Avtomashina o‘g‘irlamoqchi bo‘lgan va ularni kaltaklagan shaxslarga nisbatan jinoyat ishi ochildi
Ijtimoiy tarmoqlarda, Toshkent shahridagi «Qo‘yliq» bozori oldida qo‘lga tushgan o‘g‘rilar kaltaklangani aks etgan video tarqalgan edi.
Videoda “Qo‘yliq” bozorida ikki fuqaro bir necha kishi tomonidan kaltaklangani aks etgan. Ushbu fakt bo‘yicha Bektemir tumani IIO FMB xodimlari teshiruv o‘tkazishdi va natijada quyidagilar ma’lum bo‘ldi.
Ma’lum bo‘lishicha, hodisa 2-iyul kuni taxminan soat 16.30 da ro‘y bergan. Bozor savdogarlari – 30 yoshli qashqadaryolik Sunnatillo Sh. va 31-yoshli surxandaryolik Alisher T. ikki nafar noma’lum shaxslar 35 yoshli Johongir E.ga tegishli bo‘lgan “Kobalt” rusumli avtomobilni eshigini buzayotganlirini ko‘rib qolishgan. Shundan so‘ng Sunnatillo Sh., Alisher T. va ushbu bozorning yana bir savdogari Shuhrat Sh. hodisa haqida ichki ishlar organlariga xabar bermasdan, muqaddam sudlangan farg‘onalik 40 yoshli Sayidjon T. va 39 yoshli Axad K.larni musht bilan jazolab, ularga tan shikastlari yetkazishgan.
Ushbu fakt bo‘yicha Sunnatillo, Alisher va Shuxratlarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi (“Bezorilik”) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Sayidjon T. va Axad K.larga nisbatan esa O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 25-moddasi (“Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish”) va 169-moddasi (“O‘g‘rilik”) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.
Toshkent shahar IIBB bergan ma’lumotga ko‘ra, dastlabki tergov ishlari olib borilmoqda.