Alloh taqvodorlarni yaxshi ko‘radi

Islomda olijanob axloqning eng muhim tushunchalari ta’riflanib, insoniyatni ularga amal qilish sari undaladi. Bular: ehson, kechirimli bo‘lish, sabr-toqat, rostgo‘ylik, shirinso‘zlik, ota-onani, o‘zidan katta yoshdagilarni hurmat qilish, or-nomus, sadoqat va boshqalardir.

Musulmonlar bir-birlarini yaxshilik va olijanob axloqqa chaqirishlari, nojo‘ya ishlardan qaytarishlari Alloh tarafidan farz qilingan. Islom axloqining asosida halollik va taqvo yotadi. Kimki jismoniy va ma’naviy pok bo‘lsa, unday kimsa axloqsizlik yo‘liga kirmaydi.

Allohdan taqvo qilish deganda inson Allohning jazosidan qo‘rqqan narsasida gunohdan saqlanishi, ehtiyot bo‘lishi tushuniladi. Ali ibn Abu Tolib (roziyallohu anhu): “Taqvo – Allohdan qo‘rqish, Qur’on ko‘rsatmasida yashash, oziga rozi bo‘lish va oxiratiga tayyorgarlik ko‘rish”, degan ekan.

Taqvo bu Allohga itoatda bo‘lib, osiy bo‘lmaslik, doim uning zikrida bo‘lib, unutmaslik va Unga shukr qilib, noshukrlik qilmaslikdir. Amallarini har bir vaqtda maxfiy va ochiqchasiga bajarish, chaqirig‘iga “labbay” deb javob berish bilan taqvo qilinadi. Zero, Alloh taolo bunday deydi: “Ey imon keltirganlar! Allohga haqiqiy taqvo ila taqvo qiling. Va faqat musulmon holingizdagina bu dunyodan o‘ting”.

Insonlar faqat taqvo bilan bir-birlaridan ortiqdirlar. Inson Parvardigori nazdida shaxsi yoki mol-davlati, husn-chiroy, nasl-nasab, shakl-shamoyil yoki terilarining rangi bilan emas, faqat taqvosi va toat-ibodati bilangina hurmatli bo‘ladi. “Albatta, sizlarning Alloh nazdidagi eng hurmatlilaringiz taqvodorrog‘ingizdir. Albatta, Alloh Bilguvchi va Ogohdir”.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan so‘radilar:

– Eng mukarram inson kim?

– Alloh taolodan eng ko‘p taqvo qiladigan banda! – deb javob berdilar.

Bandaning qay darajada taqvodorligi ham yolg‘iz Allohga ayon. Allohning kuzatuvchanligini his qilish zohiriy amallar ta’sirida emas, qalbdagi Allohdan qo‘rquv hissi bilan hosil bo‘ladi. Alloh taolo insonning qalbiga nazar soladi, ya’ni bandasiga qalbidagi yaxshilik yoki yomonlikka yarasha jazo-mukofot beradi. Qancha-qancha badavlat, boobro‘, kelishgan odamlar borki, qalblari huvillab yotibdi. Hech narsasi yo‘q, xokisor insonlar borki, qalblari taqvoga to‘la. Shuning uchun ham birovni kamsitish ulkan gunoh sanaladi.

Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) marhamat qiladilar: “...Odamlarni jannatga eng ko‘p kiritadigan narsa nima? Bu - Allohdan taqvo qilish va husni xulqlikdir”.

Manba: muslim.uz