Andishaning oti qo‘rqoq(mi?)

Shu bois yurtimizda so‘nggi yillarda bu borada katta o‘zgarishlar yuz bergani bor gap. Prezident Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalari tashkil etildi. Vazirlik va idoralar, mansabdor shaxslarga elektron murojaat qilish imkoniyatlari yaratildi. "Ishonch telefonlari" samaradorligi oshirildi. Internetning imkoniyatlaridan unumli foydalangan holda mansabdor shaxslar ijtimoiy tarmoqlarda xalq bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘ydi.

Ayni vaqtda shikoyat va arizalarni ko‘rib chiqish, muammolarni hal etishda jamoatchilik imkoniyatlaridan ham keng foydalanilmoqda va bu o‘zining ijobiy samarasini bermoqda.

Ta’kidlaganimizdek, bu xalq manfaati uchun amalga oshirilayotgan chora-tadbirlardir. Ammo asossiz shikoyatlaru murojaatlar ham uchrayotgan va ko‘payayotganidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. To‘g‘ri, murojaat va shikoyat qilishga fuqaroning qonuniy haqi bor. Hech kim buni cheklay olmaydi. Lekin baribir ba’zi me’yorlarni unutmasligimiz kerak.

"YoZAVERAMAN, YoZAVERAMAN..."

Yaqinda tahririyatimizga kelib tushgan shikoyat xatini o‘rganish yuzasidan bir mahallaga bordik. Mahalla fuqarolar yig‘ini jamoatchilik kengashi a’zolari, faollari mahallada turli kelishmovchiliklar yuzaga kelayotgani, muhit buzilishiga bir shikoyatchi sabab bo‘layotganini bildirishgan.

O‘rganishimiz chog‘ida ma’lum bo‘lishicha, fuqaro oilasi uchun moddiy yordam so‘rab mahalla fuqarolar yig‘iniga ariza bilan murojaat qiladi. Belgilangan me’yor va mezonlarga to‘g‘ri kelmaganligi uchun mahalla qoshidagi komissiya yig‘ilishida ariza rad etiladi. Hammasi shundan boshlanadi.

Maqsadi hosil bo‘lmagan fuqaro bu borada tegishli tashkilotlarga shikoyat qiladi. Mutasaddilar tomonidan vaziyat bir necha bor o‘rganiladi va to‘g‘ri rad etilganligi haqida xulosa qilinadi. Fuqaro esa ariza yozaveradi. Turli tashkilotlar, Xalq qabulxonasiga bu masalada shikoyat xati beradi. Komissiya a’zolarini nohaqlikda ayblaydi. Takroriy o‘rganishlaru shikoyatlardan charchagan mahalla faollari oxir-oqibat fuqaroga moddiy yordam berishga majbur bo‘ladi.

Aslida-chi? O‘rganishimiz davomida ma’lum bo‘lishicha, moddiy yordam olayotgan oilada er ham, xotin ham oliy ma’lumotli. Yaxshi kasblarning mutaxassislari. Er davlat tashkilotida ishlaydi. Kattagina tomorqasi bor. Bir nafar yosh farzandi borligi tufayli turmush o‘rtog‘i vaqtincha ishlamaydi. Hammasini belgilangan me’yorlarga qo‘yib, arizani rad etgan komissiya a’zolari esa baloga qoladi. "Keling­lar, shu tinchisin" qabilida "amallab" moddiy yordam chiqarishadi. Andisha qilishadi-da!

NOShUKURLIKMI YoKI BOQIMANDALIK?

Bu jihatlardan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. Bir fuqarodan kelgan murojaatni jamoatchilik asosida o‘rgandik. Murojaatda yozilishicha, oila moddiy jihatdan juda qiynalgan, uylari ta’mirtalab, amaliy yordam so‘ragan.

- Erim hech qayerda ishlamaydi, chunki o‘qimagan, - deydi uy bekasi. - Men uyda bolalarga qarayman. Moddiy tomondan juda qiynalib qolganmiz. Uylarimizni ta’mirlashimiz kerak.

Xonadondagi tomorqaga razm solamiz. Begona o‘t ko‘pligidan nima ekilganini ham bilish qiyin. Qarovsiz holatda.

