Askarlar Vatanga qasamyod qildi
Samarqand garnizonidagi Kichik mutaxassislar tayyorlash markazida muddatli harbiy xizmatchilarning "Vatanga qasamyod" tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tantanali tadbirda viloyat hokimi E.Turdimov, Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni, polkovnik F.Ziyaboyev, O‘zbekiston Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi Samarqand viloyati mintaqaviy bo‘linmasi a’zolari, askarlarning ota-onalar va yaqinlari ishtirok etdi.
Qasamyod qabul qilgan har bir askar - Vatan himoyachisiga Prezident sovg‘asi topshirildi.
Shuningdek, namunali xizmatni boshlagan askarlarning ota-onalariga Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonining tashakkurnomasi berildi.
- G‘urur, sadoqat va oriyatni eng oliy qadriyat, deb biladigan yigit uchun bu shunchaki rasmiy tadbir emas, balki yigitlik sha’ni, or-nomusini o‘rtaga qo‘yib, o‘z zimmasidagi mas’uliyatli hamda sharafli burchni ado etishga bel bog‘lash, ahd-paymon qilish marosimidir, — dedi Erkinjon Turdimov. - O‘ylaymanki, bugun Vatanga qasamyod qilayotgan yigitlar yurtimiz tinchligi, sarhadlarimiz osoyishtaligi uchun mardona xizmat qiladi.
Tantanali tadbir harbiy orkestr jamoasi, viloyat drama teatri ijodkorlarining tarixiy siymolar haqidagi sahna ko‘rinishlari, harbiy xizmatchilar tomonidan tayyorlangan qo‘l jangi va faxriy qorovulning ko‘rgazmali chiqishlari bilan davom etdi.