«Anglizparast» tamg‘asini bolsheviklar o‘ylab topgan
Behbudiyga qo‘yilgan «anglizparast» tamg‘asiga hech qanday asos yo‘q. Negaki, uning safdoshi Fitrat «Angliz va Turkiston» maqolasida inglizlarning josuslari ko‘payganligini, buning sababini (ularning asosiy maqsadlarini) ochib berarkan, Turkistonning inglizlar bilan ittifoq tuzishini noma’qul yo‘l deb xulosa chiqaradi.
«Shul suratda Turkistonning tole’i nimadir?
Uni turkistonliklarning o‘zlari tayin qilarlar, ammo ittifoq va ittihod etib, butun fikrlarini bir nuqtada to‘plag‘andan keyin!..» (Abdurauf Fitrat. Tanlangan asarlar. III jild. Dramalar, maqolalar. T., «Ma’naviyat», 2003, 203—205 betlar).
Ushbu iqtibosda Turkiston jadidlarining asl maqsadi yaqqol e’tirof etiladi. Turkistonning taqdiri boshqa davlatlar tomonidan emas, o‘z xalqi tomonidan yaratilishi kerak!
Bu haqda Behbudiyning o‘ziga ham murojaat qilishimiz mumkin. Uning «Qozoq qarindoshlarimizg‘a ochiq xat» («Hurriyat» gazetasi, 1918 yil 26 yanvar) maqolasida shunday da’vat bor: «...siz bilingki, haq olinur, lekin berilmas. Inchunin, muxtoriyat-da olinur, lekin berilmas. Ya’ni, muxtoriyatni Turkiston bolalarining o‘zi birlashib, g‘ayrat ila olur. Albatta, boshqalar tarafidan berilmas. Boshqalarning qo‘lidan kelsa bermaslar».
Xo‘sh, G‘arb davlati bilan ittifoq tuzish maqsad emas ekan, «anglizparast»lik tamg‘asi nega ularga yopishtirildi? Bu 1919 yili Behbudiy va uning hamrohlari «asrorangiz suratda» (Hoji Muin fikri) yo‘qolganligi voqeasi bilan bog‘liqdir.
Atoqli olim Naim Karimovning aniqlashicha, Behbudiy va hamrohlari Vilson (AQSh prezidenti) bilan uchrashishi lozim bo‘lgan (xabaringiz bor, Behbudiy va hamrohlari qatl etiladi). Ikkinchi guruh haqida olim Sirojiddin Ahmad «Yo‘lboshchi» (Munavvarqori Abdurashidxonov. Tanlangan asarlar. T. Ma’naviyat, 2003 yil) maqolasida yozishicha, Orif Karimiy hamrohlari bilan «Qashqarga yo‘l oldi. U yerda Angliya va Yaponiya vakillariga Buxoro, Xorazm va Turkiston hukumatlari nomidan yozilgan xatni topshirishi tayin etiladi. Ammo Olmaotaga yaqin joyda ular qo‘lga olinadilar». Ana shu munosabat bilan Munavvarqori ham 30 martdan 1 dekabrgacha hibsda saqlangan. Demak, bolsheviklar Rossiyaning dushmanlari ishtirok etadigan anjumandan yordam so‘rashga intilganlari uchun Behbudiy va Munavvarqoriga “anglizparast”, ayblovini qo‘yishgan.
Fikrimizcha, o‘sha davr qudratli davlatlari rahbarlariga yozilgan bu xatlarning mazmuni qanday bo‘lishidan qat’i nazar, ular yurtimiz ozodligi, millat ravnaqi qayg‘usida yozilgani aniq. Qizil mustamlakachi nazdida ushbu maktublarning chetga chiqarilishi «josuslik» bo‘lishi mumkindir, biroq millat manfaati nuqtai nazaridan qaraganda, bu ozodlikka chiqishga bo‘lgan yana bir harakatdir. Shu bois jadid bobolarning har qanday sharoitda, ya’ni chor Rossiyasi bo‘ladimi, Muvvaqqat hukumat yoki sovet tuzumi bo‘ladimi, yon-atrofdagi boshqa davlatlarni ham inkor qilmagan holda, imkoniyat topib, hamkorlik asosida millatni ozodlikka chiqarish g‘amida bo‘lganliklari tom ma’noda qahramonlik emasmi!
Behbudiy, Munavvarqori va ularning safdoshlari islomchilik, turkchilik harakatlarining Turkistondagi vakillari bo‘lmaganlar. Balki, o‘zlari ularga nisbatan yangi – ma’rifat asosida ozodlik g‘oyasini maqsad bilgan jadidchilik harakatini yaratganlar, xalq orasiga yoyib, rivojlantirganlar.
Munavvarqori Abdurashidxonov Qur’onni yoddan bilgan, Mahmudxo‘ja Behbudiy muftilik qilgan, demak, ular shariat ilmining bilimdoni bo‘lganlar. Ana shu dindor bobolar o‘zlari orzu qilgan ozod yurtda parlament – Millat majlisini tashkil etish, har bir hududning o‘ziga xosligi inobatga olingan qonunlar tuzish niyatida bo‘lganlar, bu maqsad yo‘lida inson uchun eng aziz bo‘lgan jonlarini tikkanlar. Bugun jadid bobolarimiz orzusidagi mustaqil yurtda yashayapmiz, faqat maqsad rivojlantirilgan, ya’ni qo‘lga kiritilgan ozodlikni asrab-avaylash, dunyoda tenglar ichida teng bo‘lish uchun taraqqiy etishdir.
Islomga esa hech qanday monelik yo‘q. O‘tgan ulamolar Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturudiy, Bahouddin Naqshbandiy, Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Xo‘ja Ahror Valiy va boshqa aziz avliyolarimiz yodga olinib, ruhlari shod etildi. Ular qatorida goh muallim, gohida pedagog, dramaturg, jurnalist, muharrir, mutarjim, mufti, siyosatchi, iqtisodchi, advokat, rahbar... qisqasi, ozodlik yo‘lida sharoit nimani taqozo etsa, o‘sha ishni katta-kichikligiga qaramasdan sidqidildan bajargan Behbudiy va uning izdoshlari ham ana shunday ehtiromga munosibdirlar. Ularning ijodi, sa’y-harakatlari avlodlar uchun abadiy o‘rnak bo‘lib qoladi.
Halim SAIDOV,
filologiya fanlari doktori, professor.
(Davomi bor)