Ayting, sog‘inmagan bormi bahorni?

Taniqli bolalar shoiri Olqor Damin hayot bo‘lganida bugun 78 yoshini qarshi olgan bo‘lardi.
Miyonqol vohasining katta shoiri, marhum Olqor Daminning she’rlarini o‘qirkanman, go‘yo kimdir qo‘limdan tutganday, unutilgan bolalik ertaklarim tomon yetaklaganday tuyuladi. “Ovloq tog‘lar kuychisi buloqlar”, “yashil ro‘molli qirlar”, “bulut hidiga to‘lgan qishloq”, “sodda quyosh-u erka shamollar”, “boldan shirin xayol”, “she’r hidi kelgan tuproq...”. Shoir yashagan jaydari va nozanin hislar Oqyolli Oqtovning bo‘ychan va o‘ychan qizi sifatida ayni damda menga ham tan: “jilg‘alardan yotib suv ichishlar”, “yurakni hayotga estalikka berish”, “g‘am qo‘ynida jilmayib turmoq”, “buloqdan tiniq bo‘lishga ahd”, “o‘zini izlab she’r yozmoq...”
Boqishlari issiq, tuproq kabi hokisor inson, o‘zini o‘zi izlab yashagan shoir, afsuski, bugun oramizda yo‘q. Aytishlaricha, uning o‘limi ham o‘zining rangida kelgan: sirli, onlik va qulay. Talaba ertagi imtihonga nechog‘lik tayyorlansa, inson ham o‘limga shu qadar o‘zini hozirlamog‘i aytiladi so‘fiylik falsafasida. Shoir Olqor Daminning vafoti shu jihati bilan hammamizni hayrat va sarosimaga qo‘ydi. Chunki u xasta emas edi, chunki u endi yetmish yoshini qarshi olgandi. Bu donishmand yosh insonni mahsuldor qiladi, albatta. Shoirimiz tirik bo‘lganida yana neqadar to‘qmag‘izli, fusunkor she’rlarini taqdim etardi bizga, deya xotirlaymiz bugun.
Uning ko‘zlarida birov bilib-birov bilmagan katta og‘riq, hayotga oshiqlik va tavoze bor edi. Dunyodan senga ne kerak deb so‘rashsa, faqatgina qog‘oz va qalam so‘ragan so‘fiy shoirning “ko‘ksiga ekilgan lolalar”, afsuski, bu gal yal-yal tovlanib, o‘zi sevgan bahorga peshvoz chiqolmaydi. Bahorni, yalpizni, ang‘izni, qizlarning zulfini siypalagan muattar shamollarni ko‘ngil rubobini chala-chala kuylaydi kuychi shoir. She’rlarida u hammani bahorga o‘xshatadi negadir: onasini, singillarini, qizini, samimiylikni... Samimiylik dunyoga oro beruvchi, hammaga barobar bag‘ir ochib chechak tutgan muhtasham bahordir shoir nigohida. Qizi Nigoraxonning aytishicha, shoir og‘aning o‘zi ham qish oyog‘i, bahor boshida tug‘ilgan ekan.
Ajoyib shoir, ajoyib inson, ajoyib ota haqidagi xotiralar qizi Nigora Jo‘rayeva tilidan:
- Otamiz biz, yetti farzandiga “siz” deb murojaat qilardi, uning boshqa otalardek baland ovozda gapirganini sira ko‘rmaganmiz. Faqatgina bir narsaga jahli chiqardi: darsxonasiga kirib, yozuv stolidagi buyumlarga teginsak astoydil xafa bo‘lar, shunda ham ovozini ko‘tarmasdan hech kimga gapirmay qo‘yardi. Onamizni ham xuddi shunday hurmatlar, siz tufayli emin-erkin yuribman, haykal qo‘ysa arziydigan ayolimsiz, derdi. Haqiqatan ham onamiz Risolat aya o‘n barmog‘i o‘ynaydigan tadbirkor, budli-shudli, ayollik vazifasini ortig‘i bilan ado etgan ayol edi. Mahallaning ko‘rpasimi, yostig‘imi, kiyim-boshimi, hammasini onam kolxozdagi kotibalik ishidan kelgach, yarim kechalari uxlamasdan tikib o‘tirardi. Yozuvchi Oybekning hayotida rafiqasi Zarifa Saidnosirovaning hissasi qanchalik ulug‘ligini eshitganmiz. Dadamning orqasida ham onamiz tog‘ kabi tirgak turgan, biz, farzandlarini qishloqda o‘zi eplab-seplab voyaga yetkazgan. Dadam, deyarli Samarqandda, Toshkentda ishlab yurar, qishloqdagi uyimizga bir-bir yarim oylarda bir kelardi. Bu haqda yozilgan she’ri ham bor.
