Aravachalarni ko‘paytirish tirbandlikka sabab bo‘lishi mumkin

Bugun, 14 iyun kuni Zarnews.uz sayti va telegram kanalimizda e’lon qilingan “Quvonch ortidagi dilxiralik yoki temiryo‘l vokzalidagi noqulaylik haqida” nomli maqola yuzasidan Samarqand temiryo‘l vokzali ma’muriyati javob yo‘lladi.

“Temiryo‘l transportidan foydalanuvchi yo‘lovchilarga qulay shart-sharoit yaratish, namunali xizmat ko‘rsatish maqsadida respublikamizning barcha viloyat markazlarida joylashgan vokzallarda, jumladan, Samarqand temiryo‘l vokzalida 30 ta yuk tashish aravachasi mavjud. Bu aravachalar vokzalga kirish joyidagi ikkita «ko‘zdan kechirish punkti»da 10 tadan qo‘yilgan. Bu orqali yo‘lovchilar yuklarini o‘zlari tashishlari mumkin. Yana 10 ta aravacha yo‘lovchilarga pullik xizmat ko‘rsatish uchun ajratilgan.

Hozirgi kunda vokzalga har yarim soatda yo‘lovchi poyezdlar kelishi va yo‘lovchilar soni bir vaqtning o‘zida 200-250 kishidan oshganligi sababli aravachalar yetishmay qolgan bo‘lishi mumkin. Aravachalar sonini ko‘paytirish esa vokzalga kirish qismi hamda perron yo‘laklarida tirbandlikni keltirib chiqarishi sababli bu holatga boshqa muqobil choralar izlanmoqda”, deyiladi javob xatida.