Avtobuslardagi bolg‘alar “o‘g‘irlangan”, insonlar hayoti xavf ostida(mi?)

So‘nggi paytlarda internet saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda eng ko‘p muhokama etilgan mavzulardan biri - Samarqand shahridagi tramvayda bir guruh yoshlar tomonidan joriy yilning 4 iyul kuni sodir etilgan holat, avvalo, kishilar ko‘ngliga vahima solgan bo‘lsa, yana bir jihati, inson doimo ogoh bo‘lishligi foydadan xoli emasligini ko‘rsatib qo‘ydi.

Hech e’tibor berganmisiz, Samarqand shahri ko‘chalarida harakatlanayotgan avtobuslarda favqulodda vaziyat sodir bo‘lganda inson hayotini saqlab qolish uchun qanday ehtiyot choralari ko‘rilgan? Ayni paytda xayolingizga eshik yonida qistirib qo‘yilgan halokat bolg‘asi kelgan bo‘lsa, ajabmas. Ammo aksariyat avtobuslarimizda bu bolg‘aning joyi va uning yonida “halokat bolg‘asi” degan yozuvga ko‘zingiz tushadiyu, biroq o‘zini topolmaysiz.

Endi tasavvur qiling, tramvaydagi hazil qilmoqchi bo‘lgan “prank”chi yoshlar ishtirokida eshiklari yopiq avtobusda shu voqea bo‘lganida qanday vaziyat yuzaga kelardi. Mabodo eshiklari  yopiq avtobusning haydovchisiga kimdir chindan ham hushdan ketgazuvchi suyuqlik sepganda yoki shunga o‘xshash boshqa bir favqulodda vaziyat sodir etilganda-chi?

Shunday vaziyatda avtobusning oynasini sindirish uchun mo‘ljallangan bolg‘ani haydovchidan so‘rasangiz, kimdir o‘g‘irlab ketgan deya javob berishi tabiiy. Balki u haqdir. Ammo nima bo‘lganda ham yo‘lovchi tashuvchi transport vositalari talab darajasida jihozlanganligi doimiy nazoratda bo‘lishi kerakmasmi? Bunga nafaqat mas’ul shaxslar, haydovchilar, balki keng jamoatchilik ham  bee’tibor bo‘lmasligi zarur!

To‘lqin SIDDIQOV.