Ayolning sarishtasi - ro‘zg‘orning farishtasi
Keyingi yillarda 15 oktyabr – Xalqaro qishloq ayollari kuni keng nishonlanmoqda. Joylarda turli tadbirlar, anjuman, tanlovlar o‘tkazilmoqda. Samarqandda qishloq ayollari uchun qanday sharoitlar yaratilayotgani, imkoniyatlar, ko‘maklar berilayotgani haqida viloyat hokimining o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Zebiniso Rahmonova Zarnews.uz’ ga ma’lumot berdi.
- Biz uzoq yillar davomida qishloq ayoli deganda faqat dalada, tomorqada ishlayotgan ayollar qiyofasini tasavvur qildik, - dedi Z.Rahmonova. - Qishloq ayoli deyildimi, albatta, u yo paxta dalasida terimchi yoki sut sog‘uvchi sifatida gavdalantirildi ommaviy axborot vositalarida. Keyingi yillarda bu masalada vaziyat tamomila o‘zgarganini kuzatyapmiz.
Bugun viloyatda xotin-qizlarning bir million yetti yuz mingga yaqinini qishloqda yashovchi ayollar tashkil qiladi. Xotin-qizlarning muammolarini hal etish, ularni qo‘llab-quvvatlash, iqtidorlilariga ko‘mak berish kabi vazifalarning asosiy qismi qishloq hududlarida amalga oshirilmoqda.
Qishloq ayollarini ishli qilish, ularga ko‘maklashishda jiddiy o‘zgarishlar amalga oshirilayotir. “Temir daftar”da ro‘yxatda turgan ayollar ham tadbirkorlik faoliyatini boshlab, bugun yaxshi natijalarga erishyapti. Ayni kunlarda qishloq hududlarida 14205 nafar xotin-qiz “Ayollar daftari”ga kiritilgan bo‘lib, ularga imtiyozli kreditlar ajratilmoqda. To‘g‘risi, kam ta’minlangan oilalarga kredit berib, natijaga erishish biz uchun xom xayol bo‘lib qolgandi. Sababi, yaxshi bilasiz, kredit olish shaffofligi ta’minlanmas, natijada ular kerakli maqsadga ishlatilmasdi. Bugun bu masala puxta o‘ylangan, inson omili aralashmaydigan tarzda yo‘lga qo‘yildi. Ya’ni, ish boshlamoqchi bo‘lgan xotin-qizlar aniq loyihalari bilan mahallaning xotin-qizlar faoliga murojaat qiladi. “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarning respublika miqyosida yagona bazasi tashkil etilgan. Bank tizimi aynan shu bazaga ulangan. Ishini boshlamoqchi bo‘lgan ayollar zarur jihozlarning nomini, mablag‘ini ko‘rsatadi. Hammasi elektron tarzda amalga oshiriladi. Shu tariqa bugun tikuvchilik, pishiriq pishirish, qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha o‘z ishini boshlagan ayollar soni keskin oshdi.
Bugunga kelib, “Ayollar daftari”da ro‘yxatda turib, ularga moddiy yordam berilgach, tomorqa xo‘jaligi bilan shug‘ullanayotgan ayollar 482 nafarni tashkil etmoqda.
Shuningdek, ushbu “daftar”da turuvchi 2656 nafar xotin-qizga 32 milliard 411 million so‘m kredit berilgan.
Men qishloq hududlarida fermerlik qilib yoki yirik savdo-sotiq va boshqa tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan xotin-qizlarga atayin alohida to‘xtalmadim. Sababi, ular allaqachon o‘z ishini yo‘lga qo‘yib olgan. Bugun sharoiti og‘ir ayollarning ham berilayotgan imkoniyatlar tufayli o‘zini tiklab olayotgani asosiy yutug‘imizdir.
Keyingi yillarda 15 oktyabr – Xalqaro qishloq ayollari kuni ham keng nishonlanmoqda. Joylarda turli badiiy kechalar, chiroyli anjuman, tanlovlar o‘tkazilmoqda. Bularning barchasi qishloq ayollariga e’tibor, ularning turmush farovonligini oshirish yo‘lidagi kichik bir qadamlardir. Bugun qishloqda yashovchi ayollarning oilasi farovonligi yo‘lida aniq maqsadi, rejasi bor, o‘ziga ishonchi ortgan, ishonch, harakat bor joyda esa albatta, natija bo‘ladi.