AQSh Qarshi-Xonobod bazasida xizmat qilgan harbiylarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazadi. Chunki ushbu zona kimyoviy qurol qoldiqlari bilan zaharlangan bo‘lgan
AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp 19 yanvar kuni Faxriylar masalalari departamentiga 2001 yildan 2005 yilga qadar O‘zbekistondagi Qarshi-Xonobod bazasida xizmat qilgan barcha faxriylarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish bo‘yicha topshiriq bergan. Bu haqda Oq uy ma’lumotiga tayanib, Gazeta.uz xabar bermoqda.
Hujjatga ko‘ra, AQSh Mudofaa vaziri 1 yil ichida 2001 yil 1 oktyabrdan 2005 yil 31 dekabrga qadar Qarshi-Xonobod O‘zbekiston aviabazasida xizmat qilgan harbiy xizmatchilarda zaharlanish ta’sirini yaxshilab o‘rganib chiqadi.
McClatchy nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, AQShning maxsus operatsion kuchlari 2001 yil 11 sentyabr voqealaridan so‘ng O‘zbekistondagi harbiy zonada joylashgan. U yerda yashil rangda yarqirab turgan hovuz, yerda oqib turgan qora shilimshiq va «nurlanish xavfi»ni ogohlantiruvchi belgi ko‘zga tashlanardi, deyiladi maqolada.
2015 yilda o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, u yerda xizmat qilgan erkaklar va ayollarning kamida 61 nafari saraton kasalligiga chalingan yoki bu kasallik tufayli vafot etgan.
P.S.: qiziq, harbiy bazada rostdan kimyoviy qurollardan qolgan zararli moddalar bo‘lsa, unda bu o‘sha atrofda yashaydigan mahalliy aholining sog‘lig‘iga qanday ta’sir o‘tkazgan ekan? O‘zimizning tegishli tashkilotlar bu bo‘yicha biror tadqiqot yoki o‘rganishlar o‘tkazishganmi? Qarshi-Xonobod bazasi atrofida yashovchi fuqarolar orasida oxirgi 15-20 yilda saraton kasalligiga chalinganlar va bundan vafot etganlar soni nechta? Biz ham o‘rganishimiz kerak, menimcha.
@xushnudbek