Ayrim muallimlarni o‘quvchilar nega hurmat qilishmaydi?

o'qtuvchi

           Illyustrativ foto       

Qariyb bir oy davom etgan ko‘rikda o‘sha muallimning kompyuter funksiyalari kabi o‘xshash jihatlariga guvoh bo‘ldik. Ya’ni, Abdulla muallim murojaat qilgan har bir kishiga aniq, lo‘nda javob qaytarar, gapni umuman takrorlamas, erinchoqlik qilmas, so‘zlashida pala-partishlik ham kuzatilmasdi. Kompyuter tugmachasini bossangiz "olam guliston" bo‘lgani kabi u kishi ham biron-bir misol yoki masalani erinmasdan, soatlab tushuntirar, ishidan dili taskin topmaguncha boshqa ishga o‘tmasdi.

"Kompyuter" muallimning bu xatti-harakatlari bolaligimdagi Jo‘raqul cho‘ponni eslatib yubordi. Kasbiga mehri tufayli Jo‘raqul aka ko‘p yillar odamlarning, kolxozning mol-qo‘ylarini boqdi. U kishini hatto kolxoz raisi, raykom kotibi ham hurmat qilardi. Yilning  kelishini, dashtu dalani yaxshi bilgan bu cho‘pon ishlagan davrda bironta jonivor kasal bo‘lmagan, yo‘qolmagan, nobud ham bo‘lmagandi. U davlatning, elning koriga yarashni lazzat deb bilar, kasbiga mehri, sadoqati juda baland edi.

8-sinf o‘quvchilarini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazayotgan payt maktab fizika fani o‘qituvchisining shogirdlari oldida izzat-hurmati yo‘qligi bizni ajablantirdi. Bu muallimning buyurgan ishini o‘quvchilar bajarmas, o‘zlarini eshitmayotganga solayotgani e’tiborimizni tortdi. Payt topib, bu holatni "Kompyuter" muallimga aytdim:

– Ustozga bunday hurmatsizlik qilishning sababi nimada?

– Do‘xtir, bu o‘qituvchining ilmsizligi, o‘z ustida ishlamasligi, kasbiga mehrsizligidan, – deydi Abdulla muallim. – Faniga ishtiyoqi yo‘qligi, shogirdlari talab qilayotgan bilimni berolmayotgani bois shu holatga tushgan. Shularni inobatga olib, bu muallimni uch marta malaka oshirish kurslariga o‘qishga yubordik. Ammo natija bo‘lmayapti. Buyog‘i qishloqchilik, yuz-xotir, qarindosh-urug‘ degan odatlarimiz bor. Bunga qolsa, oylik maosh olib yuraversa, ro‘zg‘ori, kuni o‘tsa bo‘ldi. Afsuski, keyingi yillar bunday pedagoglar safi anchagina kengayib qoldi. Ayniqsa, xalq ta’limi muassasalarida fidoyi, jonkuyar, xalq dardini o‘ylaydigan o‘qituvchilarni yo‘qotib qo‘ydik. Savodsiz do‘xtir bir-ikki, nari borsa, uch-to‘rt insonning sog‘lig‘iga putur yetkazar. Lekin muallimning ilmsizligi butun bir avlodni, asrlarni "botqoq"qa botiradi.

"Kompyuter" domlaning bu gaplari meni chuqur o‘yga toldirdi. Rostdan ham shundaymi?

Murodim UMRZOQOV.