Amir Temur arkining bosh darvozasini, unga tutash bo‘lgan mudofaa devorlarini qayta tiklash lozim
Yaqinda qadrdon gazetamiz sahifalarida shogirdim Otabek Boboqandov hammuallifligida Samarqand shahrining yaqin kelajakdagi rivojiga qaratilgan takliflarimizni yoritgan edik. Bitta maqola hajmida hamma fikrlarni aytib bo‘lmasligi sababli shahrimizning kechasi, buguni va kelajagi haqidagi o‘y-fikrlarim, me’moriy taassurotlarimni davom ettirish va o‘rtoqlashishga qaror qildim.
Bugun nafaqat Samarqand shahri, balki butun Respublikamiz viloyat va tumanlari, shahar va qishloqlari qurilish maydoniga aylangan. Qurilishlar tugamaydi, ansincha, kundan-kunga rivojlanib, yangi ijtimoiy ahamiyat va mazmun kasb etmoqda. Ilgari shaharlardagi qurilishlarni faqat davlat qurardi, hozir esa xususiy tadbirkorlar, ishbilarmonlar ham qurmoqda. Sobiq ittifoq davrida Samarqand shahrida faqat bitta yoki 2 ta bank (xalq banki va markaziy bank) bo‘lgan bo‘lsa, endi o‘nlab banklar bunyod etilgan va ettirilmoqda.
Sobiq ittifoq davrida Samarqandda 4 ta yoki 5 ta sanoat korxonasi ishlardi. Hozir esa ularning soni 10 tadan ziyod. Sho‘rolar davrida Samarqandda 2 ta 3 ta bozor bo‘lgan bo‘lsa, endi ularning soni 15 dan ziyod. Sho‘rolar davrida Samarqandda bor yo‘g‘i 2 ta park bo‘lgan bo‘lsa, hozirda shahardagi bog‘-parklar va xiyobonlarning soni 10 ga yaqin.
Avval hozirgidek litsey va universitetlar bormidi? Zamonaviy sport inshootlari, olimpiya zaxiralari, suzish havzalari, gimnastika zallarichi? Sportchilarimiz jahon arenalariga chiqa olarmidi? Chiqsa ham 1 ta yoki 2 ta edi. Bugun yoshlarimiz sportchiga aylangan, ular o‘z zafarlari bilan jahonni egallamoqda.
Bunday taqqoslashni davom ettirish mumkin. Bugun arxitekturaning turli yo‘nalishlari haqida alohida gapirish mumkin. Qarang, turar joy binolari me’morchiligi, jamoat binolari me’morchiligi, sanoat va ishlab chiqarish binolari me’morchiligi, yo‘l qurilishi va muhandislik inshootlari arxitekturasi, landshaft arxitekturasi va dizayni, shahar maydonlari va ko‘chalari dizayni, qishloq qurilishi arxitekturasi va hokazo.
Me’morchiligimizning qaysi sohasini olmang, ulardagi o‘ziga xos me’moriy yechimlar, binolar turkumini ko‘ramiz. Ya’ni, binolar alohida-alohida tarzda emas, balki me’moriy ansambllar va komplekslar tarzida qurilishi, imoratlardan tuzilgan gulchambarlar va ansambllar zanjirini ko‘ramiz, ko‘zimiz, dilimiz yayraydi.
Samarqandda qurilayotgan har bir bino (bu albatta, boshqa shaharlarga ham xos) o‘z kursisiga, o‘z ostonasiga, o‘z vujudi va badiiy tugallik qismlariga ega. Bu qismlarning o‘zaro mutanosibligi binolarning vizual arxitekturaviy yaxlitligini tashkil etmoqda.
