Aqlli dushman, johilu nodon do‘stdan yaxshiroq
Ishlarimning barini kengash bilan yurgizib, uni bitirishda to‘g‘ri tadbir qo‘llar edim. Bir ishga kirishmay turib, undan chiqish yo‘llarini o‘ylab qo‘yar edim. Uni to‘g‘ri tadbir, qat’iy jazm, sabr-chidam ko‘rsatib, ehtiyotkorlik bilan uzog‘ini o‘ylab, ortini esdan chiqarmagan holda oxiriga yetkazardim.
***
Yana tajribamdan o‘tkazdimki, kengash ahli birlik, ittifoqlik bilan so‘zda sobit, ishda chidamli bo‘lishlari shartdir. Qilmoqchi bo‘lgan ishlarini qilmasdan qoldirmasunlar. Agar biror ishni qilmaslikka so‘z berar ekanlar, uning yaqiniga ham yo‘lamasunlar.
Tajribamdan ma’lum bo‘ldiki, kengash ikki turli bo‘lur. Biri–til uchida aytilgani, ikkinchisi – dildan chiqqani. Til uchida aytilganini (shunchaki) eshitardim. Dildan aytilgan maslahatni esa qalbim qulog‘iga quyardim va dilimga joylardim.
***
Yana o‘z tajribamdan bildimki, sodiq va haqiqiy do‘st ulkim, o‘z do‘stidan ranjimaydi, do‘stining dushmanini o‘z yovi deb biladi. Agar kerak bo‘lsa, do‘sti uchun jonini ham ayamaydi. Shundayki, amirlarimdan qay birlari menga jon-dili bilan hamrohlik qilgan bo‘lsalar, men ham ulardan hech narsani ayamadim.
Yana o‘z tajribamda ko‘rdimki, aqlli dushman, johilu nodon do‘stdan yaxshiroq ekan.
***
Yana buyurdimki, g‘arazgo‘y, nafsi buzuq kimsalarning tuhmati bilan katta va kichik shaharlar aholisidan hech kimni jazolamasinlar. Faqat gunohi to‘rt kishining guvohlik berishi bilan isbotlansa, gunohiga yarasha jazolasinlar.
“Temur tuzuklari”dan