«Andijon muzqaymoqlari» salomatlik uchun qanchalik xavfsiz?

Bugungi kunda viloyatimizning qaysi avtomagistral yo‘llaridan o‘tmang, ko‘zingiz albatta, “Andijon muzqaymog‘i” taklif qilayotgan sotuvchilarga tushadi. Keyingi vaqtlarda qo‘lida sariq quti ko‘tarib olganlarni Samarqand shahri va tumanlar markazlarida, aholi gavjum bo‘lgan joylarda ham ko‘p uchratyapmiz.

O‘tgan yili ijtimoiy tarmoqlarda “Andijon muzqaymoqlari” iste’molga yaroqsiz, tarkibida salomatlikka zararli moddalar bor, degan gap-so‘zlar tarqalgan edi. Nihoyat, “Andijon muzqaymoqlari” MChJ tashkil etilib, mahsulot patentlanganidan so‘ng gap-so‘zlar bosilgandi. Ammo bugungi kunda viloyatimizga kirib kelayotgan muzqaymoqlar maxsus qadoqlarda emas, balki yarim xomashyo sifatida kirib kelayotganligi odamni o‘ylantiradi.

Yaqinda M-39 avtomagistral yo‘lidan o‘tayotib, yo‘l yoqasida qo‘lida soyabon ushlab turgan sotuvchidan muzqaymoq xarid qilmoqchi bo‘ldik. Uning maxsus kiyim va qo‘lqoplari yo‘q. Pullarni olib, shu holda qoshiqni ushlab, idishlarga “muzqaymoq” solib beryapti. Mahsulot ko‘chadan tinimsiz o‘tayotgan avtomobillarning changi bilan qorishib ketgan. Xullas, sog‘ligimizni o‘ylab, sotib olmadik.

Sotuvchi qiz kuniga 60-70 ming so‘mga yollangan ekan. Andijonda tayyorlab keltirilayotgan mazkur mahsulotning tarkibi, uning ishlab chiqaruvchisi, yetkazuvchi kimligini aytmadi. Sotishga ruxsat beruvchi litsenziya yo‘q. U muzqaymoqning 100 grammini 5 ming so‘mdan sotyapti. Kuniga 25 kilogramgacha mahsulot o‘tkazar ekan.

- Hozirgacha 8-9 kilogramm “morojniy” sotdim, - deydi qiz. – Yo‘l yoqasida sotuvchilar qancha ko‘p bo‘lsa, kamroq sotamiz. Dam olish kunlari xaridorlar ham kamayadi. Har kuni kech soat 18:00 gacha shu yerda o‘tiramiz.

Tasavvur qiling, bir sotuvchi qiz bir kunda 25 kilogramm sotsa, foydasi 1,5 million so‘m bo‘lar ekan. Kuniga 10 sotuvchi ishlasa, jami 250 kilogramm muzqaymoq sotar ekan.

Xo‘sh, bu oddiy muzqaymoq ekan, hamma joyda ham sotilyapti-ku, dersiz. To‘g‘ri, lekin sotuvchilarning qo‘lida mahsulotning litsenziyasi, sifatiga kafolat beruvchi mutasaddi tashkilotlarning ruxsatnomasi yo‘q-ku?! Ko‘cha-ko‘yda sotilayotgan ushbu muzqaymoqlarning sifatiga, undan olib yeganlarning salomatligiga, ayniqsa, muzqaymoqni sevib iste’mol qiluvchi bolalarning ichki kasalliklarga chalinmasligiga kim kafolat beradi?

Viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshqarmasi, soliq va ichki ishlar idoralari tomonidan "Andijon muzqaymoqlari" ustidan reyd tadbirlari olib borilganini eshitmadik.

Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda “Andijon muzqaymoqlari”ni sotish uchun kuniga 60-70 ming so‘mgacha haq to‘lanishi va’da qilinayotgan e’lonlarni ko‘rish mumkin. Tadbirkorlarimizning minglab ishsiz yoshlarni ish bilan ta’minlayotgani barchamizni xursand qiladi. Ular faoliyatiga hech qanday qarshilik yo‘q. Muzqaymoq sotuvchilar shu yo‘l bilan oilasini tebratayotgandir. Biroq birinchi navbatda, inson salomatligini o‘ylash kerak.

Dilmurod To‘xtayev.