Arxeolog olimning Vatan haqqiga munojoti

Yaqinda taniqli arxeolog olim Amriddin Berdimurodov yangi chiqqan kitobi - “Vatan haqqiga munojot”ni dastxat yozib berdi.

Amriddin aka bundan avval ham bir nechta kitob chiqargan va ular asosan yurtimiz tarixi va madaniyati, ajdodlarimiz hayoti, faoliyati haqida, arxeologik tadqiqotlari natijasi o‘laroq yaratilgan edi. Bu kitoblar orqali olis o‘tmishimiz haqida balandparvoz gaplardan emas, real voqelikdan voqif bo‘lish mumkin.

Bu galgi kitob “Adib va jamiyat” ruknida chop etilgani va esselardan iboratligi diqqatimni tortdi. Varaqlay boshladim. So‘zboshidan avval Amriddin akaning safdoshi, fan arbobi Temur Shirinovning fikrlari berilgan ekan, shuni o‘qishdan boshladim, keyin so‘zboshini (odatda, har qanday kitobning avvalida yoziladigan so‘zboshi, muqaddima yo‘l ko‘rsatkich singari asarga qiziqtiradi yoki aksincha…).

  Temur Shirinov kitob qo‘lyozmasini “bir nafasda, yigirma to‘rt soatda batamom o‘qib chiqqan”ini yozgan ekan. Qiziqib qoldim.

Men yigirma to‘rt soatda o‘qimadim, bir necha kun o‘qidim. Lekin har biri esseni o‘qigandan keyin uzoq vaqt o‘ylaganim, Amriddin akaning kechinmalarini, fikrlarini ko‘z oldimdan o‘tkazganim haqiqat.

Kitobda badiiy tashbehlar juda maromiga yetkazilmagan bo‘lsa-da ravon, sodda tilda yozilgani, muhimi, voqea-hodisalar, kechinmalar muallifning bevosita o‘zi bilan bog‘liqligi, boshidan o‘tkazganligi uchun ham kishini o‘ziga tortadi. Go‘yoki bu hikoyalarni Amriddin akaning o‘zi yoningizda turib aytib berayotgandek, siz bilan suhbatlashayotgandek bo‘ladi.

Amerikada yashayotgan “ukaxon”ning Samarqandda tasodifan ko‘rishib qolib, aytgan gaplari turtki bo‘lib, Yaponiyada yozila boshlagan va o‘n yil davomida qog‘ozga tushgan hikoyalarning har biri “ukaxon”ning va unga o‘xshagan kishilarning gaplariga javobdek taassurot qoldirdi menda.

Ayniqsa, muallifning Vatan tuprog‘i, tabiati, jonivorlarini ota-ona va ajdodlarning pand-nasihatlari, an’ana va qadriyatlarni Vatanning jon tomirlariga mengzab yozgan esselari har qanday kishini o‘ylantirishi, yurak torlariga tegib ketishi tabiiy. Amriddin aka ularni shunchaki yozmagan, har bir kechinma, tuyg‘uni o‘zi boshidan o‘tkazgan yoki guvoh bo‘lgan voqealar bilan asoslab bayon etgan. Shuning o‘zi hech bir xulosasiz sizda o‘sha holat to‘g‘risida tasavvur paydo qiladi.

To‘g‘ri, Vatan tuprog‘i, tabiati, suvi, iqlimi, buyuk ajdodlarimiz va noyob an’analarimiz haqida ko‘p yozilgan. Har bir ijodkor bu haqda go‘zal tashbehlar bilan asarlar bitgan. Lekin shu paytgacha chumolini ham Vatanning bir bo‘lagi deb, yurtdan olisda uni quchgisi kelgan, uni asrab qololmaganidan o‘kinib, uni o‘zicha dafn etgan kishi haqida eshitmaganman yoki bunday holat aks etgan asarni o‘qimaganman.

“Bu voqea 1982 yili Moskvada aspiranturada o‘qib yurgan paytlarimda bo‘lgan edi, – deb yozadi Amriddin aka. – O‘sha yilning kuzida qishloqdan, ota-onamdan taxta qutichada sovg‘a-salom kelib qoldi. Uydagilar menga ilinib, yong‘oq, mayiz jo‘natishgan ekan. Uzoq yo‘l bosib, Moskvaga yetib kelgan bu yog‘och qutichada yong‘oq va mayiz emas, go‘yoki ota-onam, uka-singillarim va ayolimning mehri, sog‘inchi va tafti kelgandek edi.

