Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Amir Temur haykali qanday yaratilgan edi?

Gap Amir Temurning mamlakatimiz bosh shahri - Toshkentga ko‘rk bag‘ishlab turgan haykalining yaratilishi tarixi haqida bormoqda.

Mustaqillikning ilk kunlaridanoq buyuk ajdodlarimizga ehtirom, ular xotirasini tiklash, ma’naviyatni rivojlantirish, milliy qadriyatlarimizni keng targ‘ib qilish, xalq qalbida milliy g‘urur tuyg‘usini jo‘sh urdirish, o‘zlikni anglash, millatimiz nimalarga qodir ekanini dunyo bo‘ylab namoyish etish masalalariga juda katta e’tibor qaratildi. Mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov Amir Temur siymosiga alohida hurmat va ehtirom bilan qaraganini hammamiz yaxshi bilamiz. Shuning uchun ham Amir Temur obrazini tasviriy san’atda, haykaltaroshlikda yaratish masalasi bilan shaxsan o‘zlari jiddiy shug‘ullangan.

Yozuvchi Mamatqul Hazratqulovning 2010 yilda Toshkentda nashr etilgan «Diydor» kitobida yozilishicha, Sohibqiron haykalining loyihasi Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishida muhokama qilingan. Loyihaning ikki-uch varianti bo‘lib, yig‘ilish ishtirokchilari loyiha haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildiradi. Prezident esa oxiri o‘z fikrini bayon etib, barcha loyihalarning birontasidan ham foydalanib bo‘lmasligini aytadi. Islom Karimov loyihada Amir Temurning ichki dunyosi, ruhi u yoqda tursin, tashqi qiyofasi ham o‘xshamaganligini ta’kidlaydi: «Temurga xos shiddat, o‘ktamlik, ayni chog‘da salobat qani bu yerda? Holbuki, Amir Temurning nafaqat tashqi qiyofasini, balki ichki olamini ham ifodalab berish kerak. Unga qo‘yiladigan haykal ham shunga yarasha bo‘lishi lozim. Buning uchun ulug‘ bobomizning faoliyatini, shaxsiy hayotini, asarlarini, o‘gitlarini puxta o‘rganish zarur. Bu siymo obrazini yaratishga yengil-yelpi qarab bo‘lmaydi».

Gap shunday bo‘lganki, Amir Temurning ham inson, ham davlat boshlig‘i, ham donishmand sifatidagi faoliyati har qanday shaxs, har qanday davlat rahbari yoxud har qanday sarkarda uchun namuna, tengi yo‘q bir maktabdir. Birinchi Prezidentimiz esa buni teran, atroflicha o‘rgangan bo‘lgan, albatta. Islom Karimov o‘zining har bir nutqida Amir Temur tuzuklaridan misollar keltirishi bejiz bo‘lmagan.

«Shunday qilib, Amir Temur haykalini yaratish jarayoni qizg‘in davom etdi, – deb yozadi M. Hazratqulov. – 1993 yilning bahor oylari edi. Prezident qaysidir mamlakatdan safardan qaytdi. Samolyotdan tushishi bilan aeroport binosiga kirib, Temur haykalining yangi loyihasini ko‘zdan kechirdi. Buni iste’dodli haykaltarosh Ilhom Jabborov ishlagan edi…».

Bu borada ishtirokchilar bilan ko‘pgina bahs-munozaralar bo‘ldi. Turli toifadagi rahbarlardan fikrlar so‘raldi. Loyihada Amir Temur otda o‘tirgan holda, chap qo‘lida bayroq, o‘ng qo‘li bilan otning jilovini ushlagan holda aks ettirilgan bo‘lgan. Islom Karimov loyiha muhokamasi ishtirokchilaridan: «Ot mingan odam jilovni qaysi qo‘lida ushlaydi? Podsholar ham bayroq olib yurganmi?», deb so‘raydi va atrofdagilarga qaraydi. Hamma jim bo‘lib qolgan, hech kim jur’at etib gapirishga jazm qilmagan. Shunda Mamatqul Hazratqulovdan yozuvchi ekanini, tarixni yaxshi bilishini, shuning uchun ham o‘z fikrini aytishini so‘ragan. Mamatqul Hazratqulov podsholar bayroq olib yurmaganini aytgan.

«To‘g‘ri, – degan Islom Karimov, – bayroqni, ya’ni tug‘ni olib yuruvchi maxsus odamlar bo‘lgan. Ular tug‘dorlar deyilgan. Ular podshodan ancha ilgarida yurganlar. Otning jilovi haqida gapiradigan bo‘lsak, tizgin chap qo‘lda tutiladi. O‘ng qo‘lda qamchi, agar jang payti bo‘lsa, qilich ushlangan». Keyin esa Islom Karimov hazil aralash shu yerdagilarga qarata: «Hech otga minganmisizlar o‘zi? Otga minayotganda chap oyoqni uzangiga qo‘yib, o‘ng oyoq otning ustidan oshiriladi… O‘ng qo‘lida jilov tutgan odamni hech ko‘rmaganman», deydi.

Shundan keyin u kishi bo‘lajak haykalning eng mayda detallarigacha aytib beradi. Unda Amir Temurga xos salobat, ulug‘vorlik, shiddat, ayni chog‘da mehribonlik aks etmog‘i shart, degan topshiriqni beradi haykaltaroshga. Shu tariqa bugun nafaqat mamlakatimiz poytaxtida Sohibqironning ulug‘vor haykali qad ko‘taradi, balki Samarqand, Shahrisabz shaharlarida, Rossiya va yer yuzining yana 6 ta mamlakatida Amir Temurning salobatli haykallari yaratilishida Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning katta hissasi bor. Chunki Islom Karimov bo‘lajak haykalni shunchalar tahlil etib, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatganki, eng bilimdon san’atshunos ham bo‘lajak haykalni bu qadar teran ta’riflab bera olmasdi.

Izzatulla Norquvvatov,

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi.