Amerikalik mutaxassisdan tajriba orttirgan 40 nafar o‘qituvchiga sertifikat topshirildi

“O‘qituvchi doim o‘zini kelajakka daxldor inson sifatida anglashi va shunga munosib izlanishda, harakatda bo‘lishi lozim. U izlanishdan to‘xtab qolishi mumkin emas. To‘xtasa, uning fani, har bir o‘tgan mavzusi o‘quvchi uchun ahamiyatini yo‘qota boshlaydi. Oqibatda o‘quvchining eng sevgan faniga ham qiziqishi so‘nadi, o‘rganishga intilishi yo‘qoladi...”

Bu AQShning Vermont shtati Charlotte Central maktabi o‘qituvchisi Allan Millerning fikrlari.

AQShlik mutaxassis Xalq ta’limi vazirligining taklifiga binoan Samarqand viloyati xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazida joriy yilning 28 yanvaridan 7 mart kuniga qadar samarqandlik o‘qituvchilarga ta’limda STEAM yondashuv va xalqaro baholash dasturlari bo‘yicha mahorat darslari o‘tdi.

Mahorat darslari, seminar-treninglar faqat hududiy markazning o‘zida emas, balki tumanlardagi umumta’lim maktablarida ham tashkil etildi. Unda viloyat xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazining professor-o‘qituvchilari hamda metodistlar faol ishtirok etib, STEAM yondashuv asosida darslarni tashkil etish bo‘yicha tajriba almashdi.

Joriy yilning 6 mart kuni Allan Millerning seminarlari yakunlandi. Uning mahorat darslarida faol ishtirok etib, bilimlarini oshirgan 40 nafar o‘qituvchiga sertifikatlar topshirildi.

Ushbu marosimda Samarqand viloyati xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi direktori A.Ibragimov so‘zga chiqib, amerikalik mutaxassisga chuqur minnatdorlik bildirdi.

Samarqand viloyati XTXQTUMO hududiy markazi axborot xizmati.