Amir Temurdan meros qolgan anjirzorlar, quyosh panellari yordamida sug‘orilayotgan bog‘lar, vodiy tajribasi asosidagi uzumzorlar

"O‘zagroinspeksiya"ning viloyat boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan press-turda jurnalist va blogerlarga qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan ana shundan yangi loyihalar bo‘ylab tanishtiruv o‘tkazildi.

Dastlab Samarqand shahridagi Bog‘ibaland mahallasida joylashgan anjirzor xo‘jaliklarida bo‘ldik. 

Bu yerda jami 53 gektar anjirzor fuqarolarga bo‘lib berilib, oilaviy tarzda mehnat qilinadi. Aytilishicha, Ishtixon, Oqdaryo, Jomboy, Payariq tumanlarida ham shunday anjirzorlar mavjud va hosildorligi ham past emas, biroq mazasi borasida Bog‘imaydon anjirlari peshqadam hisoblanadi. Buning sababi nimada? 

- Tarixiy manbalarda yozilishicha, Amir Temur bobomiz Cho‘pon ota hududidagi yerlarda bog‘lar, xususan, anjirzorlar tashkil etishni maqsad qilgan, lekin shu atrofdagi anjirzorlar ichida Bog‘ibalandda anjir ancha yaxshi samara bergan, - deydi bog‘bon Abduhalim Rashidov. – Sababi, bu yerdan 1 kilometr naridan Zarafshon daryosi oqib o‘tadi, hudud balandda joylashgan, havosi toza, anjir bunday muhitda yaxshi rivojlanadi. Shuning uchun ham bu mevani jannat mevasi deb ta’riflashadi. Iyuldan oktyabr oyigacha pishadigan anjirzorga xorijlik sayyohlar kelib olib ketishadi, fuqarolarimiz xorijdagi yaqinlariga jo‘natishadi. Lekin anjirzorda foyda olishdan ko‘ra avlodlarga qadimiy bog‘ni saqlab qolish maqsadida parvarishlaymiz. 

Keyingi manzilimiz Jomboy tumanidagi “Ohalik oltin bog‘lari” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli dalalar bo‘ldi. Tumanda jamiyat tasarrufidagi 900 gektar maydonning suv chiqarish mushkul bo‘lgan 100 gektar ko‘chatchilik xo‘jaligi bor. Bu yerda jamiyat tomonidan 2017 yilda Xitoyda ishlab chiqarilgan quyosh panellari yordamida maydonlar tomchilatib sug‘oriladi. 220 dona quyosh panellari yordamida bir kunda 35 gektargacha maydonni sug‘orish imkoniyati yaratilgan. Ushbu texnologiya yordamida o‘g‘itlar ham suv bilan birgalikda ko‘chatlarga yuborilishi tufayli xarajatlar ham sezilarli kamayadi, daromad yuqori bo‘ladi. Ushbu vositalar tufayli yiliga 2 million tupdan ortiq ko‘chat tayyorlanmoqda. 

Tumandagi yana bir yangicha yondashuv – vodiy uslubida uzumzor tashkil etgan bog‘bonlar ham yerdan unumli foydalanmoqda va xaridorgir mahsulot tayyorlashmoqda. “Gulnigor nurli dalasi” fermer xo‘jaligida 2012 yilda vodiy tajribasi asosida uzum yetishtirish yo‘lga qo‘yilgandi. Oradan 5 yil o‘tib 3 gektar maydondagi ko‘chatlar to‘liq hosilga kirdi. Mehnat natijasidan ilhomlangan fermer Olim Mamatqulov yana 5 gektar maydonda shunday uzumzor tashkil etdi. Asosiysi, bu bog‘larda uzumga ishlov berish oson va qadoqlashdan tortib mahsulot xaridor qo‘liga yetib borguncha nazorat qilish imkoni bor. Hozirda gektaridan olinayotgan 30 tonnaga uzum mahsulotlari asosan ichki bozorga yo‘naltirilmoqda.

O‘ktam Xudoyberdiyev, 

Baxtiyor Mustanov olgan suratlar.