Amerikada ham mijozlari bor quroqchi
Sojida Yo‘ldosheva Nurobod tumanining Ittifoq mahallasidan, lekin tuman markazidan joy olib ishlaydi. Mijozlar bilan ishlash shuni taqozo etadi. Uning tikuvchiligi oddiy ko‘ylak, yo ko‘rpa-to‘shak tikishdan farq qiladi. Mijozlari ham faqat nurobodliklar emas, respublikamizning barcha viloyatlarida uning mahsulotlariga talab bor. Nafaqat mamlakatimiz, balki qo‘shni respublikalar, Rossiya, hatto Amerikadan u tikkan mahsulotlarni so‘rovchilar topilyapti. U bu tadbirkorlikni qanday yo‘lga qo‘ydi?
- Aslida 2004 yildan beri tikuvchilik qilaman, shu orqali ozmi ko‘pmi daromad topib kelganman, - deya gapirib beradi Sojida Yo‘ldosheva. – 2022 yildan boshlab esa 5 million kredit olib, tikuv mashinkalari sotib oldim va yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ish boshladim. Bunday yo‘l tutishimga sabab bor. Bundan bir necha yillar avval enam, ya’ni qaynonamning ko‘rpa-to‘shaklari orasida tikilishi boshqacharoq bo‘lgan quroq yostiqni ko‘rib qoldim. Ancha eskirib ketgan bo‘lishiga qaramay o‘ziga xos, chiroyli tikilganligi bilinib turardi. Shunga o‘xshatib tikib ko‘rmoqchi bo‘ldim, qarasam, yaxshi chiqdi. Bu bizda kam uchraydigan quroq tarzda tikilgan yostiqlar edi. Shunday quroq usulida ko‘rpachalar tika boshladim, xaridorlar ko‘paydi. Keyinroq shu usulda beshik yopinchiqlari, chimildiq, dasturxon, umuman, xonadonga kerakli bo‘lgan turli yopinchiqlarni tikishni yo‘lga qo‘ydik. Ijtimoiy tarmoqlarda “Sojida quroqlari” nomi bilan kanal ochdim. Turli viloyatlardan quroq ko‘rpacha va boshqa buyumlar buyurtma tusha boshladi. Bugun pochta xizmatlari yo‘lga qo‘yilgani uchun buyurtmalarni pochta orqali tarqatdik. Shuning uchun garchi o‘zimizning mahallamizdan joy ajratilgan bo‘lsa-da, ammo buyurtmalarni o‘z vaqtida yetkazib berishda ba’zi xarajatlarning oldini olish uchun tuman markaziga kelib ish boshladik. Agar kattaroq bino bo‘lganida yanayam ko‘proq ishchi olib, ishimizni kengaytirgan bo‘lardik. Chunki buyurtma ko‘p, ammo tikuvchilarimiz kam.
Ushbu usuldagi quroq buyumlarni tikishni onlayn o‘rgatishni yo‘lga qo‘ydim. Respublikamizning turli viloyatlaridan 15 ga yaqin xotin-qizlarga ma’lum mablag‘ evaziga onlayni kurslarimizni sotdik. Hozir AQSh, Fransiya, Rossiya va boshqa xorij davlatlaridan ham mahsulotlarimizga qiziqish bildirishmoqda.
Tadbirkor tikkan mahsulotlarni ko‘zdan kechirar ekansiz, ularning o‘ziga xos bo‘lgan naqsh va bezaklari e’tibortalab va ayni paytda zamonaviy ekanligiga guvoh bo‘lasiz. Ammo ushbu tadbirkor korxonasini kengaytirsa, yana qanchadan qancha qizlar hunarli, balki ishli bo‘larmidi. Vaholanki, yana ozgina turtki bo‘lsa, uning quroq buyumlari Nurobodning brendiga ham aylanishi mumkinku!
Gulruh MO‘MINOVA,
To‘lqin SIDDIQOV (video).