Arslon haqida qo‘shiq
Muhammad Sayfiy (Sayfiyev) 1949 yil 1 yanvarda Ishtixon tumanidagi Safoxo‘ja qishlog‘ida tug‘ilgan. Samarqand davlat universiteti o‘zbek filologiyasi fakultetida o‘qigan. Bir muddat Toshkentda “Muxbir” jurnalida ishlagan. Taqdir tasodifi tufayli salomatligini yo‘qotgach, umrining oxirigacha ona qishlog‘ida yashadi. 2005 yilda vafot etdi.
U kitob chiqarishga imkon topa olmadi, ammo o‘zidan dilbar she’rlar qoldirib ketdi.
Quyida Muhammad Sayfiyning chop etishga tayyorlanayotgan kitobidan ayrim she’rlarni e’tiboringizga havola qilamiz.
Arslon haqida qo‘shiq
O‘zbek yozuvchisi
Javdat Ilyosov xotirasiga
Arslonning ko‘ksida sut iyib borar,
yuragida mehr talvasasi,
o‘lgan bolalarin izlab izg‘iydi.
Arslon o‘kiradi
ko‘ksi to‘lib ketib:
“Qaydasiz,
mehrni, qahrni emguvchi bolalarim!”
O‘rmon jim.
Chumchuqlar pir-pir uchadi,
Hasharotlar daraxtlarga o‘rmalar,
kalamushlar inlaridan quloqlari ko‘rinar,
yaproqlarda esa – shabboda.
Hayvonot bolalari pana-panadan
ko‘zlari javdirab termular.
Arslon ularni payqaydi,
lekin unga
bo‘rivachchalar emas,
tulkivachchalar emas,
arslonzodalar kerak, axir!
Arslon o‘zligini topmay izg‘iydi,
ko‘ksi to‘lib borar,
mehri iyib borar,
o‘kirib-o‘kirib yuborar
o‘rmonni larzaga solib.
Arslon ko‘ksini yerga beradi.
Vujudiga chumolilar o‘rlashar,
chumolilar axir sut emmaydi-ku!
Arslon ko‘ksi iyib borar…
1977
Savollar kutmoqda
Falakda aylanar oftob – mehribon,
Farzandlar baxtiga yashar ona yer.
O‘z umrin yashaydi har bir tirik jon,
Tiriklik o‘zi – baxt,
Tiriklik – taqdir.
Birovga kam tegar,
Birovga ko‘proq,
O‘z umrin yashaydi har bir tirik jon.
Bizlarni yaratgan shu qodir tuproq
Jamiki xilqatga yozar dasturxon.
Xo‘sh, nima yetmaydi –
Libosmi? Nonmi?
Ne bois odamlar tinchimas, tinmas?
Ne uchun sotarlar goho iymonni,
Evaziga neni qilurlar havas?
Ne sabab odamzod dilida qutqu,
“Qasd” degan da’voga ne erur bois?
Pand bermoq,
Mahv etmoq –
Bu qanday orzu,
Buyuklik shumi yo oqil xaloyiq?
Poklik yetishmasmi farrux zaminda,
Qabohat mevasi qaydan uzilgay?
Mehr yetishmasmi oftob azimda,
G‘azabdan nechun qalb xurujga kelgay?
Sevgidan gap ketsa –
Bu qadim dunyo
Muhabbat bahsidan bitilgan doston.
Adovat ramzimi yo qodir Xudo,
Ne sabab qaltirar behalovat jon?
Izhori ishq uchun so‘z kammikin yo?
Sevgi bayoti-ku muborak lison!
Insonga muhabbat qilguvchi bunyod
Tillardan ne sabab sachrab ketar qon?!
To‘g‘ri so‘z yetmasmi til bisotida,
Nedan paydo bo‘lar fisqu fasodlar?
Insoniy tuyg‘ular pok qanotidan
tib kelar nechun aqlli zotlar?
Haqiqat yetmasmi yo unga ishonch?
Yer – ona ekani haqmasmi, o‘rtoq?
Haqmasmi, bor xilqat yalong‘ochu och
Qolmagay to tirik shu ona tuproq?
Ona yer – dasturxon,
Jam bo‘lib ahil
Bir-birin siylamas nechun odamzod?
Taom bor,
Qurolga ne vaj bor, axir,
Qismatin o‘ylamas nechun odamzod?
Nechun? Nechun? deysan dilni o‘rtab dard,
Yarador til uchun bu qanday azob?!
Odamzod, o‘zingsan eng qodir xilqat,
Savollar kutmoqda,
Qismating – javob!
1980
Erkinlik
Sa’dulloga
Serg‘ulu daryoga termulaman jim,
Uvishib ketadi qalbim…
Bu – ne sir?
Shu baland qirg‘oqlar bor ekan tokim,
Shu otash to‘lqinlar manguga asir!
To‘lqinlar yolvorar,
G‘azabga kelar,
Purviqor qirg‘oqlar qilmaslar parvo.
To‘lqinlar ularni tinmay yemirar,
Yemirar, qirg‘oqlar bo‘lmaslar ado!
Bu qanday sinoat?
Qochgim keladi.
Nega kerak bexud o‘rtamoq bag‘ir?
Bechora to‘lqinlar qaydan biladi
Erkinlik ularga o‘limdir, axir!
1974