Ayollarning joni qirqta emas ekan…

U kishining palatasi eshigi oldidagi holat beixtiyor e’tiborimni tortdi. Vrachlar xonaga kirmasdan tashqarida bezovtaroq turishardi.

Ukaxonim ozroq tin olib, gap boshladi: «…ayoli bu kishini operatsiyaga kuzatib, uyiga so‘libgina kirib boribdi va o‘sha kech omonatini topshiribdi».

 Muhammad Bobur domlaning hikoyasi davradagi ko‘pchilikni entiktirdi:

- Yurtimizda ishlab chiqarilayotgan yengil mashinalar xorijning manaman degan ulovidan qolishmaydi. Tulpordan ko‘rkam, shamoldan tez, ko‘shkdan shinam.

Tanishlarimizdan biri ham haloldan pul topib, “Malibu”sini minibdi. Buyursin, bu kishi mashinaga, mashina bu kishiga yarashadi. O‘zlari andak keksaygan bo‘lsa-da, ko‘ngillari toyday. Shu odam deng, ayolini yoniga olib safarga chiqibdi. Yo‘llar kaftdek ravon, moshin yangi, kayfiyat a’lo, gazni sal oshirganini bilmay qolibdi. Avvalida “Moskvich”ning gaziga oyog‘i o‘rganib qolganidan buni sezmabdi. Bir vaqt bundoq ekranga nazar solsa, 150!

Xullas, zavqi kelib, yo‘lni xoli bilib ketayotsa, ko‘zi orqa o‘rindiqda borayotgan ayoliga tushibdi. U qanotlarini jiyirgan musichaday, tutqichga mahkam tarmashib, yig‘lab borayotgan emish. Tanishimiz taajjublanib, mashinani to‘xtatib so‘rabdi:

- Hoy onasi, senga nima bo‘ldi. Tinchmisan?

Ayoli chorsisi bilan yuz-ko‘zini artib, shikasta tovushda debdi:

- Hech narsa ham bo‘lgani yo‘q, dadajonisi. Xayolimga yomon bir gumon kelib, shuni zarbiga yig‘lab qo‘ydim.

- Nima ekan, u gumon?

- Moshiningiz shamoldan tez ketyapti. Ko‘zim yon-atrofni bir ilg‘ab, bir ilg‘amayotir. Bu tezlikda Xudo asrasin bir falokat bo‘lsa-yu, men o‘lib qolsam... Bu yoshingizda xizmatingizni kim qiladi? Kelin, kelin... Qizni uyi o‘zga... Shunga yig‘layapman.

Tanishim aytadi, bu gapni tinglab qotib qolib, o‘zimni koyigan bo‘ldim. Agarda ayolim “Siz o‘lib qolsangiz, keksayganimda men nima qilaman”, desa bu gapi “yashin” bo‘lmasmidi? Topib aytgan gapiga qarang-a! Bular nima aytsa, rost aytadi, so‘zida yolg‘oni yo‘q. Og‘ayni, bu o‘zbekning ayolining ko‘pini boshidan suv o‘girib ichsang ham kam ekan!

Shunday azizlar, bu haqiqatning yana bir isbotiga shahar markaziy shifoxonalaridan birida guvoh bo‘lgan edim:

- Ko‘zimni ochib, avvali ko‘rganim xira shift bo‘ldi. Sal fursat o‘tib, sahni biroz yorishgach, odmigina, sarg‘ich-oq tusli notanish manzara namoyonlashdi. O‘rtasiga oq shunurga boylangan xira lampochka osilgan. Hayron bo‘ldim, qayerdaman? Bunaqa shiftli uyimiz yo‘q edi-ku! Yonimga o‘girilmoq bo‘ldim, eplay olmadim. Qo‘l-oyog‘im bemajoldek edi, shoshib ko‘z qirim bilan alangladim: atrofimda umrimda ko‘rmagan qandaydir apparatlar, yurak tebranishini ko‘rsatuvchi ekran, soatga o‘xshash chiqillab turgan yana nimalardir... Xona dori hidi bilan dimiqqan. Shu payt eshik yengilgina ochilib, oq xalatli ikki kishi kirib keldi. Angladim: shifoxonada ekanman. Xayolim tiniqlashib, xotirlay boshladim, xasta yuragimni operatsiya qildirgani shifoxonaga kelganim yodimga tushdi. Demak, operatsiyadan keyin yotqiziladigan maxsus joyda ekanman.

Shifokorlarning ko‘ngilni ko‘taruvchi so‘zlari quvvat bo‘ldimi, biroz jonlandim. Ammo lanj va karaxt edim. Buni narkoz ta’siri bilib, hammasi uchun shukur qildim. Daqiqalar sayin dadillashayotganimni his eta boshladim. Bo‘ynimni bemalol qayirib, atrofga qarashga kuchim yetdi. Mendan sal narida yana bir bemor yotar edi, uyg‘oqmi, uxloqmi, bilib bo‘lmaydi. Kuchimni to‘plab unga salom bersam indamadi, yo narkozda, yo uyquda, deb gumonlandim.

Ertasi kuni ancha tiniqlashdim, ayolim, bolalarimni ko‘rib ko‘nglim o‘sdi. Meni  reaminatsiyadan boshqa palataga ko‘chirishdi. Qayta-qayta shukur qildim, yuragim ochilgani chin edi. Yonimdagi hamxonam og‘irroq bo‘lgan shekilli, ikki kundan so‘ng qarshimizdagi alohida palataga o‘tkazildi. Hol so‘ragani kirdim, tanib suyindi.

