Antisanitar holat qanday yuzaga keladi? “Maroqand obod” vakillari chiqindilar bilan bog‘liq muammolarni ma’lum qildi
“Maroqand Obod” davlat unitar korxonasi mas’ullariga ko‘ra, qator xususiy korxonalarning shartnoma qilmaganligi sababli, ularning hududidan maishiy chiqindilar olib chiqilmaydi. Natijada bunday korxonalar chiqindini sanitariya qoidalariga zid ravishda shahar ko‘chalariga noqonuniy chiqarib tashlash holatlari kuzatilmoqda.
Shu va boshqa sohaga oid muammolar yuzasidan O‘zbekiston ekologik partiyasi viloyat kengashi, viloyat ekologiya boshqarmasi hamda “Maroqand obod” davlat unitar korxonasi mutasaddilari ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Ta’kidlanishicha, bugungi kunda aholi ko‘rsatilayotgan xizmatlar uchun korxonadan 9,2 milliard so‘m qarzdor. Shuningdek, tadbirkorlarning qarzi 2,2 milliard so‘mdan oshgan.
- Samarqand shahar hokimligi huzuridagi “Maroqand Obod” DUK korxonasi 2017 yildan boshlab qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash, olib chiqib ketish bilan shug‘ullanib keladi, - deydi korxona direktori R.To‘lqinov. - Bugungi kunda Samarqand shahri va tumanidagi mahallalarga korxonaning 130 ta maxsus transport vositalari xizmat ko‘rsatib kelmokda. Korxonaga qarashli markaziy chiqindixonada 5 ta maxsus texnika mavjud. Biroq texnikalarning 31 tasi nosoz holatda bo‘lib, ularning 12 tasini ta’mirlash imkoni yo‘q. Samarqand shahridagi 8 ming 847 ta yuridik shaxsning 23 tasi bilan xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha shartnomalar rasmiylashtirilmagan.