AQSh va Buyuk Britaniya Yamandagi husiy nishonlariga zarba berdi
Yaman husiylari vakili AQSh va Britaniya zarbalari Yaman poytaxti hamda Xodeyda, Saada va Dhamar shaharlariga berilganini ma’lum qilgan. Husiylarning o‘ndan ortiq nishonlariga zarbalar berilgan. Bu haqda Reuters amerikalik rasmiylarga tayanib xabar bergan.
Vashington va London Qizil dengizdan o‘tayotgan kemalarga Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlangan husiylarning hujumlari davom etayotgani sababli zarbalar berishga qaror qilishgani aytilmoqda.
Zarbalar boshlanganidan taxminan bir soat o‘tib, AQSh prezidenti Jo Bayden bayonot berdi.
“Bugun mening buyrug‘imga ko‘ra, AQSh kuchlari Buyuk Britaniya bilan birgalikda Avstraliya, Bahrayn, Kanada va Gollandiya ko‘magida Yamandagi husiy isyonchilar tomonidan navigatsiya erkinligiga tahdid qilish uchun dunyodagi eng muhim yuk tashish yo‘llaridan foydalanilgan bir qator nishonlarga muvaffaqiyatli zarba berishdi. “Ushbu zarbalar husiylarning Qizil dengizdagi xalqaro kemalarga misli ko‘rilmagan hujumlariga, jumladan, birinchi marta kemaga qarshi ballistik raketalardan foydalanishiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri javobdir”, dedi Amerika prezidenti va husiylarga qarshi zarbalarni “mudofaa harakati” deb atadi.
Unga javoban Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Yamanning shimoliy va g‘arbiy qismini nazorat qiluvchi guruh rahbari Abdul-Malik al-Xusiy “Amerikaning har qanday hujumi javobsiz qolmaydi. Javob 20 ta dron va bir nechta raketalar yordamida amalga oshirilgan hujumdan ko‘ra kattaroq bo‘ladi”, dedi.
AQSh va Britaniyaning Yamandagi husiylarga qarshi zarbalaridan keyin o‘nlab faollar bugun Vashingtondagi Oq uy oldida to‘planishgan.
Yaman husiylari kuzdan beri Qizil dengizdagi kemalarga tinimsiz hujum qilib kelmoqda. 14 noyabr kuni guruh Isroil bilan bog‘liq bo‘lgan har qanday yo‘l bilan barcha kemalarga hujum qilishini e’lon qilib, o‘z harakatlarini “Amerika-Isroil G‘azo sektoridagi tajovuzga” javob deb atagan, biroq nafaqat harbiy kemalar, balki ko‘plab turli mamlakatlar savdo kemalari ham hujumga uchragan.
Dekabr oyi o‘rtalarida AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin “Farovonlik posboni” xalqaro operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. Uning maqsadi “Yaman husiylarining ehtiyotsiz hujumlari”dan keyin Qizil dengizda yuk tashish xavfsizligini ta’minlashdan iborat. Operatsiyada AQSh bilan birga Buyuk Britaniya, Bahrayn, Kanada, Fransiya, Italiya, Niderlandiya, Norvegiya, Seyshel orollari va Ispaniya ishtirok etadi. Operatsiya aynan nimadan iboratligi aytilmagan.