"Avto 60 oy" MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan bo‘lgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari yakunlandi
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti tomonidan “Avto oltmish oy” MChJning mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan 2019 yil 12 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 1881-moddasi 1-qismi (pul mablag‘larini va (yoki) boshqa mol-mulkni jalb etishga doir noqonuniy faoliyat) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.
Joriy yilning 6 may kuni ayblanuvchilar J.B., O.M., E.Q., M.X.larga nisbatan JKning 179-modda (soxta tadbirkorlik), 1881-moddasi 3-qismi “a,v” bandlari (pul mablag‘larini va (yoki) boshqa mol-mulkni jalb etishga doir noqonuniy faoliyat), 184-moddasi 2-qismi “a” bandi, 184-moddasi 3-qismi (soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash), 168-moddasi 4-qismi “a,v” bandlari (firibgarlik) va 243-moddalari (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) bilan, M.G.ga nisbatan esa JKning 179-modda, 1881-moddasi 3-qismi “a,v” band, 184-moddasi 2-qismi “a” bandi, 184-moddasi 3-qismi, 168-moddasi 4-qismi “a,v” bandlari, 243-modda, 167-moddasi, 2-qismi “a, v, g” bandlari (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi 2-qismi “b” bandi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish), 228-moddasi 3-qismlari bilan avvalgi ayblov to‘ldirilib, shu kuni dastlabki tergov harakatlari tamomlangan.
Jinoyat ishi bo‘yicha “AVTO OLTMISH OY” MChJ bosh ofisdan olingan buxgalteriya hujjatlaridagi ma’lumotlar bo‘yicha 19.344 dan ortiq shaxslardan shartnomalar tuzganligi aniqlangan va ushbu shartnomalar jinoyat ishiga qo‘shilgan.
Tergov harakatlari davomida jami yetkazilgan modiy zarar 47,7 milliard so‘m ekanligi aniqlanib, shundan 36,8 milliard so‘m undirilgan.
Hozirda jinoyat ishini ayblov xulosasi bilan tegishli sudlovga yuborish choralari ko‘rilmoqda, deya xabar beradi IIV huzuridagi Tergov departamenti.