Axborot xurujlari

Arab diyoridagi o‘lkalar orasida Liviya yaqin o‘tmishi bilan ko‘pgina davlatlar uchun ibrat namunasi deyish mumkin. Bugun bu o‘lkada ijtimoiy hayot birmuncha izdan chiqqan, davlat boshqaruvi ancha nobop.

Savol tug‘ilishi tabiiy, unda nimasi ibratli? Gap shundaki, bir vaqtlar Yevropa davlatlaridan birining mustamlakasi bo‘lgan Liviya Muammar Kaddafiy davrida gullab-yashnaydi. Tahlilchilarga ko‘ra, mamlakat yalpi ichki mahsuloti Buyuk Britaniya, Fransiya kabi rivojlangan davlatlarnikidan ortib ketadi.

Ammo taassufki, fitna ortidan olomon yurt rahnamosi o‘ldiriladi. Yaqin o‘tmishda boshqa biron bir axborot xurujining oxiri bunday fojea bilan tugamagan. Chunki odamlarning ko‘chaga chiqishi, Kaddafiyga davlat rahbarligini topshirishini talab qilishi faqat kulfat va tashvish keltirdi. Bir paytlar chodirlarda yashab yurgan odamlar garchi ijtimoiy-iqtisodiy hayot hech bir rivojlangan yurtdagidan qolishmaydigan darajaga chiqqaniga qaramay, diktator demokratiyaga amal qilmayapti, degan “chaqiriqlar”ga laqqa tushdi...

Orani buzish - fitna

Ikki kishining o‘rtasida bo‘ladimi, jamiyatdami, farqi nima – buzg‘unchilikning sababi fitna deyilgan. Zotan, bu kalimani ajdodlarimiz ming yillarki, ishlatib kelishgan. Fitna deganda buzg‘unchilik, maxfiy ravishda zarar yetkazishga urinish, fasod qo‘zg‘ashni tushunamiz.

Bugun u axborot xurujlari yoki boshqa nom bilan atalishi mumkin. Nima bo‘lganda ham unga ro‘baro‘ kelinganda to‘g‘ri harakat qilinmasa, oqibati hech vaqt yaxshilik bilan tugamaydi.

Shuning uchun muqaddas kitoblarda aql-farosati va ongini ishlatmaydigan, o‘zining kim ekanligini anglab yetmagan, bugungi kunning huzur-halovati bilan yashab, ertasi haqida, Vatan tinchligi, millat osoyishtaligi haqida qayg‘urmaydigan kimsalar haqida shunday marhamat qilinadi:

“Jahannam uchun jinlar va insonlarning ko‘pchiligini yaratganmiz. Ularda qalblar bor, (lekin) ular bilan “anglamaydilar”. Ularda ko‘zlar bor, (lekin) ular bilan “ko‘rmaydilar”. Ularda quloqlar bor, (lekin) ular bilan “yeshitmaydilar”. Ana o‘shalar hayvonlar kabidirlar. Balki, ular (yanada) adashganroqdirlar. Aynan o‘shalar g‘ofillardir”.

Tafsir kitoblarida ushbu oyatdagi “anglamaydilar”, “ko‘rmaydilar”, “yeshitmaydilar” fe’llari majoziy ma’noda aytilgan bo‘lib, haq gapni eshitsalar-da, tafakkur qilmaganlari, hidoyat va to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsalar-da, unga yurmaganlari, pandu nasihatni eshitsalar-da unga amal qilmaganlari qoralanmoqda.

Aytilishicha, fitna yomon, ko‘ngilsiz holat bo‘lish bilan birga, u insonlarni imtihon qiladi, saragini sarakka, puchagini puchakka ajratadi. Fitna paytida odamlarning asl holati oshkor bo‘ladi, qalbida yashirinib yotgan cho‘kindilari yuzaga qalqiydi, bor surati namoyon bo‘ladi.

Turkiya tipik misol

Fitna, boringki, axborot xurujlari odatda rivojlanayotgan va gegemon davlatlar iznidan chiqib ketayotgan o‘lkalarda amalga oshiriladi. Aniqrog‘i, o‘sha yurtlarda “targ‘ib-tashviq” qilinadi.

Dunyoda o‘z so‘zini aytishga intilayotgan, buning uchun yetarlicha salohiyatga ega ekanligini namoyon qilayotgan Turkiya bunga yaqqol misol bo‘lishi mumkin. Zero, qardoshlarimiz so‘nggi 10-15 yillikda bir nechta axborot xurujlarini boshidan o‘tkazdi. Misol uchun, mamlakatda harbiy to‘ntarishga urinish bo‘lganini ko‘pchilik biladi.

