Amerikaning 8 universitetida o‘zbek tili o‘qitiladi. Germaniyada-chi?
- Siz bir necha xorij oliygohlarida o‘zbek tilidan dars bergansiz. Bu jarayonlar qanday kechgani haqida so‘zlab bersangiz.
- Menga Germaniyada, Yaponiyada, Koreyada, Turkiyada, Amerikada ishlash nasib etdi. Turkiya bilan Yaponiyada to‘rt yildan, sakkiz yil faoliyat ko‘rsatdim. Xorijda o‘zbek tilini o‘rgatish oson emas. Faqat grammatikani o‘rgatish bilan ish bitmaydi. Tilni o‘rgatish jarayonida butun o‘zbek madaniyatini, tarixini, etnografiyasini, urf-odatlarini o‘rgatish kerak. Kompleks yondashish talab etiladi. Avval so‘zlashishni, yozishni o‘rgatasiz, keyin o‘zbek tilining sodda kursida darslar olib borasiz. Harfni tanitasiz, salomlashish, gaplashish… Shu tarzda sohalarni kengaytirib boraverasiz. Masalan, ta’lim, tarix, sog‘liqni saqlash, gigiyena, tabiat va hokazo. Talabaga o‘zbek tilida dunyoning lisoniy manzarasini ochishingiz kerak. U avval dunyoni o‘z ona tilisining «derazasi» orqali ko‘rayotgan bo‘lsa, endi dunyoning lisoniy manzarasini o‘zbek tilining ko‘zi bilan qaraydi. Har bir til uchun dunyoning lisoniy manzarasi bor. Har bir millat dunyoga o‘zining mentaliteti, dunyoqarashi, mafkurasi, tabiati va jo‘g‘rofiyasidan kelib chiqib qaraydi. Til jamiyatga mana shunday millionlab ko‘zga ko‘rinmas ip bilan bog‘langan. Siz talabaga ana shu iplarni bir-bir yechib berishingiz kerak. Xorijdagi ko‘plab universitetlarda o‘zbek tili tanlanma fan. Masalan, Berlin Xumboldt universitetida birinchi til turkcha, ikkinchi til o‘zbekcha. Osaka universitetida ham shunday. Bir kurs majburiy dars, ikkinchi kursdan ixtiyoriy, ya’ni tanlanma fan sifatida o‘qitiladi. Darsni yaxshi o‘ta olmasangiz, multimediadan foydalanmasangiz, qiziqish uyg‘ota olmasangiz hammasi bekor. Yetti kishidan kam talaba sizni tinglasa, bu dars qoniqarsiz hisoblanadi. Natijada, bir semestrdan keyin pattangizni qo‘lingizga berib, qaytarib yuborishadi. Shuning uchun chet elda o‘zbek tilini o‘rgatadigan o‘qituvchidan nihoyatda ko‘p narsa talab qilinali. Xorijda til o‘rgatadigan o‘qituvchi, o‘z ona tilidan tashqari, yana bir turkiy tilni yaxshi bilishi kerak bo‘ladi. Masalan, qozoq, uyg‘ur va hokazo. Turkcha bilsa, nur ustiga nur. Bularning barchasi o‘zbek tilini ommalashtirish uchun.
- Chet davlatlarda o‘zbek tilini o‘rgatish tizimi qanday? Bu qay tarzda amalga oshiriladi?
- O‘zbek tili dunyoda negadir kam o‘rganilgan tillar jumlasiga kiradi va shunday tillar jumlasida o‘rgatiladi. Yaponiyadagi Osaka, Tokio chet tillar universiteti, Koreyadagi Konkuk, Pusan, Berlindagi Xumboldt nomidagi universitetda Osiyo-Afrika tillari ichida o‘rganiladi. Kam o‘rgatilgan, kam tarqalgan til sifatida qaraladi. Nega? Necha ming yillik adabiy til an’anasiga, tarixga ega tilga bunday pozitsiyada qarash biroz g‘ururimizga tegadi, ammo nachora. O‘sha 130 yil davom etgan rus istibdodi davrida o‘zbek xalqi tashqi dunyo bilan aloqalari uzilib qolgan va muloqot faqat rus tilida bo‘lgan. Sovet davrida Moskva, Peterburg institutlaridan boshqa yerda o‘zbek tili o‘qitilmagan.
