Amerikalik senator Lukashenkoga nisbatan sanksiyalar joriy etilishi bilan tahdid qildi

AQSh senatining xorijiy masalalar qo‘mitasi katta demokrati Robert Menendes Belarusda qayta saylov o‘tkazilishi yoki ovozlarni qaytadan hisoblab chiqilishini taklif qildi.

“Tramp ma’muriyati Belarus hukumati tomonidan yakshanba kungi saylov natijalari qayta hisob-kitob qilinmaguncha yoki xalqaro demokratik standartlarga javob beradigan saylovlar o‘tkazilmaguncha AQSh va Belarus o‘rtasida erishilgan ikki tomonlama yutuqlar besamar ekanligini aniq e’lon qilishi zarur”, - deyilgan Menendesning yozma murojaatida.

“Agar demokratiyaga nisbatan zo‘ravonlik va hujum davom etadigan bo‘lsa, AQSh va Yevropa Lukashenkoga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni zudlik bilan qayta tiklashiga ishonaman”, - qo‘shimcha qilgan senator.

U Belarusda bo‘lib o‘tgan saylovlarni “soxtalashtirilgan va fojia”, deb atadi.

Shu bilan birga AQSh prezidentligiga nomzod bo‘lgan, demokratchi Jo Bayden ham saylov natijalari shaffof hisob-kitob qilinishi zarur ekanligini ta’kidladi.

Litva Tashqi ishlar vazirligi rahbari Linas Linkyavichus bergan xabarga ko‘ra, Belarus prezidentligiga nomzod bo‘lgan Lukashenkoning asosiy raqibi Svetlana Tixanovskaya mamlakat hududini tark etgan va Litvaga kelgan.

“Svetlana Tixanovskaya xavfsiz joyda, u Litvada”, - deb yozdi Linkyavichus o‘zining Tvitter sahifasida.