Amir Temur kumush va oltin qazib olishda qanday usulni qo‘llagan?
Mamlakat iqtisodiyotida Temur va temuriylarning asosiy ijtimoiy tayanchi yirik zamindorlar edi. Yerga egalik qilish shakli bir necha toifaga bo‘lingan: davlat, mulk va vaqf yerlari. Temur va temuriylar davrida jamoa yerlari saqlanib qolgan.
Temur va temuriylar davrida davlat yerlarini in’om qilish – suyurg‘ol etib berish keng tus oldi. Amir Temur avlodlari suyurg‘ol asosida Kesh (Shahrisabz) viloyatiga egalik qilganlar. Suyurg‘ol tom ma’noda xayr-ehson, yerni hadya etish, imtiyozni anglatadi. Uning egasi soliq daxlsizligidan foydalanib, suyurg‘olga qarashli yerlardan o‘z foydasiga o‘lpon olgan. Suyurg‘ol egasining iqto‘dordan farqi shunda ediki, u ma’muriy sud daxlsizligiga ham ega bo‘lgan. Suyurg‘ollik Amir Temurgacha ham mavjud edi.
Soliq daxlsizligi bu o‘rinda harbiy va davlat xizmati bilan shartlangan. Lekin, sohib va ma’muriy shaxslarni tayinlash huquqi bo‘lgan suyurg‘ollik tizimi temuriylar davlati yemirilishiga olib keldi. Suyurg‘ol Amir Temur urug‘-aymog‘idan bo‘lmagan ayrim amirlarga ham berilishi mumkin edi. Ular asosan chig‘atoy urug‘idan, keyinchalik esa unga jangsiz taslim bo‘lgan yirik hukmronlardan bo‘lgan. Ayrim suyurg‘ol egalari bir vaqtning o‘zida tarxon yorliqlariga ham ega edi. Ushbu shaxslarning noto‘g‘ri xatti-harakati to‘qqiz martagacha kechirilgan, u shoh oldiga bemalol kirib chiqishga imkon bergan. Tarxonlarga berilgan katta imtiyozlar keyinchalik ushbu aslzoda qatlamning boyishi va kuchayishiga olib keldi. Ularning ayrimlari bir necha ming sonli harbiy otryadga ega bo‘la bordi.
Tarxon-faxriy nomi ba’zi hollarda savdogarlarga ham berilgan. Tarxon imtiyozlari xorijiy savdogarlarga ham berilishi mumkin edi. Masalan, tarixiy hujjatlar to‘plami “Maktubot va asnod”da ta’kidlanishicha, Turkiyadan kelgan Xo‘ja Ilyos Chalabiy Tarxon yorlig‘iga muvofiq o‘z faoliyati va Movarounnahr hududiga kelgan vaqtda tamg‘a haqi va boshqa xil majburiyatlardan ozod qilingan.
Amir Temur va Mirzo Ulug‘bek davrlarida yerning ma’lum qismi vaqf etib berilgan. Vaqf yerlar diniy, xayriya, o‘quv va boshqa muassasalar foydasiga tashkil etilgan. 1420 yil Ulug‘bek o‘z ixtiyori bilan yer va sug‘orish kanallarini Samarqanddagi madrasa foydasiga o‘tkazdi. Undan keladigan daromad mazkur madrasa xarajatlarini bir necha barobar qoplar edi. Shu bilan birga, sunniy ruhoniylar roli ushbu davrda (XIV asr oxiri, XV asr boshi) yuqori bo‘lgan.
Dehqonlar va chorvadorlar mamlakat aholisining asosiy qismini tashkil etar edi. Barcha soliq to‘laydigan aholi kabi ular “ra’iyat” atamasini olgan, biroq mulkiy munosabatda turli ijtimoiy qatlamga ajralar edi (chorakor, muta’allik, mulkdor va boshqalar). Mamlakat obodonchiligi va kishilar xotirjamligini dehqonlar ushlab turar edi. Haqiqatan, jamiyat asosini o‘sha paytda amlokdor-dehqonlar tashkil etgan. Amir Temur qo‘l ostidagi (keyinchalik temuriylar) yerning bir qismi ko‘chmanchi-chorvadorlar tomonidan band edi. Ko‘chmanchi xo‘jalik davlatda ma’lum o‘rin egallagan. U qoramol, mol, ot, qimiz, sut-qatiq, go‘sht, jun, namat yetkazib berar edi.