Mayiz bilan yong‘oqlarni avaylab ajratar ekanman, mayizning orasida nimadir qimirlagandek bo‘ldi. Avvaligi ko‘zlarimga ishonmadim. Haqiqatan ham mayizning orasida bittagina chumoli yurardi. Shu mahal chumoli ko‘zimga olovdek ko‘rindi. U chumoli emas, go‘yoki qishlog‘imdan menga salom keltirgan elchidek edi. Bu chumoli uyimdan, qishlog‘imdan, Vatanim O‘zbekistondan kelgani aniq edi. U bir hasharot bo‘lsa-da yurtimdan kelgan qadrdon mehmon edi. Uni avaylab kaftimga oldim, ko‘zlarimdan beixtiyor yosh keldi. Uni avaylab quchgim kelardi…

…Ertalab darsga ketishdan oldin mehmon chumolidan xabar oldim. Kechqurun darsdan kela solib, yana chumoli solingan piyolani qo‘limga oldim. Afsuski, u jonsiz edi. Vatandosh chumolining o‘limi menga ta’sir qildi. Ertasi kuni yotoqxonamiz yaqinidagi Kuskovo parkiga borib qadrdon chumolini qayn daraxtining tagiga dafn qildim…”

Chumolini quchish, uni mehmondek qabul qilish va shu hasharotning nobud bo‘lishidan ko‘ziga yosh olib, uni dafn etishga jazm etish uchun odam Vatandan qanchalik olisda bo‘lishi kerak? Ona yurtini qay darajada sevishi, sog‘inishi kerak?..

Amriddin akaning esselari asosan uning xorijiy davlatlarga safarlari bilan bog‘liq va har bir safar chog‘idagi voqea-hodisalar, kechinmalar, taassurotlar ibratli hikoya tarzida kishiga saboq beradi. O‘ylashga, xulosa qilishga da’vat etadi.

Yana bir e’tiborli tomoni, kitobda mehmondo‘stlik, oriyatlilik, adolatparvarlik singari milliy mentalitetimizning o‘ziga xos xususiyatlari haqida hayotiy voqealar hikoya qilingan. Ularni ham e’tiborsiz o‘qib bo‘lmaydi.

Umuman, kitobni o‘qish davomida Amriddin aka haqidagi tasavvurlarim o‘zgardi. Men bu inson haqida ko‘p eshitgan, suhbatlashgan, faoliyati bilan yaqindan tanish bo‘lsam-da uning qalbidagi kechinmalari, maqsad-o‘ylarini shu kitob orqali qayta kashf etdim. Shu bilan birga Vatan haqida yozish, vatanparvarlikni namoyon etish uchun shoir yoki yozuvchi bo‘lish shart emasligini, buning uchun shunchaki, qalb kechinmalarini ro‘y-rost bayon etish, fikringiz to‘g‘rimi-noto‘g‘rimi (u sizniki) bildirish kifoya ekan. Mana shu yozganlaringiz sizning kimligingiz, qalbingizni yaqqol ko‘rsatib turadi, nazarimda.

Kitobning muqaddimasidagi fikrlardan qanchalik ta’sirlanib, qiziqib uni ishtiyoq bilan o‘qigan bo‘lsam, so‘ngso‘z o‘rnida keltirilgan xulosalar ham yana o‘ylashga majbur qildi.

Amriddin aka o‘zi yozganidek, qishloqda tug‘ilib o‘sgan bo‘lsa-da Moskvada o‘qidi, ilm qildi. Yurtimiz tarixini o‘rganishga salmoqli hissa qo‘shdi, yarim asrdan buyon Samarqand shahrida yashab, arxeologiya sohasida o‘ziga yarasha obro‘-e’tibor qozondi. Ko‘plab ilmiy ekspeditsiyalarda qatnashdi, xorijiy davlatlarda safarlarda bo‘ldi, nufuzli mukofotlarga loyiq ko‘rildi, xizmatlari e’tirof etildi. Ana shu olim odam bir gal qishlog‘iga borib u yerda o‘sadigan ayrim giyohlar nomini bilmaganidan o‘kinib, “Vatanim tuprog‘ida ungan qadrdon giyohlarning nomini unutib, ularni begonaga aylantirganimning alami, topganlarimdan olgan quvonchimdan ko‘ra og‘irroq bo‘ldi, men uchun, afsus”, deb tursa bu kimga ta’sir qilmaydi, kimni o‘ylantirmaydi?

Vatanni chumolisi-yu giyohlari qadar sevadigan insonning munojotini his-hayajonsiz o‘qish mumkin emas.

Amriddin aka, yaxshi kitob uchun, hayotiy ibrat uchun rahmat!

G‘olib Hasanov.