Uning turmush o‘rtog‘ini chaqirtirdik. Chamasi 35 yoshlardagi tog‘ni ursa talqon qiladigan yigit keldi. Unga tomorqa imkoniyatlaridan unumli foydalansa, hech qanday moddiy qiyinchilik bo‘lmasligini, imtiyozli kredit asosida parranda olib boqsa, daromad olishi mumkinligini, oilaviy tadbirkorlik imkoniyatlari haqida tushuntirdik, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatdik.

- Kreditni to‘lash ham kerak-da! Biz to‘lolmaymiz. Tomorqaga kelsak, suv muammo bo‘ladi.

Yana bir qancha bahonayu vajlar. Tebranmagan odamni tepsang ham tebranmaydi, deganlari shu bo‘lsa kerak. Xullas, "targ‘ibotimiz" zoye ketdi.

- Yordam bermasalaringiz nega keldingizlar? Biz moddiy yordam so‘rab murojaat qilgandik.

To‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish yordam emasmi? Axir, tushuntirishlardan to‘g‘ri xulosa chiqarib, oilaviy tadbirkorlikni boshlab, o‘z moddiy ahvolini tiklab olgan oilalar kammi?

Yordam bermaganligimiz uchun bu oila bizning ustimizdan ham shikoyat qilibdi.

ShIKOYaT QILISh "MUAMMO YeChILADI" DEGANI EMAS

Shunday o‘ylaydiganlar ham yo‘q emas. Murojaatlar o‘rganilganda turli nizolarga duch kelamiz. Ayrimlari faqat sud orqali hal etiladigan masalalar. Ba’zi shikoyatlarda keltirilgan vajlar, umuman qonun doirasidan tashqarida, belgilangan talablarga zid va asossiz bo‘ladi (tuhmatlari ham yo‘q emas).

 Viloyat rahbari "Shikoyati asossiz, tuhmat yoki g‘araz niyatda bo‘lsa, keng jamoatchilik o‘rtasida, ommaviy axborot vositalarida ko‘rsatib, muhokama qilinglar. Xalq ko‘rsin bundaylarni", deya ta’kidlagandi. Shunday qilish kerak ham. Bu boshqalarga saboq bo‘ladi.

Yana bir jihat. Ayrim murojaatlarning mazmuni bilan tanishar ekanmiz (ayniqsa, kimningdir ustidan yozilgan bo‘lsa), bo‘htonlardan tashqari, haddan tashqari bo‘rttirish, haqoratlarni uchratamiz. Odob-axloq doirasiga to‘g‘ri kelmaydigan turli so‘zlar, po‘pisayu dag‘dag‘alar ham qo‘shib yoziladi. Shikoyat qilishga qonuniy haqi bordir, ammo birovga tuhmat qilishga, haqoratlashga, nafsoniyatiga tegishga, dag‘dag‘a qilishga hech kimning haqi yo‘q.

O‘zbekiston Respublikasi "Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida"gi Qonunining 38-moddasida murojaatlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik, xuddi shuningdek, tuhmat va haqoratdan iborat murojaat berganlik belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘lishi qayd etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 139-moddasiga ko‘ra, tuhmat qilish, ya’ni bila turib boshqa shaxsni sharmanda qiladigan uydirmalar tarqatish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, eng kam oylik ish haqining ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Nashr qilish yoki boshqacha usulda ko‘paytirilgan matnda yoxud ommaviy axborot vositalari orqali tuhmat qilish eng kam oylik ish haqining ikki yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud olti oygacha qamoq bilan jazolanadi. Darajasiga qarab yanada og‘irroq jazolar ham belgilanishi ko‘rsatilgan.

Agarda shunday mazmundagi shikoyatlarga yuqoridagi qonuniy talablar asosida huquqiy baho berilsa, javobgarlikka tortiladigan murojaatchilar ham talaygina topiladi. Faqat andisha qilishadi!

Ammo unutmang, andishaning oti qo‘rqoq emas!

Folib ABDUSALOMOV,

"Zarafshon" muxbiri.