"Cho‘loq" avtobuslarga bir bor yo‘lovchi bo‘laylik
Davrada shahrimizdagi jamoat transporti muammolari haqida gap bordi. Shunda Temiryo‘l vokzalidan Siyob dehqon bozori tomonga avtobusda o‘tganmisiz, degan savolni o‘rtaga tashladim.
— Ha, deyarli kunda, kunora shu manzillar oralig‘idan avtobusda o‘tishga to‘g‘ri keladi, — deya javob qaytardi suhbatdoshlardan biri. — Bu ko‘chadan ulovda ham, yayov ham o‘tish juda mashaqqat.
— Yo‘g‘-e, — e’tiroz bildirdi ikkinchi suhbatdosh. — Axir, bu yo‘ldan tramvaylar ham g‘izillab qatnab turibdi-ku!
— Ana shu tramvaylarning yo‘li ochilishi bilan avtobuslarning yo‘li yopilib qoldi-da. Hozir Siyob dehqon bozori tomonidan "Dagbitskiy" tarafga avtoulovda kelmoqchi bo‘lsangiz, yo aeroport yo‘lidan aylanasiz, yo, Xo‘ja Zudmurod masjidi va 3-hammom oralig‘idagi tor ko‘chadan o‘tishingizga to‘g‘ri keladi.
Ikki suhbatdosh mahalliy til bilan aytganda, “Xovosi” va Shodiyona bekatlari orasidagi bor-yo‘g‘i 500—600 metr uzunlikdagi ko‘chaning 3 yildan buyon bir taraflama yopilib qolgani, buning oqibatida piyoda va avtoulovlar harakatida katta muammolar paydo bo‘lganligini bot-bot ta’kidlashdi. Oxiri biri: "Kecha 66-avtobusda borayotgan edim. “Xovosi”dan 50-100 metr o‘tishimiz bilan avtobus goh o‘ngga, goh chapga xatarli chayqala boshladi. Pinakka ketganlarning uyqusi ochildi, yosh bolakaylar olazarak bo‘lib o‘rindiqqa yopishdi. Shu tariqa kamida 15-20 marta chayqalgan avtobus nihoyat pastlikka enib, ravonroq yo‘lni topdi. Shunda yo‘lovchilardan biri: "Bezovta bo‘lmanglar, yo‘l nobopligidan avtobuslar ham cho‘loqlanadigan bo‘lib qoldi", deya kesatdi.
Bu kesatiqda jon borga o‘xshaydi. Harqalay, ularning o‘rnida bo‘lib, ushbu gapning yolg‘on, chinligiga ishonch hosil qilish uchun "cho‘loq avtobuslar"ga bir bor yo‘lovchi bo‘laylik.
Quvondiq XALILOV.