Avtomashina vaqtida yetkazib berilmadi, oqibatda iste’molchining avtoulov uchun to‘lagan puli qaytarildi
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi Samarqand viloyat tashkiliy tuzilmasidan ma’lum qilinishicha, tuzilmaga kelayotgan murojaatlarning aksariyat qismini uy-joy, kommunal, transport va savdo sohalari tashkil qiladi.
Jumladan, murojaatlarda avtomashina olish uchun to‘lov qilib, so‘ngra o‘z vaqtida avtomobilini ololmayotgan yurtdoshlarimiz ham bor. Urgut tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro M.Z. (ism-sharifini e’lon qilmaslikni so‘ragan)dan tushgan murojaatda u Samarqand shahrida faoliyat yuritayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’yektga oyma-oy to‘lash sharti bilan avtomashina olish uchun pul to‘laganligini, lekin shartnomada ko‘rsatilgan muddatda avtomashina berilmaganligini, shu bois to‘langan 30 million so‘m pul mablag‘ini kaytarib olishda amaliy yordam berishni so‘ragan. Tuzilma mutaxassislari aralashuvi bilan ushbu holat to‘liq o‘rganildi va Samarqand shahridagi xo‘jalik yurituvchi sub’yekt tomonidan fuqaro M.Z. talab qilgan pul mablag‘i qaytarib berildi.
Ma’lumot o‘rnida: 2020 yil davomida Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi Samarqand viloyat tashkiliy tuzilmasiga jami 1130 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 1032 tasi iste’molchilar foydasiga hal etilgan, 98 tasi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonunning 25-moddasiga ko‘ra, tegishliligi bo‘yicha ko‘rib chiqish uchun vakolatli organlarga yuborilgan.