Alpomish va Qorajondan meros do‘stlikka hech qanday fitna soya sololmaydi

Doimgiday erta tongda xabarlar bilan tanishayotganimda qardoshimiz qoraqalpoq elining tinchligini, halovatini ko‘targan, oramizga nifoq urug‘ini sochishga urinayotganlar haqidagi noxush xabarga ko‘zim tushdi.
Bu holat nafaqat qoraqalpoq xalqini, balki do‘stligi, qardoshligi Alpomish va Qorajondan meros bo‘lgan, mashaqqatli, sinovli damlarda bir-biriga yelka tutgan o‘zbek xalqini ham tashvishga soldi. Bejizga emas, albatta. Buning sababini, ildizlarini ko‘rsatish uchun “Alpomish”dagi quyidagi fikrlarning o‘zi kifoya, nazarimda. Qorajon Alpomishni mehmon qilib turganida onasi Surxayl kampir Alpomish haqida so‘raydi. Shunda Qorajon quyidagicha javob beradi:
To o‘lguncha Yaratganga rost bo‘ldim,
O‘z fe’limdan cho‘pu xastdan past bo‘ldim,
Xudoni o‘rtaga qo‘yib do‘st bo‘ldim,
Kelgan mehmon sening o‘g‘ling bo‘ladi.
Xalq og‘zaki ijodi o‘tmishning ko‘zgusi. Bu haqiqatni hech qaysi davr, hech qaysi zamon inkor eta olmaydi. Ko‘rinib turibdi, bizning birodarligimiz jon bilan, iymon bilan. Yaratganning amri bilan bog‘langan. Dardimiz ham, shodligimiz ham bir bo‘lgan.
Erkin A’zamning “Tanho qayiq” dramasi bor. Bu asarni takror-takror o‘qiyman. Har safar o‘qiganimda yangi fikrlar, qarashlar tug‘ilaveradi. Ammo hamisha ruhim, tanim Orol boboning vijdon, iymon kalomi bilan urayotgan yuragi, teran nigohlari, zalvorli jumlalari qarshisida so‘zsiz qoladi. Ehtimol, Orol boboda bor bo‘yi bilan gavdalanadigan odamiylik aqlimni shoshirar. Lekin bir haqiqat ayon, birgina Orol bobo timsoli ortida butun qoraqalpoq elining mehnatsevarligi, matonati, ona zaminga bo‘lgan ehtiromi va muhabbati aks etadi. Bu balandparvoz gaplar emas. Minglab o‘zbeklar qatorida mening ham qoraqalpoq xalqiga bo‘lgan samimiy hurmatimining bir ko‘rinishi, xolos.
Yurtboshimiz yaqinda bo‘liib o‘tgan yoshlar bayramida “Men nafaqat o‘zbek xalqining, balki qoraqalpoq xalqining ham farzandiman” deya ta’kidladi. Darhaqiqat, bu sinovli vaziyatda prezidentning xalqiga bo‘lgan farzandlik sadoqati mehri va burchi yaqqol namoyon bo‘ldi.
Xalqimizning azaldan tinchlikka, osoyishta hayotga talpingan. O‘z mehnati bilan qo‘rg‘onini, mahallasini, diyorini va ko‘nglini obod qiladi. Bu kabi yaratuvchanlikni, shijoatni “hazm qila olmaydigan” gumrohlar esa har qadamda fitna hozirlaydi. Ishonamanki, bu “o‘yin”larda yoru birodarligimiz, ahilligimiz yanada chiniqaveradi. Mana shu sharqona tarbiya, sharqona usul aslida. E’tiqodimiz bir, tilimiz bir. Bizni hamisha ezgu maqsadlar, amallar birlashtiraveradi. G‘alamislar esa o‘zlari qazigan chohga o‘zlari tushaveradi.
Dilnoza Alimova,
Sharof Rashidov nomidagi
Samarqand davlat universiteti talabasi.