Asr oshgan gazetalar

Bugun poytaxtimizdagi O‘zbekiston Milliy matbuot markazida “Zarafshon” gazetasining 110 yilligi va “Samarkandskiy vestnik” gazetasining 105 yilligi munosabati bilan “Hayot bilan hamnafas” nomli ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Tadbir avvalida ustoz jurnalistlar o‘rtasida shaxmat musobaqasi tashkillashtirildi. Shundan so‘ng tadbirni O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Abdusaid Ko‘chimov kirish so‘zi bilan ochib, gazeta tahririyati xodimlarini ushbu qutlug‘ ayyom bilan muborakbod etdi.

Shuningdek, yig‘ilishda O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid,  O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja so‘zga chiqib,  gazetalarning jamiyatdagi ahamiyati, Samarqand jurnalistika maktabi va uning respublikamizdagi o‘rni xususida so‘z yuritdilar.

- Zarafshon gazetasining tili adabiy tilning rivojiga katta hissa qo‘shgan, -dedi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri Nodir Jonuzoq. – Gazeta nazariya va amaliyot bilan birga uyg‘un bo‘lganida rivojlanadi. “Zarafshon” shunday maktabki, unda tahsil olganlarning ko‘pchiligi respublika nashrlarida ham ijod qilmoqda. Bizning ijodkor bo‘lishimizda ham gazeta bosh muharriri Farmon Toshevning hissasi katta bo‘lgan.

E’tirof etish o‘rinliki, Samarqand nafaqat adabiy muhiti, balki jurnalistika maktabi bilan ham respublikamizda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan viloyatlardan sanaladi. Aynan gazeta xodimlarining tashkilotchiligi natijasida samarqandlik ijodkorlar, jurnalistlar, hatto olimlarning antologiyasi yaratildi. Gazetada chop etilgan ta’sirli, dolzarb mulohazali maqolalar kitob holiga keltirildi.  

O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi Farg‘ona viloyat bo‘limi raisi Muhammadjon Obidov tahririyatga esdalik sovg‘asini topshirayotib, ’’Zarafshon’’ gazetasining 110 yilligi,  ’’Samarkandskiy vestnik’’ gazetasining 105 yilligini Farg‘onada ham nishonlashni rejalashtirayotganini ta’kidlab o‘tdi.

Ma’rifiy tadbir yakunida jurnalistlar o‘rtasida o‘tkazilgan shaxmat musobaqasi ishtirokchilariga esdalik sovg‘alari topshirildi.

 

O‘.Alimov, A.Sodiqov (video), O‘zA