Avtomaktablar faoliyat olib borishi uchun qanday talablar qo‘yildi?

AOKA shtabidagi brifingda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi axborot xizmati rahbari Feruza Madrahimova muhim savol va murojaatlar yuzasidan javob qaytardi:

➖ Barcha hududlarda avtomaktablar faoliyati tiklandimi? Pandemiya sharoitida ularga faoliyat olib borishi uchun qanday shartlar qo‘yildi?

➖ 2020 yil 1 iyundan boshlab “yashil” va “sariq” hududlarda avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar faoliyatiga ruxsat berilgan.

Bunda, nazariy mashg‘ulotlar masofadan turib onlayn o‘qitish orqali amalga oshirilishi, amaliy mashg‘ulotlar esa sanitariya talablariga qat’iy rioya qilgan, shu jumladan, tibbiy niqob, tibbiy qo‘lqopdan foydalangan hamda avtotransport vositalarini dezinfeksiya qilgan holda tashkil qilinishi lozim.

Avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash bilan shug‘ullanuvchilarga masofadan turib o‘qitish imkoniyati bo‘lgan tashkilotlargina ish boshlashi lozimligi tushuntirildi.

Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan belgilangan talablarga amal qilmagan tashkilotlarga ma’muriy javobgarlikdan tashqari, litsenziyasi bekor qilishgacha bo‘lgan choralar qo‘llanilishi mumkinligi tushuntirildi.