O‘z uyimga mehmon bo‘ldim, seni deb,
Tubanlarga dushman bo‘ldim, seni deb,
Oz bo‘lsa-da sarson bo‘ldim, seni deb,
Pastga qadri arzon bo‘ldim, seni deb,
Onajonim, mushtiparim She’riyat!
Birov bilib, birov bilmay ranjitar,
Yaxshi odam elga mehrin ganj etar,
Sovuq so‘zlar quyoshni ham junjitar,
Nega hamon odam dilni injitar,
Onajonim, buyuk dardim, She’riyat!
Bir safar, biz unda go‘dak edik, dadam oilasini ham Toshkentga ko‘chirib ketdi. Uydan-uyga ko‘chaverib ko‘p sarson bo‘lganmiz. Har ko‘chganda asosiy yukimiz dadamning kitoblari, bitta tori, bitta nayi, bizning kiyimlarimiz solingan uch-to‘rt bo‘xchalar bo‘lardi. Endi yangi joyga o‘rinlashganimizda “bolasi ko‘p ekan” deya haydab solishardi. Hozirgi Olmazor tumani, Farobiy ko‘chasidagi ijara uyda ko‘proq muddat yashaganmiz. 111-maktabda ikki yil o‘qiganman. Onam uyimizdan uzoqroq yerda chinni zavodiga ishga kirgandi. Shu miyonalarda dadam bir ish bilan Ishtixonga keladi va u zamongi sovxoz raisi Fazliddin Pirnazarov bilan uchrashib qoladi. Rais dadamning ahvoliga ichi achishib, darhol uch xonali uyning kalitini tutqazadi: “Mana bu “Kamaz”ga min-da, Toshkentga borib, bolalarni sarson qilmasdan darhol ko‘chingni olib kel”, deydi.
Dadam bu siylovdan terisiga sig‘masdan Toshkentga kelsa, onam darhol uning qo‘liga bir konvert tutqazadi. Ochib o‘qib qarasa, adresimizga besh xonali uyning orderi kelibdi. Bir paytlar kimningdir maslahati bilan navbatga yozilib qo‘ygan ekan-da. Beraman desa, qo‘shqo‘llab berishini, baxt qo‘shaloq yurishini qarang. Dadamning boshi qotadi. Qishloqda uch xonali uy, Toshkentday shahri azimda besh xonali uy, qay birini tanlasa ekan-a? Ammo raisga qaytaman, deb lafz qildi, bergan yuk mashinasi, mana, eshikda ko‘ndalang turibdi. Onamning qishloqqa qaytmaymiz deya yig‘lashiga, hay-haylashiga qaramay, hayotini so‘zga tikkan shoir dadam, bu og‘ir tanlovda bergan so‘zini, lafzini tutadi. Besh xonali uyni rad etib, ertasiga ko‘chlarimizni rais bergan mashinaga ortib, qishloqqa qarab yo‘lga tushdik.
Shu-shu, biz, farzandlar qishloqda, dadamiz shaharda, to u kishining vafotiga qadar bir-birimizdan uzoqda yashadik. 1993 yili Samarqand shahridan u kishiga uy berilgunga qadar dadam boyaqish yana eski hayotida – ijarada, oliygoh yotoqxonalarida yashab yurdi. Shu uy berilgandan so‘ng dadam yettinchi osmonda his qildi o‘zini, quvonchini shunday ifoda qilgandi: “Sharof Rashidov bergan Toshkentdagi uyda yashay olmasam-da, mana, Samarqandda Islom Karimov bergan uyda yashayapman”.
