Ayrim xotin-qizlarni hokimliklar va OTM hisobidan o‘qitish tartibi joriy etiladi

⚙️ “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga ko‘ra, 2021 yil mobaynida har bir hududda asosan xotin-qizlar faoliyat yuritadigan, hunarmandchilik turlariga ixtisoslashgan klasterlar faoliyati tajriba sifatida joriy etiladi.

👮‍♂️ “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ni samarali yuritish, ishsiz fuqarolarga bandlik sohasida tizimli yordam ko‘rsatish maqsadida har bir mahallada mehnat inspektoriga “jamoatchi yordamchi”lar jalb etiladi.

💼 “Jamoatchi yordamchi”lar bilan 11 oy muddatgacha jamoat shartnomalari tuziladi hamda ularning ish haqi mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining bir yarim baravari miqdorida belgilanadi.

🏛 Tegishli kasb-hunar ta’lim muassasalarining bo‘sh turgan qismi tadbirkorlarga 30 yilgacha muddatga imtiyozli ijaraga beriladi.

💰 Shunga ko‘ra, xotin-qizlar tadbirkorlik sub’yekti sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan so‘ng 3 oy mobaynida ularga berilgan bo‘sh turgan binolarning ijara to‘lovlari BHMning 10 baravarigacha (2 million 450 ming so‘mgacha) miqdorda to‘lab berilib, shuningdek, bo‘sh turgan binolarni 1 yilgacha muddatda imtiyozli ravishda ijaraga berish tartibi joriy etiladi.

🎓 2021/2022 o‘quv yilidan bazaviy to‘lov-kontrakt asosida davlat OTMga qabul qilingan, ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yo‘q yolg‘iz ayollarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda davlat OTM hisobidan o‘qitish tartibi joriy etiladi.

♻️ Shuningdek, bakalavriat bosqichini muvaffaqiyatli tamomlab, xorijning nufuzli ta’lim muassasalariga “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiyalari asosida o‘qishga yuboriladigan stipendiatlar orasida xotin-qizlar ulushi kamida 20 foizga ko‘paytiriladi.