Avtosalon shartnoma shartlarini bajarmagani uchun fuqaroga 12 million so‘m penya to‘ladi
“Damas” juda ro‘zg‘orbop mashina. Sohibjon anchadan beri uni xarid qilishni orzu qilardi. Ham xonadoniga, ham ishiga asqotadi. Imkon tug‘ilgach, yiqqan pullarini belga bog‘lab, bir qarorga keldi. Shu maqsadda “Samarqand avtosavdo” MChJga kelib shartnoma tuzib, 62.812.000 so‘m to‘lab ketdi.
Shartnoma shartlariga ko‘ra, hash-pash deguncha aytilgan muddat yetib keldi. Xabar berishar, chaqirishar deb o‘ylagandi. Negadir hech kim xabar bermadi. Avtosalonga qatnayverib, salkam ikki oyni ham o‘tkazib yubordi, biroq mashinadan darak bo‘lavermadi. Oxir-oqibat yaqinlarining maslahati bilan O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasining 10-91 ishonch telefoniga murojaat qildi.
Tashkilot mutasaddilarining aralashuvi bilan ushbu muammo ijobiy hal etildi. Yana ham qizig‘i, shartnoma shartlari avtosalon tomonidan buzilgani, avtomashina o‘z vaqtidan kechiktirib yuborilgani uchun (57 kun) amaldagi qonun talablariga ko‘ra, penya undirish mumkinligi haqidagi taklif Sohibjonni yana ham quvontirib yubordi.
Joriy yilning 6 avgust kuni bo‘lib o‘tgan fuqarolik ishlari bo‘yicha, Samarqand shahar sudining ochiq sud majlisida mazkur ish ko‘rilib, sud iste’molchi foydasiga hukm chiqardi. Sud qaroriga ko‘ra, “Samarqand avtosavdo” MChJ shartnoma shartlarini bajarmagani, shartnoma muddatini 57 kun kechiktirib yuborgani uchun fuqaroga 12.562.444 so‘m miqdorda penya to‘laydigan bo‘ldi.
Gulchehra Berdiyorova.