Arisdagi portlash sabab to‘xtatib qo‘yilgan poyezddagi o‘zbekistonliklar avtobuslarda qaytarilmoqda

O‘zbekistonning Olmaota shahridagi Bosh konsulxonasi bergan ma’lumotga ko‘ra, joriy yilning 25 iyun kuni Ufa shahridan kelayotgan 382-son temir yo‘l reysining qolgan barcha yo‘lovchilari avtobuslar orqali Toshkent shahriga yuborildi. Bu haqda TIV Matbuot xizmati xabar berdi.

Shuningdek, Chelyabinsk-Toshkent yo‘nalishida harakatlanayotgan va Aris shahridagi o‘q-dorilar portlashlari oqibatida, Turkiston shahrida to‘xtatib qo‘yilgan “Rossiya temir yo‘llari”ga qarashli 365-reys yo‘lovchilari “Jibek Joli” - “G‘isht ko‘prik” nazorat-o‘tkazish punktigacha Qozog‘istonning Turkiston viloyati Akimati ko‘magida, u yog‘iga Toshkent shahrigacha esa “O‘zavtotrans” avtobuslarida yetkazildi.

25 iyun kuni kechasi Chimkent shahrida to‘xtatib qo‘yilgan “Novosibirsk-Toshkent” 370-termiryo‘l reysining 264 nafar yo‘lovchilarini Toshkent shahriga yetkazish ishlari 26 iyun kuni ertalab davom ettirildi.

Konsullik-huquqiy departamenti Qozog‘iston hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari zarur vaziyatlarda O‘zbekistonning Nur-Sulton shahridagi Elchixonasiga (tel. :  +7-717-295-42-52) yoki Olmaota shahridagi Bosh konsulxonasiga (tel. :  +7-727-291-11-78) murojaat qilishlari mumkinligini eslatadi.