Askarlar konstitutsiyaviy qonun loyihasini muhokama qildi

Samarqand shahridagi harbiy qismda mamlakatimiz farovonligi, xalqimiz baxt-saodatining kafolati bo‘lgan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.
Unda Oliy Majlis Senati a’zosi Farmon Toshev, harbiy qism komandiri, podpolkovnik Kamoliddin Toshpo‘latov mamlakatimiz taraqqiyotida, erkin fuqarolik jamiyati qurishda Bosh qomusimizga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni davrning o‘zi taqozo etayotganiga to‘xtaldi.
- Konstitutsiyaviy qonun loyihasi haqidagi ma’lumotlar bilan internet orqali tanishib boryapman, - deydi oddiy askar Ibrohim Omonov. - Bugungi tadbirda asosiy hujjatga kiritilayotgan o‘zgartishlar, ularning ahamiyati oddiy, sodda usulda tushuntirib berildi. Bizni qiziqtirgan savollarga aniq javob oldik. Bu esa huquqiy va siyosiy bilimlarimizning yanada oshishiga xizmat qildi.
Tadbirda faol ishtirok etgan askarlarga kitoblar sovg‘a qilindi.