Aybni o‘zingdan qidir
Men bilan birga institutni bitirganlarning hammasi oylik maoshi katta lavozimlarga ko‘tarilib ketishdi. Faqat men sudralib yuribman.
O‘g‘lining yosh boladek injiqligi Ashraf buvaga yoqmadi. O‘tirgan joyida bir qo‘zg‘alib oldi-da, Izzatga qarab tutoqib ketdi:
– Xo‘sh, sababi nimada?
– Bilmayman, ota, bilmayman!
– Bilmaysanmi? Men bilaman. Yoshing qirqqa qarab boryapti. Institutni bitirgandan buyon ishlamagan joying qolmadi. Qo‘niming yo‘q. Birining unisi, birining bunisi yoqmaydi. Endigisining oyligi kam bo‘lib qoldimi? U yerda bir sen ishlamayotgandirsan, boshqalar qanoat qilayotgan maosh senga kammi? Sen avval ishchanliging, aql-farosating, ko‘rsatma berishlarini kutib o‘tirmay, topshirilgan vazifani o‘z fahming bilan mustaqil bajara olishingni ko‘rsat. Shunga qarab, baho berishadi. Xafa bo‘lma-yu, aybni, sababni avval o‘zingdan qidir. Yurish-turishing, faoliyatingni taftish qilib ko‘r. Senga bir rivoyat aytay, mag‘zini o‘zing chaqib ko‘r.
Qadimda bir boy ikkita xizmatkor yollamoqchi bo‘libdi. "Xizmat haqingizni ishingizga qarab to‘layman", – debdi. Ularning fahmu farosati, ishchanligini sinab ko‘rish uchun birini karvonsaroyga, karvonning kelgan-kelmaganligini bilishga yuboribdi. Ikkinchisiga esa boqqa borib, bog‘bondan dala ishlari qachon boshlanishini aniqlab kelishni buyuribdi.
Birinchi xizmatkor karvonsaroyga karvon qo‘ngani, qayerdan, qanday mol olib kelgani, savdogarlarning ismi sharifi, shaharda necha kun turishi, mahalliy boylar bilan qanaqa mollar almashinishi mumkinligi va hokazo ikir-chikirigacha bilib kelibdi.
"Barakalla", – debdi boy xursand bo‘lib va uning oylik ish haqini yuz tanga qilib belgilab qo‘yibdi.
Bog‘bonning oldiga yuborilgan ikkinchi xizmatkor ham yetib kelibdi. U bog‘bonning dala ishlariga "Hali ertaroq", – deganini aytibdi.
– Toklarni qachon ochsa bo‘larkan? – so‘rabdi boy.
– Bilmadim, – debdi xizmatkor.
– Borib bilib kel, – buyuribdi boy.
Xizmatkor boqqa ketibdi va xalloslab qaytib kelibdi.
– Xo‘sh? – debdi boy.
– Shaftoli gullagach, toklarni ochaversa bo‘larkan.
– Shaftoli qachon gullarkan? – so‘rabdi boy.
– Bilmadim!
– Borib bilib kel! – buyuribdi boy.
Xizmatkor yana boqqa yugurib ketibdi. Qaytib kelgach, boy uning oylik ish haqini ellik tanga qilib belgilabdi. U sherigining ish haqi nega yuz tanga, o‘ziniki ellik tangaligi sababini so‘rabdi.
– Sheriging topshiriqni bir borgandayoq bekamu ko‘st bajarib keldi. Sening esa bunga fahming yetmadi. Topshiriqni bajarish uchun bir necha marta sarson bo‘lding, – debdi boy.
– Ota, ja olib qochasiz-da gapni, – norozi bo‘ldi Izzat.
– Aytdim qo‘ydim-da, – dedi Ashraf buva soqolini silab.
Izzat o‘rnidan turib, o‘ychan holda chiqib ketdi.
Tog‘aymurod ShOMURODOV.