Ko‘chmanchi va yarim ko‘chmanchi aholi o‘rtasida ayrim hunarmandchilik turlari: gilam to‘qish, namat bosish, teriga ishlov berish rivojlangan edi. Movarounnahr o‘troq aholisiga asosiy go‘sht ko‘chmanchilar chorvasidan yetkazilgan. Ko‘chmanchilar odatda o‘z podasi, xotin va bola-chaqasi bilan yurishga chiqqan. Oddiy ko‘chmanchilar jangchilarni yo‘lda qo‘y, tuya va otlar bilan ta’minlagan.
Klavixo Amir Temur bilan “ulug‘ ishlarni amalga oshirgan va ko‘p janglarda g‘olib chiqqan” qabila xususiyatini ifodalar ekan, shunday yozadi: “Ular mehnatsevar va (yaxshi) otliq, kamon otishga usta va jasur jangchidir. Agar mo‘l-ko‘l yegulik bo‘lsa, yeyishadi. Bo‘lmasa nonsiz (faqat) go‘sht va sut bilan qanoatlanishadi... Sovuq, jazirama, ochlik va tashnalikni boshqa har qanday xalqqa nisbatan osonlikcha yengishadi”.
Movarounnahr yerlari ostida temir, mis, toshko‘mir mavjud edi. Bir vaqtlar kumush konlari ishlagan va oltin qazib chiqarilgan. XVII asrning 40-yillarida Mahmud ibn Vali xabar berishicha, Toshkent viloyatida tog‘larda feruza, temir, qalayi konlari mavjud bo‘lib, biroq foydalanilmagan. Xuttolon (hozirgi Ko‘lob) mamlakatidagi tog‘larda oltin, kumush, qalayi, temir, mis va boshqa metallar o‘rni ko‘rsatiladi. “O‘sha yillarda o‘lpon to‘laydigan aholi uchun eng muhim soliq oltin hisoblangan, chunki bir necha qishloqlarda soliq oltin bilan to‘lanadi”. Farg‘ona tog‘larida oltin va kumush bor edi. Bu yerda mis, neft, lojuvard, simob, qo‘rg‘oshin navshadil qazib chiqarilgan.
Metall, tosh, maxsus tuproq va boshqalar turli xil buyumlar tayyorlash uchun foydalanilgan. Amir Temur G‘arbga yurish qilgan vaqtning o‘zidagina uch ming juft sovut, ko‘plab dubulg‘a, o‘q-yoy tayyorlangan. Badaxshonda butun musulmon olamida ma’lum bo‘lgan la’l turlari qazib chiqarilgan. Shu konning yonida lojuvard koni bo‘lgan tog‘ joylashgan. Aynan shu yerdagi qoyalarda zangori yoki ko‘kish yoqut (sapfir) qazib olingan. Amir Temur qimmatbaho toshlarni qazib olishni qattiq nazorat qilishni buyuradi. Maxsus qo‘riqchilar guruhi konchilar ishini kuzatib turar edi. Konlarni qazish va toshlarni qayta ishlash qo‘lda bajarilgan. Yozma manbalarda Samarqand viloyatidan chiqariladigan tovarlar ichida “yaxshi marmar” tilga olinadi. Bu yerda, shuningdek, surma, gips, ganch bor edi. “Samarqand bila Kesh orasida bir tog‘ tushubtur. Itmak doboni derlar, sangtaroshlik qilur toshlarni tamom bu tog‘din eltarlar”, - deb yozadi Bobur.
Movarounnahr Amir Temur saltanatida siyosiy va iqtisodiy jihatlardan alohida o‘rin egallardi. Ayniqsa, ikkita shahar – Samarqand va Kesh (Shahrisabz)ning obodonchiligi Amir Temurning diqqat markazida turardi. Bu yerda hashamatli binolar qurildi va bozorlar paydo bo‘ldi. Oqsaroy bunyod etildi.
Mahalliy va boshqa mamlakatlardan olib kelingan ustalar qo‘li bilan bunyod etilgan va bir qismi bizgacha yetib kelgan ulug‘vor binolar, hashamatli inshootlarning oliy namunalari bo‘lib, o‘sha davr olamining eng go‘zal binolari bilan raqobatlasha olardi. Yopiq bozorlari bo‘lgan keng ko‘chalar, maxsus savdo binolari – chorsu, toq, tim, savdo maydonchalari, un, g‘alla va hokazolar sotiladigan kapponlar O‘rta Osiyoning eng yirik savdo-hunarmandchilik markazlaridan birining qiyofasini belgilar edi.
O‘tan To‘xtamishev,
SamISI dotsenti.
Shovqiddin Abdurashitov,
SamISI o‘qituvchisi.
(Davomi bor)