Ayol ikki nafar farzandi bilan is gazidan zaharlanib vafot etdi
- 17.11.2019 16:55
- 257
- Hodisa
Namangan viloyati Uychi tumani “Do‘stlik” MFY, Mirishkor ko‘chasidagi uyda 4 nafar fuqaro is gazidan zaharlandi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar qildi.
Mudhish hodisa bugun, 17 noyabr kuni soat 03:10larda sodir bo‘lgan. Voqea joyida xonadon sohibining turmush o‘rtog‘i va ikki nafar farzandi vafot etgan. Xonadon sohibi esa tuman shifoxonasiga yotqizilgan.
Gaz uskunalaridan va isitish moslamalaridan foydalanishda yong‘in va xavfsizlik talablariga rioya qilinmagani mazkur hodisaga sabab bo‘lgan.
Aniqlanishicha, xonadonda qo‘lbola yasalgan isitish pechiga propan gaz balloni rezina shlang orqali ulanib uy ichida foydalanilgan.
Mazkur holat yuzasidan dastlabki tergovoldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
FVV fuqarolardan gaz va boshqa muqobil yoqilg‘i turlaridan xavfsiz foydalanish qoidalariga amal qilishni, qo‘lbola va sertifikatlanmagan isitish anjomlaridan foydalanmaslikni so‘ragan.