Bog‘ibalandda “Anjir sayli” o‘tkazildi

Xabar berganimizdek, Samarqand shahridagi Bog‘ibaland mahallasida “Anjir sayli” bo‘lib o‘tdi. Sayil viloyat turizm boshqarmasi, "Agrobank" hamda “Uzun Agro Star” mas’uliyati cheklangan jamiyati hamkorligida tashkil etildi.
- Birinchidan, sayil ushbu mevani yetishtirishni ommalashtirish, yo‘qolib ketayotgan noyob turdagi anjir ko‘chatlarini ko‘paytirishga xizmat qilmoqda, - deydi viloyat hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov. – Bog‘bonlarimiz tomonidan yangicha, in-vitro usulda yetishtirilgan 6 oylik ko‘chatlar bepul tarqatilyapti. Tadbirning yana bir ahamiyatli jihati, bugungi kunda turizm maskaniga aylangan Bog‘ibalanddagi anjirzorda o‘tkazilayotgani. Sayilda turli mamlakatlar kelgan sayyohlar ham ishtirok etyapti.
Tadbirda "Agrobank" ekotizimidagi “Agrolab” va “Agro In Vitro” loyihalari, shuningdek, Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti xodim va mutaxassislari faol ishtirok etdi. Qatnashchilar anjir va undan tayyorlangan sharbat, murabbo hamda turli milliy va Yevropa taomlaridan tatib ko‘rdi. Ularni tayyorlash jarayonlari bo‘yicha mutaxassislar tomonidan maxsus mahorat darslari tashkil etildi.
- “Uzun Agro Star”ning asosiy yo‘nalishlari anjir va xurmo yetishtirish, qayta ishlash, qadoqlash, eksport qilish hamda agroturizmni rivojlantirishdan iborat, - deydi loyiha ofisi rahbari Muzaffar Hayitboyev. - Kompaniyaning ixtisoslashgan hududi sifatida Surxondaryo viloyatining Uzun tumani, shuningdek, Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on va Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanlari qamrab olingan hudud sifatida biriktirildi. Agroturizmni rivojlantirish va milliy brendni ommalashtirish maqsadida hududlarda turli madaniy ma’rifiy tadbirlar, seminar va sayillar o‘tkazilmoqda. Jamiyatimiz tomonidan 200 ming xonadonga 2 million dona ko‘chat yetkazib berish rejalashtirilgan bo‘lib, shundan bugungi kunga qadar 444 ming dona xurmo va anjir ko‘chatlari tarqatildi. Shuningdek, “Fermerlar maktabi” onlayn platformasi orqali 470 nafar fuqaro bilim va sertifikatga ega bo‘ldi. Hamkorlik qilish uchun turkiyalik agronomlar jalb etildi. 25 gektar maydonda intensiv bog‘lar tashkil etildi.
Kelgusidagi Xitoy tajribasi asosida issiqxonalarda anjir yetishtirish, Yaponiya usulida xurmodan mayiz va chipslar tayyorlash, “Namunali bog‘ ko‘chasi” loyihasini amalga oshirish, 100 gektarlik zamonaviy agrokompleks majmuasi tashkil etish belgilangan.
To‘lqin Siddiqov,
Baxtiyor Mustanov (foto+video).