Arzon issiqxonani qanday qurish mumkin?
Men aytayotganim katta maydonda joylashadigan, tabiiy gaz yoki boshqa yoqilg‘i bilan isitiladigan "teplitsa" emas, hech qanday yoqilg‘isiz isitiladigan, kamxarj issiqxonadir. Qaramog‘imizdagi sog‘in sigirni sotib, 2017 yil fevral oyida issiqxona qurishni boshladik.
Bozordan tok vayishiga ishlatiladigan 13 ta metall quvur olib kelib, yoyma konstruksiyasini yasashdi. Ularni bir-biriga ushlatish uchun bozordan 300 ming so‘mga sim 1 million 300 ming so‘mga ikki xil qalinlikdagi polietilen plyonka olib keldik. Payvandchi usta topib kelib, bir necha kunda ikki sotixli issiqxonani qurdik. Darvoqe, biz yerni kovlamasdan, yer yuzasiga issiqxona tashkil etdik. Chunki Qoradaryoga yaqin joyda turamiz, yer osti suvlari yaqin.
Issiqxona tayyor bo‘lgach, yerni go‘ng va mineral o‘g‘it bilan boyitdik. 2017 yil 7 mart kuni 600 so‘mdan 450 dona pomidor ko‘chati olib kelib, 60 santimetr oraliqda 8 qator qilib ekdik. Issiqxona qurishdan ko‘chatni ekkunimizgacha 4 million 300 ming so‘m mablag‘ sarfladik. Pomidor pishguncha 2 marta sug‘orib, 2 marta chopiq qildik. May oyining yakuni, iyunning boshlanishi bilan pomidor pishdi. Har kuni hosilni terib, "Ishtixon dehqon bozori"da kilogramini 6 ming so‘mdan, uyda 4-5 ming so‘mdan sotdik. Mo‘’jazgina issiqxonaning o‘zidan 4,5 million so‘m daromad oldik. Birinchi yilning o‘zida xarajatimiz qoplandi.
Sanobar MURODOVA,
Ishtixon tumani, Qozoqovul qishlog‘i.
2017 yilda viloyatda 25 629 kishiga 148 milliard 491 million so‘m mikrokreditlar ajratildi.
Shundan 15 milliard 320 million so‘m mablag‘ hisobidan 2 377 ta issiqxona tashkil etildi.