizda barcha maxsus xizmatlar bilan bog‘lovchi yagona, integratsiyalashtirilgan qisqa raqam yo‘q, - deydi viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tezkor boshqaruv markazi boshlig‘i Akbar Ochilov. – Lekin bu yo‘nalishda ish olib borilmoqda. Yaqin kelajakda bizda ham shunday raqam bo‘ladi va u respublika bo‘yicha qo‘ng‘iroqlarni qabul qiladi. Xodimlarning tayyorgarligi masalasiga kelsak, tizimizda dispetcherlik faoliyatiga jalb qilinganlar ham maxsus tayyorgarlikdan o‘tib, xizmati davomida ham tizimli o‘quvmashg‘ulotlarida qatnashadi. Faoliyatimizda asosiysi, aniqlik va tezkorlik. Boshqa davlat idoralari bilan ham tezkor aloqa liniyalarimiz bor. Aytaylik, yo‘l transport hodisasi sodir bo‘ldi. U haqda xabar olingach, dispetcherlarimiz tezkorlik bilan tez tibbiy yordam, ichki ishlar va boshqa tizim idoralariga holat haqida xabar beradi.
Asqar BAROTOV.