Ahamiyatli tomoni shundaki, turklar ayrim xalqlardan ko‘ra, fitnaga qarshi kuchli immunitetga ega ekan: axborot xuruji ortidan qurolli qarshilik yuz berganda xalq ko‘chaga chiqdi. Yurt rahbarini, amaldagi hukumatni himoya qilib, kerak bo‘lsa, ko‘ksini o‘qqa tutib berishini namoyon qildi. Oqibat nima bo‘ldi, bir necha kunlik to‘polondan so‘ng ijtimoiy-iqtisodiy hayot o‘z o‘rniga qaytdi. Aniqrog‘i, fitna qo‘zg‘aganlar maqsadiga yetolmadi. Eng muhimi, xalq xotirjam hayotini qo‘ldan boy bermadi.

Masalaga ko‘p chuqur kirib bormaganda ham Rossiya-Ukraina urushida Turkiya qanday yo‘l tutgani, Tog‘li Qorabog‘da ozar qardoshlari manfaatlarini aynan Turkiya ta’minlab bergani kunday ravshan. Bundan tashqari, mamlakat Suriyada davlat boshqaruvini alaviylardan tortib olib, o‘z xayrixohlariga olib berdi. AQShning gumashtasi bo‘lgan Isroilni hududga oralab ketishiga yo‘l qo‘ymayapti.

Musulmon olami, turk dunyosi birligini ta’minlashda katta maqsadlar bilan ish olib borayotganini oddiy odam ham bilib turibdi. Aynan shuning ortidan Turkiyada yaqinda yana bir shovqin ko‘tarildi.

Voqelik tafsilotlari hammaga ayon, xulosa shuki, mamlakat axborot xuruji – fitnalarga uchmaslik borasida yana kuchli immunitetga ega ekanini ko‘rsatdi: Omma shovqin to‘polonga aylanib ketishiga yo‘l qo‘ymadi, axborot xurujini uyushtirayotganlarning ortidan yugurmadi. Hukumat ham jazavaga tushib, masalaga aralashib ketmadi – shunchaki kuzatdi. Oqibatda esa shu xalq, Turkiya Respublikasi yutdi.

Liviyada bir paytlar boshlangan to‘polon izlari hanuz kengayib, goh torayib bormoqda. Turkiya esa tanlagan yo‘lida sobitqadam davom etyapti...

Xulosa qilmang yoki bo‘lgan voqea

Ayni paytda millat o‘laroq turli fitnalardan xoli emasmiz. Masalan, dindan o‘z maqsadlari yo‘lida foydalanayotganlarning axborot xurujlari. Qolaversa, “ommaviy madaniyat” va “demokratiya” niqobi ostida turli institutlar o‘zlarining targ‘ibot maydonlarini kengaytirish harakatida.

Mayli, bu kabi baland “parda”larga bizning “ovozimiz” tushmas. Ammo fitna sabab har kim o‘zining haqiqiy qiyofasini, asl basharasini namoyish etishi haqida bir do‘stimiz shu kunlarda guvoh bo‘lgan voqeani bo‘lishish ayni muddao deb o‘ylayman.

- Fitna yurt tashqarisidan turib ham, ichkaridan ham amalga oshirilishi mumkin, - deydi u. – Gohida u yakka shaxsga qaratilishi ham mumkin.

Tumanlardan biriga borish uchun taksida ketayotgandik. “Hoy d...b nega yo‘l bermaysan?” degan baland ovoz sabab yonga qaradim. Xullas, u tomondan nimalar aytilmadi, biz ketayotgan mashina egasi, avvaliga og‘irroq bo‘lishni maslahat qildi. Naf bo‘lmagach, boshqa gapirmasdan yo‘lda davom etdi.

To‘g‘risi, haydovchimizga aytilgan gaplar uncha-muncha odamni quyushqondan chiqarishi mumkin edi. Ammo javobsiz qoldirilgani mening hayratimni oshirib yubordi. Demak, mumkin ekan, zo‘rlarning nafsiga kuchi yetishi rost ekan...

Jiddiy o‘ylab ko‘rilsa, bu ham axborot xuruji - dahanaki tortishuv, qo‘lga erk berilishiga, uning ortidan jabr ko‘rgan alamini olishga intilishiga sabab bo‘lishi mumkin edi.

Aytilishicha, fitna vaqtida chinakam iymonga ega bo‘lganlar kimlaru, qalbida kufr yashirinib yotganlar kimlar - hammasi ravshan bo‘ladi. Mo‘minlar o‘z yo‘llarida sobit bo‘ladilar va yuz berayotgan voqea-hodisalarni bir sinov deb qabul qiladilar. Shu bilan birga, bu fitnalar ularning chiniqib borishlariga ham xizmat qiladi.

Jamiyatda turli fitnalar boshlanganda xalq uchun eng to‘g‘ri yo‘l – yurt rahbariga, hokimlarga itoat etish, ularning farmonlarini bajarish ekan. Chunki bunday vaqtda qanday qilib bo‘lsa ham mamlakatda fuqarolarga tinchlikni ta’minlab berish va fuqarolarning farovon hayot kechirishi uchun boshqalarga nisbatan qattiq qayg‘uradigan, mana shunga intilib yashaydigan inson faqat yurt rahbari bo‘lar ekan.

Yo.MARQAEV.