Bir kun o‘tib, palatasi eshigi oldidagi holat beixtiyor e’tiborimni tortdi. Vrachlar xonaga kirmasdan tashqarida bezovtaroq turishar, yonlarida og‘ir kasallar solib suriladigan g‘ildirakli aravacha ham hozir edi. Ichkaridan g‘ung‘ir-g‘ung‘ir kelayotgan tovushni tanishlarimdan kimnikigadir o‘xshatsam-da, yaqinroq borib bilishimga eshik yonida turganlar izn bermadi. Davolovchi vrachim “joyimda xotirjam yotishim zarurligi”ni eslatib, qaytardi. Ammo “tanish tovush”ni poylab turdim. Alqissa, u tanish psixolog ukaxonim bo‘lib, bu yerdaligimni bilar ekan shekilli hol so‘rashga o‘zi kirib keldi.

Gap mavridi kelib, so‘radim:

- U kishi ham tanishlaringizdan ekan-da.

- Yo‘q, kuyovi qadrdonim.

- Ishqilib, tinchlikmi? Vrachlar...

Ukaxonim ozroq tin olgan bo‘lib, yaltirab turgan boshidagi sanoqligina soch tolalarini ohista-ohista silagan holda gap boshladi:

- Umringiz uzoq bo‘lsin, u kishini ham siz kabi yaqinda yuragini operatsiya qilishgan ekan, shundaymi? Taqdirni qarangki, ayoli bu kishini operatsiyaga kuzatib, uyiga so‘libgina kirib boribdi va o‘sha kech omonatini topshiribdi. Aytishlaricha, erini o‘ylab ko‘p siqilgan ekan...

Og‘ir yotgan bemorga bu sovuq xabarni dabdurustdan yetkazish yana bir musibatga sabab bo‘lishi mumkin degan gumonda kuyovi emranib, shu vazifani bajarishimni so‘radi. “Ha” yoki “yo‘q” deyolmay ozroq muhlat so‘radim va shogirdim bo‘lgan bir yigitga maslahat soldim, chunki bunday vaziyatga hali duch kelmagan edim.

Xullas, u aytib bergan bir rivoyatdan ko‘chirma bilan huzuriga kirdim. O‘zimni kuyovining qadrdoni sifatida tanitib, hol-ahvol so‘ragan bo‘ldim. Suhbatimiz dard ham, shifo ham Yaratgandan ekanligi, “bemor emas, kuni bitgan” vafot etishi haqida bo‘ldi. Fikrli, shukurli inson ekanlar. Paytini topib, dedim:

- Nozik bir xabarim ham bor, sizga shuni yetkazishdan avval, eshitgan bir rivoyatni aytib bersam dedim.

- Qani...

- Qadimda bir oqil va dono inson o‘tgan ekan. Peshonasida yolg‘iz suyumli farzandi bor ekan. Turmush tashvishlari bilan uzoqroq muddat safarga ketibdi. Soppa-sog‘ yurgan bolasi bir kechada kasallanib, olamdan o‘tib qolibdi. Qaytib kelganlarida bu xabarni yetkazishga yaqinlaridan hech kim jur’at eta olmabdi. Shunda ayollari “bolani so‘rab qolarlar” degan gumonda salom-alikdan so‘ng ko‘nglini tosh qilib, so‘z boshlabdi:

- Dadasi, sizga avval bir savol va ortidan bir xabar tayyorlab turgan edim.

- Bahay, ayting.

- Agar bir kishidan qarzimiz bo‘lib, u siz yo‘qligingizda omonatini so‘rab kelsa va shu narsa bizda bo‘lsa, topshirganimni ma’qul bilarmidingiz?

- Albatta, onajonisi, qarz bilan jonni berib qutulamiz.

- To‘ram, shunday bo‘ldi, bir jonni berdik!

- Ya’ni...

- Yolg‘iz farzandimiz...

...Shu yerga kelganimda bemorni hayajon bosdi, titragan bemajol qo‘llari bilan ustidagi yopqichni ko‘ksidan surib, kosasidan chiqay deb turgan ko‘zlarini shiddat bilan menga tikdi:

- Kim?

- O‘zingizni qo‘lga oling, erkak kishisiz...

- Kim, aytsang-chi?!

- Allohning irodasi ekan, ayolingiz...

- Ayolim? Nega, unga nima bo‘ldi? Soppa-sog‘ odam... Chalkashmadingizmi? Kuyovimni o‘zi qani?..

Ostonada turgan kuyovi shoshmasdan, savolli nazariga yuzlanib, bosh irg‘adi va shikasta tovushda:

- Sabr bersin, dadajon, bandalik, - dedi.

Bemor o‘zini yo‘qotmadi, ammo toshdek qotib qoldi. So‘ng chuqur bir xo‘rsindi-da, ohi yig‘iga ko‘chib, shikasta roz aytdi:

- Rozi bo‘l onajoni, dardimni senga yuklabman. Operatsiyaga kirarimda aytgan so‘zlarim nodonlik bo‘libdi. Roziligingni so‘rab, so‘z ochganimda, gapirgani qo‘ymay “Dadasi, bemor emas, ajali yetgan o‘ladi. Sovuq nafas qilmang, sizdan oldin ketsam-chi” deganingni dalda deb bilibman. Mendan xavfsirab, o‘rnimga... E voh, men notavon loaqal tobutingni ko‘tarishga yaramapman-a! Sendan roziman, mendan rozi bo‘l, onajoni...

So‘ng tovush chiqarmay, bo‘lkillab uzoq yig‘ladi. O‘zini yo‘qotmay dardli yig‘ladi. Ikki chakkasidan yosh tomchilari bo‘yniga oqib, selob yig‘ladi. Men dosh berolmay, bilaklarini bir siqdim-da, tashqariga chiqdim.

Suyundik Mustafo Nurotoiy.