Samarqand o‘ta fuqaroviy shahar. Shaharning har bir go‘shasi, shahar ko‘chalari, maydonlari, bino va inshootlar ko‘lami inson qomatiga, uning masshtabiga, fikri-zikriga mos va uyg‘un. Shaharda piyoda yurgan inson atrof-muhit mujassamligi, ekologiyasi, tozaligi, shahar landshafti va orastaligi bilan huzur qiladi, halovat oladi, o‘zi ham madaniy tarbiyalanadi. Chunki yuksak me’moriy madaniyat va did, sifatli shakllantirilgan landshaft dizayni elementlari, ayniqsa, gulzorlar, favvoralar, mo‘’jaz obodonlashtirish elementlari, tunggi chiroqlar, chiroyli to‘shamalar insonni tarbiyalaydi, unga zavq bag‘ishlaydi.
Sobiq ittifoq davrida hamma binolarni bir xil tipovoy loyihalar asosida qurish odatga, to‘g‘rirog‘i siyosatga aylangandi. Har yili yangi yil oqshomida ko‘rsatiladigan “Qushday yengil bo‘ling” nomli kinofilmni eslang. Unda o‘sha davr arxitekturasidagi bir xillik yaqqol aks ettirilgan. Uyning arxitekturasi ham, qulf-kaliti ham, mebellari ham bir xil.
Ammo bugun Prezidentimiz qurilayotgan har bir bino boshqasiga o‘xshamasin, boshqasining arxitekturasini o‘zida takrorlamasin. Ayni paytda, ularning foydalanishga qulay bo‘lishi, mahalliy qurilish va iqlim sharoitlari, milliy me’moriy an’analar va qadriyatlarimizning e’tiborga olinishini talab qilmoqda.
Tan olish kerak, Samarqandning tarixiy qismi hududida sobiq ittifoq davrida qurilgan ayrim binolar hozirgi davr arxitekturasining badiiy talablariga yarashmay qolgan. Bu Dahbet ko‘chasining “Afrosiyob” mehmonxonasi yonidagi chorrahadan boshlanadigan qismida, o‘ng tomonidan ko‘prikkacha ketma-ket joylashgan 2 va 3 qavatli eski yotoqxonalardir. Bular tarixiy shaharning zamonaviy shahar bilan bog‘lanish chegarasida joylashgan imoratlarki, ularni “Afrosiyob” mehmonxonasida joylashgan har qanday turistning ko‘rmasdan iloji yo‘q. Dahbet ko‘chasining quyi qismi, ya’ni ko‘prikdan sobiq bank kollejigacha qismi ozmi-ko‘pmi tartibga tushirildi, ammo ko‘rsatilgan qismi, ya’ni sayyohlar ko‘ziga tashlanadigan qismi nochor ahvolda, to‘g‘rirog‘i, Samarqand shahri arxitekturasi uchun qusurdir. Biz bu imoratlarni buzib yuborish tarafdori emasmiz. Biroq ularning hech bo‘lmaganda fasad, ya’ni tarzini zamonaviy ko‘rinishga, an’anaviylik va zamonaviylik arxitekturasining sintezi usulida ishlasa bo‘ladi.
Biz omadi chopgan insonlarmiz. Nima uchun? Chunki birinchidan, O‘zbekiston degan diyorda tug‘ilganmiz. Ikkinchidan, bugunning o‘zida ertangi kunimiz, kelajagimiz ravnaqini ko‘ra olamiz.
Ko‘p uchratamizki, ayrim jurnalistlar Samarqandga kelgan xorijiy sayyohlardan shahrimiz haqidagi taassurotlari bo‘yicha intervyu olishadi va ularning gaplaridan zavqlanadi. O‘zini hurmat qilgan har qanday xorijiy sayyoh shahrimiz haqida faqat yaxshi gaplarni aytadi, yomonlarini ichida saqlaydi. Shunday ekan, biz qachongacha o‘zimizni o‘zimiz aldab yuramiz. Qayer yaxshi va yomonligini bilib turib, o‘zgalardan so‘rashga ne hojat?
