AQShda sarimsoq festivali vaqtida otishma qurbonlari soni aniqlandi

Amerikaning Kaliforniya shtati Gilroy shahrida, sarimsoq festivalida noma’lum shaxs tomonidan o‘t ochilgandan so‘ng, to‘rt nafar inson halok bo‘ldi, 15 nafar shaxs jarohat oldi. Voqea tafsilotlarini politsiya xodimlari manbasiga tayanib Fox News xabar berdi.

Aniqlanishicha, noma’lum erkak sim to‘siqni kesib festival hududiga kirgan. 17:41 ga yaqin u otishni boshlagan. U bir daqiqa ichida yetib kelgan politsiyachilar tomonidan o‘ldirilguniga qadar, to‘rt kishini o‘ldirishga va 15 ga yaqin odamni jarohatlashga muvaffaq bo‘lgan.

Voqea shohidlarining guvohlik berishicha, jinoyatchi 30 yoshlar atrofidagi, kamuflyaj (harbiy kiyim) shim kiygan oq tanli erkak bo‘lgan. U festivalga tashrif buyurganlarni miltiq bilan otgan. Guvohlar jinoyatchi hech kimni nishonga olmaganligini, har tomonga qarata o‘q otganini aytishgan.

Voqea joyida o‘nlab politsiya xodimlari ish olib borishmoqda: ular  hozircha tasdiqlanmagan, jinoyatchining sherigi borligi haqidagi ma’lumotni tekshirishmoqda.