Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Arvoh

Bir kecha uyqudan kechmasang, ikki chaqirim naridagi Darg‘atdan suv o‘tkazib kelish amrimahol – tomorqachilar bilan tanishib yoqavayron bo‘lishing kerak. Qanday bo‘lmasin shu kecha polizni sug‘ormasa hosildan ayrilishim aniq.

...Tun yarimdan oqqanda Xoliq Darg‘atga qarab jo‘nadi. Darg‘atga yaqin qolganda qorong‘u bo‘lishiga qaramay, quloq boshida kafanga o‘ranib o‘tirgan arvohga ko‘zi tushdi. To‘rt qishloqqa suv taqsimlaydigan Darg‘at shundoqqina qabristonga tutash joyda joylashgan edi. Yuragi shig‘ etib ketdi. Tili kalimaga kelmay joyida qotib qoldi.

Arvoh o‘rnidan turdi, bo‘yi ikki metrdan baland edi. Sal o‘ziga kelgan Xoliqning lablari pichirladi: «Lo iloyu illoho…» Ketmonni tashlab jon holatda ura qochdi.

…Labiga uchuq toshib, tuni bilan alahsirab chiqdi. Qo‘shni Ro‘zvon kampir «kuf-kuf» qilgach, biroz o‘ziga kelganday bo‘ldi.

- Eringizga "ins-jins"lar hazillashganga o‘xshaydi, - dedi Xumorga, - Azayimxonga o‘qitib, biror jonliq suyib qurbonlik qilib yuborish kerak.

Tushga yaqin qo‘shni qishloqlik do‘sti Xayri polvon kirib keldi.

- O‘h-hu, ko‘rpa-to‘shak qalinku jo‘ra, nima bo‘ldi?

Xoliq bo‘lgan voqeani aytib berdi. Hiylasi ish berib gektarini bemalol sug‘orib olgan polvon miyig‘ida kulib qo‘ydi.

***

Eski teshik

- Yana bir narsa esdan chiqibdi, - dedi oqsoqol tarqalish uchun qo‘zg‘alayotgan mahalla faollariga qarata. – Toshloq ko‘chasida yerosti quvuri teshilib ancha vaqtdan buyon ko‘chani suv bosib yotibdi. Uni tuzatish shunchalik qiyinmi, Absamat uka? Kecha tumanda yig‘ilishda o‘rnimdan turg‘azib, rosa mulzam qilishdi. Arzimagan ishdan muammo yasamang-da, uka!

- Tuzatamiz, - dedi ko‘cha boshi Absamat o‘rnidan turib, - bu eski teshik, yog‘och qoqib qo‘ygandik, chiribdi-da, ertagayoq yangi qoziq qoqib qo‘yamiz.

Gurr etib kulgi ko‘tarildi.

Tog‘aymurod Shomurodov.