Bugun O‘zbekistonning mustaqillikka erishib, jahon hamjamiyatiga teng huquqli a’zo bo‘lib kirishi va istiqlol yillarida yurtimizda amalga oshirilgan islohotlar, o‘zbek madaniyati, tili, tarixini dunyoga tanitish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar o‘z mevasini berdi. Bugun Yaponiyaning 8 universitetida, Turkiyaning 18 (ilgari faqat Istanbul universitetida bo‘lgan), Amerikaning 8, Germaniyaning, adashmasam, 4 universitetida o‘zbek tili o‘qitiladi. Bular o‘zbek tilining dunyo hamjamiyatida obro‘si oshib, dunyo tilshunoslarining o‘zbek tiliga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotganidan dalolat beradi. Eng keyingi ochilgan o‘zbek tili va adabiyoti fakulteti Xitoydagi Millatlar universitetida. Bu yerda Toshkent davlat sharqshunoslik institutidan o‘qituvchilar borib dars berishadi. Millatlar universiteti har ikki yilda bir marta o‘zbek guruhiga ellik nafardan talaba qabul qiladi. Bularning barchasi o‘zbek tilining dunyoga yoyilib borayotganidan darak beradi.
Eski o‘zbek tili o‘rta asrlarda butun Sharqning umumiy adabiy tili bo‘lgan. Navoiy yaratgan til Oltin O‘rda, Volga bo‘yi, Sibir xonligi, Qrim xonligi, umuman Turkiyadan Mo‘g‘ulistongacha bo‘lgan o‘rta turk tili hisoblangan. Oltin O‘rda, Sibir, Qrim xonliklarining yorliqlariga, arxivlariga qarasangiz, barchasi eski o‘zbek tilida. Bu til shunaqa yoyg‘in, hammaga tushunarli edi. Ammo 130 yillik asorat bunga shunchalar katta ta’sir o‘tkazdiki, endi tilimizning qudratini qaytadan tiklash kerak.
- Buning uchun nimalar qilish kerak, deb hisoblaysiz?
- Buning uchun, avvalo, O‘zbekistonda chet elliklar uchun o‘zbek tili kitobining mukammal variantlarini yaratishimiz kerak. Masalan, Koreyaga borib koreys tilini o‘rganaman degan odamga ellik xil, Turkiyada turk tilini o‘rganish uchun yuzlab kitoblar, disklar bor. Bizda xorijliklar uchun yaxshi kitoblar kam. O‘zbekcha-inglizcha, o‘zbekcha-fransuzcha, o‘zbekcha-nemischa va hokazo lug‘atlarimiz 2000-3000 nusxada chop etilgan. Bu juda kam. O‘zbek tilini o‘rgatish uchun shunday ishlarni qilmasak, qolgan gaplar hammasi shiorlardan iborat bo‘lib qoladi. Amaliy ishlarga o‘tish davri kelgan. Tilimizning obro‘si uchun doim kurashamiz. Samarqand davlat universitetida O‘zbekcha o‘rgatish markazi (O‘O‘MAR) tashkil etmoqchimiz. Bu Turkiyadagi TO‘MAR (Turkcha o‘rgatish markazi), Yaponiyadagi Nixongo kabi til o‘rgatish markazi bo‘ladi. Xorijda til o‘rgatish markazlari tijoriy asosga qo‘yilgan. Bunday markazlarda har bir xorijlik, masalan, oyiga 100 dollardan to‘lab til o‘rganadi. Markazning sertifikatiga ega bo‘ladi va keyin ish boshlaydi. Biznes qiladimi, korxona ochadimi, talabalarga dars beradimi, avval davlatning rasmiy tilini o‘rganadi. Mana, men 46 yoshimda Yaponiyaga bordim va to‘rt oyda 2,5 mingta iyeroglifni yodladim. 46 yoshli odamga bu juda qiyin, lekin boshqa yo‘l yo‘q. Bu Turkiyami, Amerikami, barcha davlatda shunday. Tilga hurmat shu tarzda paydo bo‘ladi. Shunday standartlarni joriy qilishimiz kerak. Chet elliklar uchun malakali o‘qituvchilarni, kitoblarni, darsliklarni, lug‘atlarni tayyorlashimiz shart! Shu orqali o‘zbek tilining obro‘sini, nufuzini oshiramiz.