Men Ishtixon shahriga tagli-tugli xonadonga kelin bo‘lib tushganman. Qaynota-qaynonamni o‘z ota-onam kabi yaxshi ko‘raman, ular ham meni qizlaridan kam ko‘rishmaydi. Uy bor – urush bor, deyishadi-ku, bir kuni katta qizim qo‘limda, erim bilan oramizda gap qochib qoldi. Arazlashib yurdik-yurdik, so‘ngra bor-yey dedim-da, Samarqandga – dadamning yonlariga ketib qoldim. Chunki onamni bilaman, kelgan zahoti orqamga qaytaradi. Dadamning osh-ovqatini qildim, uyini yig‘ishtirdim, u kishi oq rangda kiyinishni yoqtirardi, oq tez kir bo‘lmaydimi, kiyimlarini to‘pladim, yuvib dazmol bosdim, shu tariqa uch kun ham indamay o‘tib ketibdi. To‘rtinchi kuni dadam meni yonlariga chaqirdi-da, shunday dedi: “Qizim, siz aytmasangiz ham, men hammasini tushundim, kuyov bilan gap talashganga o‘xshaysizlar. Turmushning mushti ham bo‘ladi, albatta. Oilada bir kishi baxtli bo‘lsa, bu baxt hammaga yetadi, bir kishi baxtsiz bo‘lsa-chi, u ham barchaga yetadi. Men sizni hamisha sabrli va baxtli ko‘rishni istayman...”.
Shu kuni qizimni olib, go‘yo hech narsa bo‘lmaganday, yana uyimga qaytib kelganman.
Dadam vafot etishiga yaqin, negadir qishloqqa tez-tez keladigan bo‘lib qolgandi. Onamning aytishicha, bir kuni juda kayfiyatsiz ko‘ringan, kun bo‘yi qog‘ozlarga ko‘milib o‘tirgan odam, kechga borib, quchoq-quchoq qo‘lyozmalarini hovliga chiqarib yoqib yuborgan. Onam qo‘lidagi ishini uloqtirgancha yugurib kelib qog‘ozlarni olovdan olmoqchi bo‘lsa, negadir bunga dadam izn bermagan. Qo‘yaver, yonsin, degan chuqur iztirob bilan. So‘nggi bir oy ichida onamdan “Meni kechir, seni ayay olmadim, ko‘p urintirdim...” deya qayta-qayta uzrini so‘ragan.
Dadamning kasalini Toshkentda ham, Samarqandda ham aniqlay olishmadi. Bilganimiz – uning ishtahasi cho‘rt kesildi, so‘ngi bir oy ichida, ko‘ksini ko‘rsatib bizdan nuqul suv so‘radi. Hayotga umidi bor bo‘lgan inson qiyin-qattiq kunlarni pisand qilmasdan mardona yashayveradi, umidi kesilganlar cho‘kib-xastalanib qoladi, deb eshitganman. Ammo dadamni to‘satdan nima yiqitganini izlab topolmayman: umidsizlikmi, uyqusizlikmi, qismatdan kelgan da’vatmi... Dadam, odatda ko‘p uxlamasdi, yarim kechalari tashqarida bedor kezar, ko‘kdagi yulduzlarga termular, so‘ng uyga kirib tonggi soatlargacha o‘tirib ishlardi. Bir gal, ertalabki nonushtada Muhammad Shayboniyxonning g‘azaliga yozgan muxammasini o‘qidi. Agar hisoblab ko‘rilsa, Samarqandga eng ko‘p she’r bag‘ishlagan shoir ham mening dadam bo‘lsa kerak. Samarqandga bag‘ishlangan she’rlari “Afsona shahrim” nomi bilan kitob bo‘lib chiqqan.
Ne qilay , tutsa har zum xumori Samarqandning,
Dil bog‘im xazon aylab bahori Samarqandning,
Jonimdan o‘tib ketdi ozori Samarqandning,
Ketmadi ko‘ngildan hech diydori Samarqandning,
Ko‘zimdin uchar har dam gulzori Samarqandning.
