Armrestling: Samarqandlik sportchilar O‘zbekiston chempionatida birinchi o‘rinni egalladi
Samarqandda armrestling bo‘yicha O‘zbekiston chempionati bahslari bo‘lib o‘tdi.
2000-2004 hamda 2008-2010 yillarda tug‘ilgan o‘g‘il-qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqada 9 ta viloyat va Toshkent shahri jamoalaridan 350 nafardan ortiq sportchi ishtirok etdi.
Musobaqada ishtirokchilar yosh toifalari bo‘yicha belgilangan vaznlarda kuch sinashdi.
– Mazkur musobaqada O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritgan sportchilar terma jamoaga saralanib, nufuzli musobaqalarga saralab olinadi, - deydi musobaqa bosh hakami Yusuf Qodirov. – Jumladan, joriy yilning aprel-may oylarida Dubayda o‘tkaziladigan Osiyo chempionati va avgust-sentyabr oylarida Qozog‘istoning Olmaota shahrida jahon chempionati bahslarida yurtimiz sharafini himoya qiladi.
Musobaqa natijasiga ko‘ra, umumjamoa hisobida samarqandlik sportchilar birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, ikkinchi o‘rin Toshkent viloyati sportchilariga, uchinchi o‘rin namanganlik sportchilarga nasib etdi.
- Besh yildan buyon armrestling bilan shug‘ullanaman, - deydi ishtixonlik sportchi Shohsanam Ulug‘murodova. – Mazkur musobaqada +70 kilogram vazn toifasida ishtirok etib, 22 karra O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritdim. Faoliyatim davomida ikki karra Osiyo chempioni, jahon chempionatida kumush medal sohibasi, xalqaro turnirlar sovrindori bo‘lganman. Endi Dubayda o‘tkaziladigan Osiyo va Qozog‘istondagi jahon chempionatida ham chempionlik uchun kuch sinashaman.