- O‘zbek tili nega aynan Amerika, Germaniya, Yaponiya, Koreya, Turkiya, Xitoy kabi davlatlardagina o‘rgatiladi? Bundan maqsad nima?
- O‘zbekiston bilan qaysi mamlakatning yaqin siyosiy, iqtisodiy diplomatik, strategik munosabatlari bo‘lsa, o‘sha davlatlarda o‘rganiladi. Har bir rivojlangan davlatning O‘rta Osiyo bilan manfaati bor. O‘rta Osiyo - javohirlar to‘la sandiq. Bunda O‘zbekiston markaziy o‘rin egallaydi. Qolaversa, atrofdagi beshta mamlakatda ham o‘zbek tili bemalol tushuniladi, keng qo‘llanadi.Demak, davlatlararo manfaatlar ularning tillarini o‘rganishni ham taqozo etadi.
- Yurtimizdagi o‘zbek tiliga munosabat haqida nimalar deya olasiz?
- Bugun ochiqcha aytish kerak. Nimaniki yashirsak, u gazak oladi. Bir haqiqat bor. «Davlat tili to‘g‘risida»gi Qonun qabul qilinganiga 29 yil bo‘ldi. Bu davr ichida biz o‘z tilimizni to‘laqonli davlat tiliga aylantira olmadik. O‘zbek tilini xohlagan odam o‘rganadi, xohlamagan o‘rganmaydi. Bunday holatda biz tilimiz orbo‘sini ko‘tara olmaymiz. Tilimizga bo‘lgan hurmatimiz haminqadar. Mana, masalan, Koreyaga yoki Amerikaga ishga ketish uchun avval uning tilini, tarixini o‘rganib, imtihon topshirib, shu tilni biladi, degan sertifikatni olib, keyin ketamiz. Ammo nega O‘zbekistonda yashab, O‘zbekiston fuqarosi bo‘lib, o‘zbek tilini bilmaymiz? Butun dunyoda davlatning rasmiy tili o‘rganilishga majbur! To‘g‘ri, Konstitutsiyamiz va «Davlat tili to‘g‘risida»gi Qonun fuqarolarning ona tilining erkin qo‘llanishini cheklamagan. Ammo davlat tiliga bo‘lgan hurmat bunday erkin va ixtiyoriy bo‘lmasligi kerak. Biz boqibeg‘amlik qildik. O‘zbekiston hududi o‘zbek tilining makonidir. Hyech bir rivojlangan davlatda boshqa bir til davlat tili bilan barobar qo‘llanilmaydi.
Tilning sofligini saqlash uchun ham kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqilishi kerak. Tilni avvalo o‘zimiz, har bir o‘zbek fuqarosi hurmat qilishi kerak. Yaqinda Vazirlar Mahkamasi «Davlat tili to‘g‘risida»gi Qonunning Toshkent shahridagi ijrosini nazorat qilish to‘g‘risida qaror chiqardi. Bu juda yaxshi. Buni Samarqandda va boshqa shaharlarda ham qo‘llash lozim.
- Yoshlarning so‘zlashuvda o‘zbek tiliga ruscha yoki boshqa tillarni aralashtirib so‘zlashiga qanday qaraysiz?
- Bu jamiyatimizdagi kamchiliklarning, biz kattalar yo‘l qo‘ygan xatolarning, tilga bepisandligimizning yoshlardagi aksi, davomi. Men ularni ayblay olmayman. Bu xatolarni biz qildik. Nega birorta yapon yapon tilini, birorta turk turk tilini buzib gapirmaydi? Germaniya, Koreyada yoki boshqa davlatlarda ham shunday. Chunki ular o‘z ona tiliga topinish darajasida qaraydi. Biz ham tilga shunday munosabatda bo‘lishimiz kerak. Buning uchun maktablarda, oliygohlarda ona tilini o‘qitish va targ‘ib qilish kuchayishi, qat’iylashishi, bir so‘z bilan aytganda, ona tilimiz kuchli himoya qilinishi zarur. Ommaviy axborot vositalarida ham til haqida chiqishlar faqat “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilingan kun arafasida emas, doimiy bo‘lishi maqsadga muvofiqdir.
Xoliyor SAFAROV suhbatlashdi.