AQSh tarixda birinchi marta neft bozori yetakchiligini yo‘qotishi mumkin
Kelgusi yilda AQSh neftni qayta ishlash bozorida quvvatini tezlik bilan oshirayotgan Xitoyga yo‘l berib, tarixda birinchi bor yetakchilikni qo‘ldan boy berishi mumkin. Bu haqda Bloomberg Xalqaro energetika agentligi ma’lumotiga asoslanib ma’lum qildi.
Nashrda ta’kidlanganidek, Qo‘shma shtatlar neft qazib olish davrining boshi - XIX asr o‘rtalaridan buyon neftni qayta ishlash bo‘yicha yetakchi o‘rinni egallab kelmoqda. Biroq 2021 yilda ushbu pozitsiyani Xitoy egallaydi, deya taxmin qilmoqda ekspertlar. Hozirgi kunda Xitoyda kamida to‘rtta neftni qayta ishlash zavodi qurilayotgan bir paytda AQShda shu kabi zavodlar yopilishi sabab rahbariyat almashishi ehtimoldan holi emas.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy neftni qayta ishlash korxonalarining umumiy qiymati bir sutkada 1,2 million barrelgachani tashkil etishi mumkin. Buni taqqoslaganda Buyuk Britaniyaning jami neftni qayta ishlash hajmiga teng. Shu bilan birga, koronavirus pandemiyasi sabab yuzaga kelgan inqiroz tufayli yoqilg‘iga bo‘lgan jahon miqyosidagi talab kamayganligi neft qazib olish va qayta ishlash hajmini qisqarishiga olib keldi. Ushbu qisqartirish rekord darajada - sutkada 1,7 million barrelni tashkil etdi va buning yarmidan ko‘pi asosan Amerika korxonalariga to‘g‘ri keldi.
Xitoy bojxona boshqarmasining statistik ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat 2020 yil yanvaridan oktyabrigacha bo‘lgan davrda neft importini 2019 yilning shu davriga nisbatan 10,6 foizga, gaz importi esa 4,7 foizga oshirdi. Energiya narxlarining keskin qulashidan foydalangan Xitoy bir yil oldingiga qaraganda 24,5 foizga arzon narxga, ya’ni atigi 150,17 milliard dollar sarflagan holda neft va gaz sotib ola boshladi.
Aytib o‘tish joyizki, joriy yilning yanvaridan sentyabrigacha bo‘lgan davrda Xitoy iqtisodiyoti 0,7 foizga o‘sdi. 2020 yil yakuniy ko‘rsatkichlari bo‘yicha Xitoy dunyodagi iqtisodiy o‘sgan eng yirik mamlakatlardan bo‘ladi, deya ta’kidlashmoqda xalqaro valyuta jamg‘armasi ekspertlari.
G.XOLDOROVA tayyorladi.