Dunyo ichra o‘zi bir bebaho, ajib dunyo,
Jannat bir go‘zal bo‘lsa, yuzida xoli go‘yo,
Ko‘yida ko‘zim yoshi oqdi-ku bo‘lib daryo,
Har nechaki shahr o‘lsa, dunyoda latif, ammo
Barchadin erur yaxshi me’mori Samarqandning.
Keyingi yillarda u mumtoz adabiyotimizning zabardast vakillari yozgan ko‘plab g‘azallarga muxammaslar bog‘lashga kirishgandi. 2008 yilda “Qirq muxammas” nomli kitobi ham nashrdan chiqqan.
U o‘zining qutlug‘ yetmish yoshini o‘zi o‘qigan maktabda, tuman she’r ixlosmandlari qurshovida nishonlashni qanchalar orzu qilgandi, negadir bu tilagi amalga oshmadi. Uning yana bir so‘nggi tilagi “Saodat” jurnalining 2017 yil may-iyun sonlaridagi maqolasini o‘qish bo‘ldi, gazeta do‘konida ishlaganim uchun buni mendan iltimos qilgandi. Hali topganimcha yo‘q edi, favqulodda dadamiz vafot etdi. Onasini sog‘inib, xotirlab yozgan o‘z maqolasini o‘qiy olmadi, esiz... Ba’zida ana shu armon yuki ostida qolaman, koshki yana bir yilgina yashasaydi, dadam bechora... Koshki ijod ahliga berilayotgan bu qadar ishonchni, e’zozni bilsaydi, ko‘rsaydi, quvonsaydi... Bilasizmi, mening dadam yomonlikdanmas, yaxshilikdan, shodlikdan yig‘lardi. So‘zga, adabiyotga berilayotgan e’tibor-u qadr-qimmatlarni ko‘rgan dadam, bugun, albatta yig‘lagan bo‘lardi...
Nigoraxonni tinglab o‘tirib shoir og‘amizni tasavvur qildim. Davralarda, yig‘inlarda ora-sira ko‘rishib qolganda ham qandaydir ma’sum ovozda, siniq tabassumda omonlashardi: “Muhabbatxon qizim, yaxshimisiz!”, derdi iltifot bilan. Boshqalar kabi charaqlab kulmasdi, yuksak ovozda so‘zlamasdi, ko‘zingizga ham muloyim og‘ardi ko‘zlari. Muloyimlik, g‘amginlik va buyuk bir soddalik yashardi, shoirning o‘zida va ko‘zida.
Kabutarning ko‘zlarida soflik yashaydi,
Go‘zallarning ko‘zlarida shodlik yashaydi,
Shoirlarning ko‘zlarida shodlik aralash
Birov bilib-birov bilmas og‘riq yashaydi.
20 fevral shoirning tavallud kuni. Bahorni sevib olqishlagan shoirning tavallud sanasi ham bahorga nafasdek yaqin. Uning o‘zi ham bahorning xushbo‘y shamollari hovlilarga kirganidek ohanglarga, yuraklarga kirardi, lolalar ekardi va o‘z qalbi bilan totli-totli suhbatlashardi, har mavsumda.
Har kun ko‘raverib yo‘lida qorni,
Ayting, sog‘inmagan bormi bahorni?
Ayting, sog‘inmagan bormi bahorni,
Gulnafas, xushnafas o‘shal ohorni.
Qo‘llariga olib toru dutorni,
Kim ham sog‘inmadi fasli dildorni?
Qo‘llariga olib toru dutorni,
Kim ham kuylagisi kelmas bahorni?
Kim ham kuylagisi kelmas bahorni,
Har kun ko‘raverib yo‘lida qorni?
Bahor – ezgulik qasami ko‘targan mangu hayot. Hammaga - siz-u menga faqat ezgulik tilagan oqtovlik shoirning so‘zi esa bahor kabi mangu yangrab qoladi.
...Mayli, kim qanaqa – o‘ziga,
Hayot – haq, olar o‘z keragin.
Ezgulik tilab yer yuziga
She’r yozib yuraylik, Yuragim...
Muhabbat To‘xtasheva,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.