Ayol oilasi ila mo‘’tabar
Shuning uchun bu yil bayram oldidan viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi, "Mahalla" xayriya jamoat fondi, "Nuroniy" jamg‘armasi va boshqa qator tashkilotlar tomonidan kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olindi, ularning ahvoli o‘rganildi.
Xotin-qizlar qo‘mitalari vakillari uch mingga yaqin oilalarga kirib, ularning turmush tarzini o‘rgandi, muammolarini joyida hal etish choralari ko‘rildi. O‘rganishlar natijasida 100 ga yaqin xotin-qizlar ishga joylashtirildi, shuningdek, moliyaviy, maishiy va ijtimoiy masalalarda 500 ta oilaga ko‘mak berildi.
Mahalla maslahatchisi, kayvoni onaxonlar, otinoyilar, hoji onalar hamkorligida notinch yoki nosog‘lom muhit shakllangan xonadonlar o‘rganilib, ushbu oilalarda muntazam tarbiyaviy-profilaktik tadbirlar olib borilishi natijasida 200 ga yaqin oilalar yarashtirildi.
Shuningdek, sana munosabati bilan viloyatdagi ta’lim muassasalarida, korxona, tashkilot, mahallalarda ayollarni ulug‘lab, turli ma’rifiy anjumanlar o‘tkazildi, qizlarning iqtidorini qo‘llab-quvvatlash uchun davlatimiz tomonidan olib borilayotgan ishlar xususida so‘z yuritildi.
Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan viloyat tadbirida turli sohalarda faol mehnat qilayotgan xotin-qizlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Viloyat hokimi T.Jo‘rayev yig‘ilganlarni, ularning timsolida Samarqandning barcha xotin-qizlarini go‘zallik va nafosat ayyomi bilan qutladi.
– Mo‘’tabar onalarimiz, qadrli singillarimiz davlatimizning doimiy e’tiborida bo‘lib kelayotgani, oilada, jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lishi uchun qo‘llab-quvvatlanayotgani zamirida kelajakka qaratilayotgan e’tibor mujassam, – dedi viloyat hokimi. – Ayniqsa, yaqinda Prezidentimizning "Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmoni qabul qilinishi xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ular bilan maqsadli ishlarni tashkil etish, oilalarda ma’naviy-axloqiy muhitni mustahkamlash va sog‘lomlashtirish borasidagi ishlarning yangi bosqichga ko‘tarilishidan dalolat beradi.
Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimizda xotin-qizlarning turmush sharoitini yanada yaxshilash borasida izchil islohotlar davom etmoqda. Viloyatda 2017 yilda 405 xonadonga mo‘ljallangan 9 ta ko‘p qavatli arzon uy-joylar, kam ta’minlangan oilalar va nogironlar uchun mo‘ljallangan 142 ta, shuningdek, harbiylar oilalariga 72 ta ko‘p kvartirali uylar qurilgani, eng avvalo, minglab xotin-qizlar uchun qulay va munosib yashash sharoiti yaratdi.
– 24 yildan beri fermer sifatida faoliyat ko‘rsataman, – deydi Paxtachi tumanidagi "Muzaffar" fermer xo‘jaligi rahbari Lola Namozova. – Paxta, g‘alla bo‘yicha davlat shartnomalarini doim bajarib kelganmiz. Keyingi yillarda fermerlar faoliyatini yaxshilash uchun tobora qulaylik yaratilayotganidan foydalangan holda bu yil xo‘jaligimiz qoshida tikuvchilik sexi tashkil qildik. Sakkiz nafar qiz ish bilan ta’minlandi.
Tadbirda bir guruh faol xotin-qiz viloyat hokimining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Poytaxtlik hamda viloyatimiz san’atkorlari tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiq, raqslar bayramga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.
Gulruh MO‘MINOVA,
Baxtiyor MUSTANOV
(foto).