Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Amir Temur davrida ham korrupsiyaning oldini olish maqsadida taftish o‘tkazib turilgan

Korrupsiyaning tarixi uzoq davrlarga borib taqaladi. Buni qadimgi yunon faylasufi Aristotelning “Har qanday davlat tuzumida eng muhimi – bu qonunlar va tartib-qoidalar vositasida ishni shunday tashkil etishki, mansabdor shaxslar qing‘ir yo‘l bilan boylik orttira olmasin”, degan fikridan yoki pora olish va berish qadimgi Rimda amal qilgan 12 jadval qonunlarida ham tilga olinganligidan ko‘rish mumkin.

O‘rta asrlarda O‘zbekiston hududida joylashgan davlatlarda qabul qilingan odat huquqi me’yorlari zamirida islom madaniyati prinsiplari yotuvchi qonunchilik an’analari o‘rin olgan. Xususan, Amir Temur davlatida amaldorlarning ishini tartibga solish maqsadida vaqti-vaqti bilan so‘roq, tekshirish, taftish, tergov o‘tkazib turilgan. O‘z amalini suiiste’mol qilish, poraxo‘rlik, doimiy ravishda ichkilik ichish, maishiy buzuqlik kabi qilmishlar og‘ir gunoh hisoblangan va qattiq jazolangan...

Ko‘rinadiki, barcha davlatlar rivojlanishiga, iqtisodiy, siyosiy, ma’naviy yuksalishiga to‘sqinlik qilib kelayotgan salbiy illatlardan biri korrupsiyadir. U keltirib chiqarayotgan oqibatlar jamiyatlarni ich-ichidan yemirib, demokratik va huquq ustuvorligi asoslariga putur yetkazadi, inson huquqlarining qo‘pol ravishda buzilishiga olib keladi, iqtisodiy rivojlanishni izdan chiqarib, jamiyat va davlat uchun o‘ta xavfli bo‘lgan uyushgan jinoyatchilikning keng yoyilishiga sharoit yaratadi.

Xo‘sh, korrupsiya o‘zi nima? Nega bugun jahon hamjamiyati ushbu illatga qarshi kurashmoqda?

Etimologik jihatdan “korrupsiya” atamasi “buzish, pora evaziga og‘dirish”, degan ma’nolarni anglatadigan lotincha “corruptio” so‘zidan kelib chiqqan. “Yuridik atamalar qomusiy lug‘ati”da korrupsiya tushunchasiga “davlat funksiyalarini bajarish vakolatiga ega bo‘lgan (yoki ularga tenglashtirilgan) shaxslarning noqonuniy tarzda moddiy va boshqa boyliklar, imtiyozlarni olishda o‘z maqomi va u bilan bog‘liq imkoniyatlardan foydalanishi, shuningdek, boylik va imtiyozlarni jismoniy yoki yuridik shaxslar qonunga xilof ravishda egallashiga imkon berishi”, deb ta’riflangan.

Korrupsiyaning avj olishi bilan jamiyat taraqqiyotining keyingi bosqichlarida unga qarshi kurash ham kuchayib bordi va xalqaro tus oldi. Shuning uchun ham BMTning 11 ta, Yevropa Kengashi va Yevropa Ittifoqining 8 ta, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining 6 ta va boshqa xalqaro tashkilotlarning 10 dan ziyod korrupsiyaga qarshi kurash borasidagi hujjatlari qabul qilingan.

Korrupsiyaga qarshi kurash borasidagi eng asosiy xalqaro hujjat - bu BMTning korrupsiyaga qarshi Konvensiyasi hisoblanadi. U 2003 yil 31 oktyabrda Avstriyaning Vena shahrida qabul qilingan. Ushbu halqaro hujjat Preambula, 7 bob, 69 moddadan tashkil topgan. Mazkur hujjatni O‘zbekiston Respublikasi ratifikatsiya qilgan va 2008 yil 7 iyulda “BMTning korrupsiyaga qarshi Konvensiyasiga O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilingan.

Bundan tashqari, 2017 yil 3 yanvarda O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilingan bo‘lib, 6 bob, 34 moddadan iborat. Mazkur Qonunning maqsadi korrupsiyaga qarshi kurash sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi.

Qonunda korrupsiya, unga oid huquqbuzarlik va manfaatlar to‘qnashuviga alohida izoh berilgan. Jumladan, korrupsiya – shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud o‘zga shaxslarning manfaatini ko‘zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek, bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etishidir.

Bu illat har qanday jamiyatning siyosiy va iqtisodiy rivojlanishiga zarar yetkazadi. Jamiyatning ma’naviy axloqini yemiradi, qonun ustuvorligini kuchsizlantiradi, fuqarolar huquq va erkinliklarining jiddiy tarzda buzilishiga olib keladi. Shu bilan birga, uyushgan jinoyatchilik, terrorizm va insoniyat xavfsizligiga qarshi qaratilgan boshqa tahdidlarning o‘sishiga yordam beradi.

Bu sohada olib borilayotgan islohotlarning uzviy davomi sifatida Prezidentimizning 2019 yil 27 maydagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora–tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Ushbu farmondan ko‘zlangan asosiy maqsad yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi samaradorligini yanada oshirish, eng yuqori darajadagi qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini yaratish, mamlakatning xalqaro maydondagi ijobiy imijini oshirish va mustahkamlashga qaratilgan. Afsuski, bu borada yetarlicha normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinishiga qaramasdan, jamiyatimizda korrupsiya illati o‘zining turli ko‘rinishlari bilan taraqqiyotimizga g‘ov bo‘lmoqda.

Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga Murojaatnomasida ham korrupsiya jamiyat rivojiga g‘ov bo‘layotgan eng katta illat ekanligi ta’kidlandi: “Korrupsiyaga qarshi kurashishda aholining barcha qatlamlari, eng yaxshi mutaxassislar jalb qilinmas ekan, jamiyatimizning barcha a’zolari, ta’bir joiz bo‘lsa, “halollik vaksinasi” bilan emlanmas ekan, o‘z oldimizga qo‘ygan yuksak marralarga erisha olmaymiz. Biz korrupsiyaning oqibatlari bilan kurashishdan uning barvaqt oldini olishga o‘tishimiz kerak”.

Ana shu murojaatdan keyin yurtimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirish, davlat organlari, ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati institutlari va boshqa nodavlat sektor vakillarining birgalikdagi samarali faoliyatini ta’minlash, shuningdek, mazkur sohadagi xalqaro hamkorlik uchun mas’ul bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil qilindi.

Hamidulla ShAHRIYoROV,

Toshkent davlat yuridik universiteti magistranti.