Yana bir fikr. O‘sha Dahbet ko‘chasining chap tomonida Amir Temur davrida uning ark-qal’asi joylashgan bo‘lgan. Hozirda u yo‘q, uning o‘rni qolgan xolos. O‘tgan asrning 70-80 yillarida arxeologlar ushbu joydan o‘sha ark-qal’aning mudofaa devorlari, burjlari va hammom binosining qoldiqlarini topgan. Ushbu joylar hozirda bo‘sh turibdi, qurilmagan. Shundan foydalanib, o‘sha mudofaa devorlarining qoldiqlari o‘rniga Amir Temur arkining bosh darvozasini, ya’ni (uni Registon bilan bog‘lovchi asosiy darvozasi) unga tutash bo‘lgan o‘sha mudofaa devorlari bilan qo‘shib qayta tiklasak, biz tarixiy shaharlardagi jahon me’morchilik madaniyatining eng yaxshi an’analariga mos tarzda ish qilgan bo‘lamiz. Ikkinchidan, Samarqand shahrining qadimiyligini, uning shohona arki bo‘lganligini jahon sayyohlariga ko‘z-ko‘z qilgan bo‘lardik. Jahonning eng ilg‘or arxitektorlarining ham fikri xuddi ana shunday bo‘lganligini biz Samarqandda 1980 yilda Ulug‘bek madaniy markazini yaratish bo‘yicha o‘tkazilgan halqaro miqyosdagi ko‘rik-tanlov takliflarida ham ko‘rgan edik.
Avvalgi aroq zavodi hududidagi Dahbet ko‘chasi boshlanadigan chorraha doim tirband. Nafaqat avtomashinalar, balki piyodalar yurishi uchun ham havfli. Shunday ekan, ushbu chorrahada ko‘prik tashkil etish maqsadga muvofiq. Ustki yo‘nalish Universitet xiyobonini Registon bilan oson va qulay bog‘lasa, pastki yo‘nalish Dahbet ko‘chasini to‘g‘riga, to‘siqsiz davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘linadi. Bunday loyiha Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida ishlab chiqilgan. Xuddi shunga o‘xshash ko‘prikni Amir Temur ko‘chasining Gagarin ko‘chasi bilan kesishgan chorrahasi uchun ham taklif etgan bo‘lardim. Taklif etilayotgan har ikkala ko‘prikning joyi ham ularni qurish uchun qulay relef sharoitiga ega, ya’ni davlat uchun ancha arzon, shahar aholisi va turistlar uchun ancha qulay bo‘ladi.
Yuqorida men aroq zavodi hududini bekorga eslamadim. Hozirda bu yer ochiq maydon, yashil xiyobon. Ushbu hududda ko‘p yillardan beri shahrimizga yetishmay kelayotgan “Samarqand hunarmandlar markazi” binosini qurishni taklif etaman. Biroq bu binoning arxitekturaviy va landshaft yechimi, kompozitsiyasi shunday bo‘lishi kerakki, u eski shahar muhiti bilan yangi shaharni bog‘lovchi, masshtabi va tashqi tarzi bilan atrof-muhit arxitekturasi va landshaftiga, ayniqsa, Amir Temur maqbarasi va Ruhobod obidalari hamda “Afrosiyob” mehmonxonasi me’moriy va landshaft yechimlariga hamohang va uyg‘un masshtablarda bo‘lmog‘i zarur. Ana shunday loyiha-taklifni biz SamDAQIda ishlab chiqqanmiz.
Bunday bino ushbu hududga to‘g‘ri kelmaydi, degan fikrlar ham to‘g‘ilishi mumkin. Biroq biz yangi binoning shunday yechimini topganmizki, uni ko‘rib, bu fikrdan qaytish mumkin bo‘ladi. Negaki, binoning balandligi Amir Temur maqbarasi va Ruhobod obidalariga soya solmaydigan, arxitekturasi esa ularga mos tarzda ishlangan.
Axtam URALOV,
me’morchilik fanlari doktori, SamDAQI professori.