AQSh va Janubiy Koreya KXDRga qarshi yadro qurolidan foydalanishni muhokama qilmoqchi

AQSh va Janubiy Koreya iyul oyida yadroviy maslahat guruhi yig‘ilishida KXDRga qarshi yadro qurolidan foydalanish masalasini muhokama qilmoqchi, deb xabar bermoqda Shimoliy Koreya markaziy axborot agentligi (STAK).

"Aprel oyida Qo‘shma Shtatlar Vashington deklaratsiyasini - KXDR bilan yadroviy qarama-qarshilik dasturini tayyorladi. Ular AQSh-Janubiy Koreya "yadro bo‘yicha maslahat guruhi" yig‘ilishida davlatimizga qarshi yadro qurolidan foydalanish masalasini ochiq muhokama qilishni rejalashtirmoqda", - deyiladi agentlik xabarida.

Avvalroq Renxap agentligi Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol ma’muriyatiga tayanib, Janubiy Koreya va AQShning yadroviy rejalashtirish bo‘yicha yangi maslahat guruhining birinchi yig‘ilishi 18 iyul kuni Seulda bo‘lib o‘tishini ma’lum qilgandi.

Aprel oyida Janubiy Koreya va AQSh rahbarlari Vashington deklaratsiyasini qabul qilishgan. Unda yadroviy va strategik rejalashtirishni muhokama qilish hamda Shimoliy Koreya rejimi tahdidlariga javob berish uchun yadroviy rejalashtirish bo‘yicha maslahat guruhini tuzishga chaqirilgan edi. Janubiy Koreya, shuningdek, AQShning KXDR tomonidan yadroviy hujum qilingan taqdirda “alyansning butun kuchi”, jumladan, yadroviy qurolni zudlik bilan joylashtirish va’dasini qo‘llagan.