AQShda Tramp va Bayden o‘rtasidagi debatlarning so‘nggi bosqichi bo‘lib o‘tdi
Tennessi shtatining Neshville shahrida AQSh prezidentligi uchun o‘tkaziladigan saylovlardan oldin nomzodlar Donald Tramp va Jo Bayden o‘rtasidagi debatlarning so‘nggi bosqichi bo‘lib o‘tdi. Siyosatchilar yuzma-yuz uchrashdi va bir yarim soatdan ko‘proq chiqish qildi. Bu haqda 23 oktyabr kuni RIA Novosti nashri xabar berdi.
Ikkala nomzod ham 22 oktyabr kuni koronavirus test tahlilidan o‘tdi. Shu sababli tashkilotchilar nomzodlar o‘rtasida o‘rnatilishi nazarda tutilgan plastik to‘siqlarni olib tashlashga qaror qildi. Shu bilan birga, bu safar tashkilotchilarda Tramp va Bayden bir-birlarining so‘zini bo‘lmasliklari uchun mikrofonlarni o‘chirib qo‘yish imkoniyati yaratildi.
Kutilganidek, uchrashuvda koronavirus, milliy xavfsizlik, immigratsiya, irqchilik bilan kurash olib borish va Amerika saylovlariga aralashish mavzulari muhokama qilindi. Shuningdek, Baydenning o‘g‘li Xenterning korrupsion mojaroga aralashib qolgani ham e’tiborsiz qolmadi.
O‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, bahsni kuzatgan 53 foiz saylovchi debatlarda Bayden g‘alaba qozondi, deb hisoblashgan. 39 foiz saylovchi debatlar Tramp foydasiga hal bo‘lganini ta’kilagan. 73 foiz tomoshabin Bayden tomonidan Trampga nisbatan aytilgan tanqidlar “asosli va haqqoniy” bo‘lganini, shu bilan birga, 50 foizga yaqin tomoshabin Tramp tomonidan Baydenga nisbatan aytgan tanqidlari ham asosli ekanligini ta’kidlagan.
Biroq debatlarda qozonilgan g‘alaba saylovlarda g‘alaba qozonishga garov bo‘la olmaydi. Bunday hodisa 2016 yilda Xillari Klinton va Donald Tramp o‘rtasida bo‘lib o‘tgan saylovoldi bahslarida kuzatilgan edi. O‘shanda o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, debatlarning uchta bosqichida ham Xillari Klinton g‘alaba qozongan. Ammo saylovlarda Donald Trampning qo‘li balan kelgan edi.